Xalqimiz masjidlarni "Ollohning uyi" deb biladi va bu muqaddas dargohga doim yaxshi niyatlar bilan qadam qo`yadi.
Bu dargohga yomon niyat, g`ayri maqsad bilan kirishni ko`pchilik tasavvuriga ham sig`dira olmaydi. Ammo, afsuski, oramizda ana shunday kimsalar ham yo`q emas.
Farg`onalik fuqaro Nodir Ergashev (ism-shariflar o`zgartirilgan) 2018 yil 24 yanvar kuni Toshkent shahar Yunusobod tumanida joylashgan Minor jome` masjidiga o`g`rilik qilish maqsadida borgandi. Tahoratxonaga bosh suqqan bu kimsa peshin namoziga kelgan fuqarolarning shu erda ilib qo`yilgan kiyim-kechaklari tomon yuradi. Hech kim yo`qligidan foydalanib, kiyimlarning cho`ntaklarini kovlab ko`radi. Bitta kurtkaning cho`ntagidan chiqqan 400 ming so`m pulni olib, voqea joyidan yashirinadi.
Nodir, asli, avval ham bunday qilmishlari uchun bir necha bor sudlangan.
Ammo u bundan to`g`ri xulosa chiqarmadi, qing`ir yo`ldan qaytmadi.
Bundan tashqari, u 2018 yil 15 fevral kuni xuddi shu masjid tahoratxonasiga kirib, fuqaro M. Ravshanovga tegishli kurtka cho`ntagidan 650 ming so`m pulni olib, voqea joyidan yashiringan.
Har ikki jabrlanuvchi ham masjid xodimlariga murojaat qilgan va xodimlar kuzatuv kamerasi tasvirlarini sinchiklab ko`rishgan. Ularda N. Ergashevning pulni olgani muhrlanib qolgan edi.
O`zbekiston Respublikasi Oliy sud Matbuot xizmati xabariga ko`ra, jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent shahar Bektemir tumani sudida mazkur jinoyatlarga oid ish ko`rib chiqildi. Jinoyatga baho berishda sudlanuvchining qilmishidan chin ko`ngildan pushaymon ekani, oilaviy sharoiti og`irligiga e`tibor qaratildi. Biroq u bir necha bor sudlangan, avval engilroq jazo tayinlangan bo`lsa-da, bundan tegishli xulosa chiqarmagan. Qisqasi, u o`ziga berilgan imkoniyatdan foydalanmagan, biror ijtimoiy foydali mehnat bilan shug`ullanmagan. Aksincha, qasddan jinoyat sodir etish yo`liga o`tgan. Ana shular hisobga olinib, N. Ergashevga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan uzil-kesil sakkiz yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlandi. Jabrlanuvchilarga etkazilgan moddiy zarar tegishli tartibda qoplab berilishi belgilandi.






