1

OAV: Suriyaga amalga oshirilgan zarbalardan so`nggi voqealar rivoji yanada keskin

Dunyo 15.04.2018, 12:15
OAV: Suriyaga amalga oshirilgan zarbalardan so`nggi voqealar rivoji yanada keskin

Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig`inida BMT Bosh kotibi ham ishtirok etmoqda

AQSh, Fransiya va Buyuk Britaniya shanba kuni ertalab Suriya hududiga hammasi bo`lib, 105 ta raketa yo`naltirdi. Bu haqda Pentagonda o`tkazilgan maxsus brifing davomida AQSh Havo kuchlari boshliqlari shtabi vakili general Kennet Makkenzi ma`lum qilgan. TASSning xabar berishicha, zarbalar aniq ko`rsatilgan 3 ta nuqtaga yo`naltirilgan. “Biz ko`zlagan manzilimizga hech qanday qarshiliksiz ziyon etkazdik”, degan Makkenzi. Uning ta`kidlashicha, “Suriya havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarining javobi hech qanday samaraga erishmadi, undan ko`proq oddiy xalq uchun xavf yuzaga keldi”. Hozirda zarbalardan ko`rilgan ziyon ko`lami hisoblab chiqilmoqda.

Pentagon vakilining so`zlariga qaraganda, Damashq yaqinida tadqiqot markaziga qarata 76 ta raketa, jumladan 56 ta Tomahawk raketasi uchirilgan, ikkinchi manzil-Xoms viloyatiga 22 ta, uchinchi ob`ektga 7 ta raketa yo`naltirildi.

Rossiya Federasiyasi Mudofaa vazirligi esa 103 ta raketa uchirilgani haqida ma`lum qilgandi.

Reuters, xabarida qayd etilishicha, Rossiya etakchisi Vladimir Putinning so`roviga binoan ayni damda BMT Xavfsizlik Kengashining favqulodda yig`ini bo`lib o`tmoqda.

Qator davlat rahbarlari Qo`shma Shtatlar, Buyuk Britaniya va Fransiyaning Suriyaga bergan zarbalariga turlicha munosabat bildirishyapti. Jumladan, Turkiya Prezidenti Rejep Toyip Erdo`g`an raketa hujumlarini to`g`ri deb hisoblamoqda.
Suriya prezidenti Bashar Asad raketa zarbalaridan so`ng bayonot bilan chiqib, bu hujum Suriya xalqining terrorizm bilan kurashdagi birdamligini faqatgina kuchaytiradi, degan fikrni bildirdi.

Eslatib o`tamiz,Suriya harbiy va fuqarolik infratuzilmalariga qaratilgan davomiy raketa hujumlari mahalliy vaqt bilan 3:42 dan 5:10 gacha amalga oshirilgan. AQSh, Buyuk Britaniya va Fransiya havo kuchlari tomonidan yo`llangan zarbalar samolyotlar va kemalardan yo`naltirilgan. Avvalroq, Vashington, London va Parij, hujum Suriyaning Duma shahrida kimyoviy qurol qo`llanilganiga qarshi javob bo`ldi, deb bayonot bergandi.

Dumada 7 aprel kuni sodir bo`lgan voqeadan so`ng Rossiyaning nizolashayotgan tomonlarni murosaga keltirish markazi vakillari 9 aprel kuni voqea joyida bo`lib, tekshiruv o`tkazgan va kimyoviy qurol qo`llanilganiga dalil topmaganini ma`lum qilgandi.

Shanba kuni ushbu hududda Kimyoviy qurollarni ta`qiqlash tashkiloti ekspertlari ish boshladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1