AsosiyJamiyat

Nahotki Samarqand davlat tibbiyot institutiga o`qishga kirish 7 ming dollar bo`lsa?

'Nahotki Samarqand davlat tibbiyot institutiga o`qishga kirish 7 ming dollar bo`lsa?'ning rasmi

Inobat Mahmudova Samarqand davlat tibbiyot institutiga o`qishga kirish uchun imtihon topshirdi. Abiturient sinovda 127,5 ball to`pladi. Afsuski, bu natija talaba bo`lish uchun etarli emasdi.

Dilbandini mamnun hamisha ko`rish, uni oliy o`quv yurtiga o`qishga kiritish istagida bo`lgan Obidjon Jalolov vaziyatdan chiqishning "yo`l"larini qidira boshladi. Unga-bunga maslahat soldi, tanishi Ahror qo`lidan har qanday ish keladigan Rafiq ismli oshnosi borligini aytib qoldi.

Birinchi uchrashuvdayoq Obidjon Rafiqning uddaburon yigit ekaniga ishonadi. Uddaburon esa Davlat test markazida tanishi borligini, u bilan maslahatlashib, javobini aytishini bildiradi. Javob ko`p kuttirmadi: “Qizingiz "super kontrakt" asosida o`qishga kirdi hisob. Faqat... Faqat 7 ming ko`ki xarajati bor”. Ular kelishishdi.

Aytilgan so`z — otilgan o`q. Oradan ko`p o`tmay Obidjon Rafiq bilan Jizzaxda uchrashdi. Unga 3 ming 500 AQSh dollarini berdi. Kelishuvga ko`ra qolganini ham kechiktirmadi.

Afsuski, “masala” o`z echimini topmadi – Inobat talaba bo`lmadi. Obidjon telefon qilishdan erinmadi, Rafiq esa uni aldashni davom ettiraverdi. Umidvor ota o`z xatosi – aldanganini tushunguncha ancha vaqt o`tib ketdi.

Shunday qilib Navoiy viloyati, Karmana tumani, “Bahor” mahalla fuqarolar yig`ini, 186-xonadonda yashovchi Obidjon Jalolov Jizzax viloyati, Jizzax shahri, “Ko`tarma” mahallasi, 4-uyda istiqomat qiluvchi Rafiq Ahadovning qilmishlari ustidan ichki ishlar idorasiga ariza yozdi.

Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati xabariga ko`ra, mazkur holat yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda, deb yozadi O`zA.

Eslatma! Materialda keltirilgan ism-familiyalar o`zgartirilgan, to`g`ri kelgan har qanday o`xshashlik tasodif sanaladi.

    Boshqa yangiliklar