Dunyo ommaviy axborot vositalari mamlakatimiz hayoti bilan bog`liq axborot va yangiliklarni berishda davom etmoqda. Jumladan, o`tgan haftada AQShdagi mashhur “The New York Times” gazetasi “O`zbekistonda bahorga ishora” (“A Hint of Spring in Uzbekistan”) sarlavhali tahririyat bosh maqolasini e`lon qildi. Bu haqda "Xalq so`zi" nashri xabar berdi.
“Sobiq ittifoq mintaqasining aksariyat qismida va jahonning boshqa hududlarida demokratiya ortga chekinayotgan bir vaqtda Prezident Shavkat Mirziyoevning sa`y-harakatlari alohida e`tibor va qo`llab-quvvatlashga loyiqdir. Yangi davlat rahbari “kutilmaganda butunlay boshqa va hozircha yaxshi yo`lni tanladi.
U bir qator siyosiy mahbuslarni, xususan, jurnalistlarni ozod etdi, 18 ming kishini xavfsizlik xizmatining “qora ro`yxati”dan o`chirtirdi, paxta maydonlarida majburiy mehnatdan foydalanishni chekladi, OAV ustidan o`rnatilgan nazoratni bir oz yumshatdi, O`zbekistonning qo`shnilari bilan do`stona munosabatlar o`rnatish ustida ishlamoqda.
Freedom House” tashkiloti o`zining yangi “Tranzitdagi xalqlar” hisobotida, boshqa tashkilotlar qatori hali oldinda qilinadigan ishlar ko`pligini qayd etgani holda, “O`zbekistonning o`z o`tmishidan sezilarli ilgarilab ketgani” va unda “bahorning ilk, kamtarona g`unchalari” ko`z ochayotganiga e`tibor qaratgan. Bundan tashqari, “butun jahon bo`ylab qonun ustuvorligi va mustaqil tuzilmalarga hurmatsizlik avj olayotgan bir vaqtda janob Mirziyoevning ushbu tendensiyani o`zgartirish yo`lidagi kamtarona sa`y-harakatlari ham ahamiyatlidir.
Janob Mirziyoev o`zgarishlarni boshlab berdi va endi AQSh hamda Evropa ittifoqi O`zbekiston bilan bog`liq har qanday munosabatlarni, u xoh investisiya, xoh taraqqiyot dasturlari bo`lsin, mamlakatda inson huquqlari ahvolining yanada yaxshilanishi bilan bog`lashi nihoyatda muhimdir”, - deb yozadi “The New York Times”.






