Keyingi paytlarda stress, tushkunlikka tushish kabi so`zlar tez-tez qo`llaniladigan bo`lib qoldi. Bu holat ba`zida oilaviy ajrimlar, ba`zan o`z joniga qasd qilishga urinishdek xunuk oqibatlarni keltirib chiqarayotgani odamni tashvishga soladi. Stress nima? Uning yuzaga kelishiga qanday omillar sabab bo`ladi, kabi savollarga javob olish maqsadida "Oila va jamiyat" gazetasining muxbiri Nigora Rahmonova 2-shahar ruhiy-asab kasalliklari dispanseri psixologi Nozima Nosirova bilan suhbatlashdi.
– “Stress” inglizcha so`z bo`lib tanglik, zo`riqish, bosim degan ma`nolarni anglatadi. Oddiy tilda tushkunlikka tushish, deyiladi. Bu ba`zida oz fursat, ba`zida uzoq vaqt kechishi mumkin. Ikkala holatda ham insonga zarar etkazadi. Ya`ni, aqliy faoliyatning susayishi, yurak urishi tezlashishi, qon tomirlari kengayishi, ichki kasalliklar – oshqozonda yallig`lanishlar kelib chiqishiga sabab bo`ladi. Stressning salbiy tomonlaridan yana biri miyani tormozlab, ma`nosiz fikrlaydigan darajaga tushirib qo`yishi mumkin. Agar odam tez-tez tushkunlikni boshidan kechirsa, atrofdagilar bilan gaplasha olmaydigan holatga tushadi. Stress natijasida inson o`ziga past baho bera boshlaydi. Oqibatda o`zini yolg`izdek, yaqinlariga keraksizdek his qiladi. Sekin-asta ruhiy tetiklik yo`qola boshlaydi.
– Stressning ilk belgilari qanday namoyon bo`ladi?
– Uning fiziologik va psixologik turlari mavjud. Bir narsadan qattiq qo`rqib ketish, kutilmaganda avtohalokat yoki tabiiy ofatga uchrash, tanasidagi birorta kasallik oqibatini bilib qolish, to`satdan yaqin kishisini yo`qotish fiziologik stressni keltirib chiqaradi. Psixologik stress – insonning emosional holati bilan bog`liq. Bu ko`proq qaynona-kelin, er-xotin yoki ona va bola o`rtasidagi mojarolar tufayli kelib chiqadi. Uzoq vaqt birga bo`lgan sevgilisidan ajralish yoki to`satdan ishdan bo`shatilish holatlari ham psixologik stressni keltirib chiqaradi. Har ikki holat insonni ham tashqi qiyofasiga, ham ichki dunyosiga ta`sir ko`rsatadi va albatta, asoratlari bo`ladi.
– Ba`zi odamlarda fiziologik yoki psixologik stress holati kuzatilmasa-da, hayotdan zerikish, o`zidan qoniqmaslik, yashashga bo`lgan istak kamayib ketadi. Bu holatni qanday baholaysiz?
– Bu holat inson yoshlikda yoki hayoti davomida yaqin odamidan ko`ngli to`lmay yashashi natijasida yig`ilib qolgan tanglik oqibatida paydo bo`ladi. Ijtimoiy hayotda o`z o`rnini topolmaslik, atrofdagilar tomonidan tan olinmaslik natijasida yig`ilib qolgan asoratlar ham sabab bo`lishi mumkin. Bu omillar bir kun kelib ta`sirini ko`rsatadi. O`zini kamsitilgandek his qilish, hayotning qizig`i yo`qdek tuyulishi natijasida yolg`izlanib qoladi va joniga qasd qilish haqida o`ylay boshlaydi. Joniga qasd qilish irodasizlikdan kelib chiqadi. Hammasiga nuqta qo`ysam, qutulaman, deb o`ylaydi. Odamning xayoliga bu fikr kelishi bilan o`z ustida ishlashi kerak. Kamchilik va xatolarga yo`l qo`yish, uni tuzatish insonga xos. Ammo hayotni to`xtatishga diniy tarafdan ham, ruhiy tarafdan hech kim haqli emas.
– Tan olish kerak, ba`zi erkaklar ayolining nuqsonlari va xatolarini farzandlari yoki atrofdagilar yonida oshkora aytib kamsitishadi, jerkiydi. Bu holat ayolni stressga tushirishi mumkinmi?
– Albatta, ayolning stressga tushishiga atrofdagilar ham sababchi. Ma`lum ma`noda, uning xarakteri ham rol o`ynaydi. Hayotda optimist va pessimist insonlar bor. Masalan, optimist ayollar eri tomonidan kamsitilganda unchalik ahamiyat bermaydi, bundan fojea yasab, tushkunlikka tushmaydi. Pessimistlar esa ro`zg`oridagi etishmovchiliklarga hatto kartoshkaning tugab qolganiga ham fojea deb qaraydi. Turmush o`rtog`i tomonidan kamsitilishi ularga judayam qattiq ta`sir qiladi. Hattoki, tushkunlik holatlarini keltirib chiqaradi. Inson kamchiliklarsiz yasholmaydi. Kamchiliklarni tuzatsak – yangisi paydo bo`ladi. Hayot xatolarni tuzatishdan iborat. Ayol kishi o`zining kamchiliklarini tan olishi kerak. Tashqi ko`rinishi, ichki dunyosi yoki qilayotgan ishlari tarafidan kamsitildimi, albatta, buni inobatga olishi shart. Eriga: “To`g`ri aytdingiz, shunga e`tibor bermaganimni qarang-a, bahonada shu kamchiligimni to`g`rilab oldim, rahmat sizga”, desa olam guliston. Shunda er-xotin o`rtasidagi munosabat yanada iliqlashadi.
– Ba`zi bir ayollar uydagi arzimagan janjal tufayli ham o`z jonimga qasd qilaman, deb atrofdagilarni xavotirga soladi. Bu usul bilan ayol nimaga erishishi va nimalarni boy berishi mumkin?
– Insonlarda shunaqa xarakter xususiyati bor. Psixologik til bilan aytganda “aksentuasiya” ya`ni, xarakterdagi normadan og`ish. Bunday xususiyatli insonlar o`zini ko`rsatishga, janjal yoki baqir-chaqir holatiga tushishga moyil bo`lishadi. Yaqinlarimni qo`rqitib olsam, shundagina o`zim xohlagandek yashayman, degan fikrda yuqoridagidek yo`l tutishadi. Ularning yaqinlari bu usul bilan hech narsaga erisha olmasligini tushuntirishi kerak. Ayollar chiroyi, iffati, samimiyati, yolg`on gapirmasligi bilan turmush o`rtog`ining hurmatiga ega bo`ladi. Dori ichib, o`zimni mashina tagiga tashlayman yoki tomirimni kesaman, o`t qo`yaman, osaman degan tahdidlar bilan o`zini ko`rsatib hech narsaga erisholmaydi. Bu xarakter ayolga faqatgina ziyon etkazadi. Ya`ni, u atrofdagilar oldida hurmatini yo`qotadi. Farzandlarini ruhiyatiga katta salbiy ta`sir ko`rsatadi. Turmush o`rtog`ining ko`nglini sovutib, o`zidan uzoqlashtiradi.
– Ba`zi bir qaynonalar o`g`li hamda kelinini izmida olib yurish maqsadida “hushidan ketish” sahnasini ko`rsatishadi. Bu holatga psixologlar qanday baho beradi?
– Yuqorida aytilganidek, bu ham aksentuasiya holatiga kiradi. Ayrim ayollar yoshlikda kam e`tiborda bo`lganligi sabab keksayganlarida o`sha bo`shliqni to`ldirib, e`tibor qozonmoqchi bo`lishadi. Pand-nasihat yo`li bilan erisholmagach, teatr qo`yishga o`tishadi. Ularni shifoxonaga yotqizish mumkin emas. Urishib, xafa qilib ham bo`lmaydi. Ba`zida bu holat ularning “foydasiga” o`zining ijobiy natijasini berishi mumkin. Ammo tez-tez takrorlanaversa “soxta sahna” fosh bo`lib qoladi. Unda onaning obro`yi tushib, haqiqatan kasal bo`lib qolsa ham hech kim e`tibor bermay qo`yishi mumkin. Bu paytda qaynonalar kim bilandir dardlashgisi, keliniga nimalarnidir o`rgatgisi, uqtirgisi keladi. Kelin qaynonaning nasihatlariga muhtoj bo`lmasa ham uni uydagi katta inson, tajribali ayol sifatida tan olishi kerak. Ana shunda bunaqa holatlarni kamroq ko`rishimiz mumkin. Ularga ko`proq e`tibor qaratish bilan birga kelin, o`g`il, nevaralar “Biz sizni judayam yaxshi ko`ramiz, uyimizni quyoshisiz”, degan jumlalar bilan ko`ngillarini ko`tarishi kerak.
– Tushkunlikdagi ayolni bu holdan chiqarish uchun nimalarga e`tibor berish kerak?
– Stress oqibatida depressiyaga tushgan ayollarga ayrim insonlar mehr bilan qaraydi. Qo`llab-quvvatlagisi, yordam bergisi keladi. Lekin bunaqa insonlar hayotda juda kam uchraydi. Doimiy tushkunlikda yuradigan odamlar yaqinlarini ham charchatib qo`yadi. Sababi ular judayam mayda gap, kayfiyatsiz, biron bir ishni oxirigacha bajara olmaydigan, hovliqadigan, o`zidan va atrofdagilardan noliydigan xususiyatga ega bo`lishadi. Bu esa yaqinlari va atrofidagilarni g`ashiga tegadi. Nima bo`lgan taqdirda ham ularni qo`llab-quvvatlash, yordam berish kerak. Har bir inson o`z muammosini o`zi echadi. Psixologlar ularga yo`l ko`rsatishadi xolos.
Davlatimiz rahbarining “Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi farmonida “Oila” markazining Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari huzurida tibbiyot kasb-hunar kollejlari negizida yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, oiladagi nizoli holatlarni hal qilishning huquqiy va psixologik asoslarini o`rgatish, ajrashishlarning oldini olish, shuningdek, oiladagi ma`naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashga oid boshqa masalalar bo`yicha kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo`yicha maxsus o`quv kurslari tashkil etilishi haqida vazifalar ham belgilangan. Shundan kelib chiqib, kasb-hunar kollejlari, mahalla hamda xotin-qizlar faoliyat yuritadigan tashkilotlarda amaliy seminarlar o`tkazishni yo`lga qo`ydik. Kimnidir sog`lom hayotga qaytarsak, baxtli ekanini ko`rsak, albatta, xursand bo`lamiz.