Toshkent shahar Er resurslari va davlat kadastri boshqarmasining xabar berishicha, 16.04.2018 yildan boshlab poytaxtdagi ko`p qavatli uylarda joylashgan kvartiralar egalariga kadastr yig`majildi va huquqning davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risida guvohnoma o`rniga kvartiraning kadastr pasporti berila boshlanadi, deb yozadi Norma.
Bu Davergeodezkadastr qo`mitasining 27.03.2018 yildagi 167-son buyrug`ida nazarda tutilgan.
Alohida qayd etilishicha, avval taqdim etilgan kadastr xujjatini yangilash talab etilmaydi va u kvartiraga bo`lgan huquq bekor qilingunga qadar haqiqiy hisoblanadi.
Hujjat «suv belgisi» bilan himoyalangan maxsus blankdan iborat bo`lib, quyidagi ma`lumotlarni pasport berilgan kun holatiga aks ettiradi: kvartiraning texnik parametrlari, kadastr qiymati, kvartira tarxi, mulkdor va kvartiraga bo`lgan huquq davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risidagi ma`lumot.
Shu bilan bir qatorda, kvartiraning kadastr pasportida QR-kod mavjud bo`lib, ushbu kod orqali onlayn tarzda kadastr pasportining maqomi va haqiqiyligi, shuningdek kvartiraning Pasportda qayd etilgan texnik parametrlariga mos kelishi, kvartira haqida qo`shimcha ma`lumotlar hamda onlayn tarzda tekshirish holatiga ko`ra taqiq va cheklovlar bor yo`qligi haqida ma`lumotlarni tekshirish imkoniyati mavjud.
Yangi ko`rinishdagi hujjatlar kvartiraga bo`lgan huquq yangi egalariga o`tgan yoki avval taqdim etilgan kadastr hujjati yo`qotilgan taqdirda, kvartiraning yangi egalari arizalariga binoan taqdim etiladi.






