O`zbek xalqining urf-odatlari asrlar bo`yi o`zbeklar millatining tashkil etishida ishtirok etgan barcha qabilalar va elatlarning madaniy malakalari va an`analarining uyg`unlashuvidagi murakkab jarayonlar oqibatida tarkib topgan. Ular o`ta o`ziga xos, yorqin va turli-tuman bo`lib, urug`chilik patriarxal munosabatlaridan kelib chiqadi. Urf-odatlarning ko`pchiligi oilaviy hayotga oid bo`lib, bolaning tug`ilishi va tarbiyasi (beshik to`yi, xatna qilish), nikoh (fotiha to`yi, to`y) bilan bog`liq bo`ladi. Ko`pincha ular islom urf-odatlarining sehrgarlik amaliyoti bilan bog`liq bo`lgan undan ham qadimiyroq shakllarga uzviy kirib ketishini namoyon etadi.
Bugungi kunda to`ylarni qisqartirish borasida keng ko`lamda tizimli islohotlar olib borilmoqda. Bo`lardan “Beshik to`yi” – beshik to`yi chaqaloqni birinchi marta beshikka solish bilan bog`liq bo`lgan, yurtimizda keng tarqalgan to`y marosimlaridan biridir. Odatda bu to`y chaqaloq tug`ilishining 7, 9, 11- kunlari o`tkaziladi.
Beshik va chaqaloq uchun barcha zarur anjomlar chaqaloq onasining qarindoshlari tomonidan beriladi. Dasturxonga non, shirinliklar va o`yinchoqlar o`rab tortiladi. Kuyovning ota-onasiga, uning bobo-buvilariga sovg`alar tayyorlanadi. Qimmatbaho taqinchoqlar bilan bezatilgan beshik, dasturxonlar va sovg`alar transport vositasiga qo`yilib, mehmonlar bilan birgalikda, karnay-surnay va nog`ora sadolari ostida chaqaloqning ota-onasi uyiga jo`natiladi. An`anaga ko`ra, olib kelingan beshikni avval chaqaloqning bobosi o`ng elkasiga qo`yadi, keyin o`g`lining o`ng elkasiga uzatadi, u esa beshikni chaqaloqning onasiga beradi.
O`tmishda mehmonlarning barcha niyatlari toza va yaxshi bo`lishi uchun ular yuziga oq un surar edilar. Mehmonlar mehmonxonaga yasatilgan dasturxonga taklif etiladi va mehmonlar ovqatlanib, sozandalarni tinglab, bazm qilib o`tirgan paytda qo`shni xonada kampirlarning ishtirokida bolani yo`rgaklash va beshikka solish marosimi o`tkaziladi. Marosim oxirida mehmonlar bolani ko`rish uchun oldiga kiradilar, unga sovg`alarni beradi va beshikning ustiga parvarda yoki qand sepadilar. Shu bilan marosim tugab, mehmonlar uy-uylariga qaytadilar.
Ko`rinishda bayram sifatida nishonlanadigan mazkur odatning bir qancha salbiy jihatlari bor. Beshik to`yida hamma mehmon kutish tadbirlari bilan ovora bo`lib yangi tuqqan ona bir chetta qolib ketadi. To`y marosimi bilan bog`liq xarajatlarning asosiy qismi kelinning ota-onasiga zimmasiga tushadi: qovurdoq, sarpo, kuyov to`raning onasiga tilla buyum sovg`a qilish kabi bid`at-xurofotlarning ham moddiy, ham ma`naviy mashaqqati.
Turli viloyatlarda marosim o`zicha xususiyatlarga ega bo`ladi va oilaning moddiy jihatdan baquvvatligi darajasiga bog`liq bo`ladi: o`ziga to`q oilalar odatda bu to`yni katta ko`lamda o`tkazadi, bu esa ehtiyojmand oilalarda ham havas uyg`otib, ularning kelajakdagi qiyinchiliklariga sabab bo`ladi.
Chaqaloqni beshikka belash uchun alohida to`y qilish diniy va milliy qadriyatlarimizga ziddir.
To`y asosan nikoh marosimi uchun belgilangan va bunda ham isrofdan qaytarilgan. Nikoh to`yi bir qo`y so`yish hisobiga o`tkazish tavsiya qilingan.
Abdurahmon ibn Avf Rasululloh sallolohu alayhi vasallamdan to`yni qanday qilish haqida so`raganlarida, Rasululloh sallolohu alayhi vasallam: "Bitta qo`y so`ygin", deganlar. Men bir necha qo`y so`yishga qodirman, deb qayta-qayta so`raganlarida, "Ey molinga Xudo baraka bergur, bitta qo`y so`ygin" deganlar. Ya`ni, molu dunyoying ko`p bo`lsa ham isrof etmasdan harajat qil demoqdalar.
Asosiy to`y bo`lmish nikohga bor-yo`g`i bir qo`y so`yish tavsiya qilingan ekan, beshik va boshqa nomdagi to`ylardagi ortiqcha xarajatlar ayni isrofdir.
Alloh taolo isrofni butun insoniyatga xarom qildi. Isrofning kasofatini Qur`oni karimda bayon qilib berdi, Alloh taolo marhamat qiladi:"
“Englar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas", deb aytgan (A`rof, 31). Demak eyish-ichish isrof emas, balki ortiqchasi isrofdir.
Alloh taolo Isro surasida marhamat etadi:
"Qo`lingni bo`yninga bog`lab olma, shuningdek qo`lingni ochib ham yuborma, shuni o`rtasida bo`l" (isro-29).
"Agar ehson qilsalar isrof etmaydilar, mumsiklik ham qilmaydilar, va shuning orasida bo`ladilar" (Furqon surasi, 67).
Qur`oni karimda: "Qarindoshning haqqini ado et, miskin-bechoralar, yo`lovchi-musofirlarga ham (muruvvat ko`rsat). Lekin sira isrof etma, zero, isrof qiluvchilar Shaytonning "birodarlari"dir! - deyiladi. ("Isro" surasi, 26-oyat).
Rasululloh sallolohu alayhi vasallam : «Boylikda xam, faqirlikda xam, ibodatda xam o`rtahol bo`lish qanday yaxshidir» deyilgan (Abu Bakr Bazzor rivoyati). Rasululloh sallolohu alayhi vasallam : «Qarindoshga, miskin va yo`lovchiga (xayr-exson kilish bilan) xaqlarini ado eting va isrofgarchilikka mutlaqo yo`l quymang! Chunki, isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa Parvardigoriga o`ta noshukr edi» - deyiladi. (Isro surasi, 26-27-oyatlar).
Abdulloh ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Seni ikki xislat – fahrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni eb, xohlaganingni ichaver», deganlar» (Imom Buxoriy rivoyati).
Beshik to`yi va boshqa shunga o`xshash marosimlarni qisqartirish isrofdan saqlanishning ayni o`zidir. Isrof ham moddiy, ham ma`naviy haloqat eshigidir. Dabdabozlik va isrofgarchilik millatni tubanlikka etaklovchi oxiri faqat hasrat va nadomatdan iborat chohdir. Isrof bo`lmasa fayz-baraka sobit bo`ladi. Chunki hadisi sharifda: “Tejamkor kishi muhtojlik ko`rmaydi” deyilgan.
Mehriniso SAIDJALOLOVA
“Xadichai Kubro” ayol-qizlar o`rta maxsus islom bilim yurti
Axborot-resurs markazi mudirasi