1

Advokat fosh etgan qotillik

Jinoyat 19.04.2018, 11:28
Advokat fosh etgan qotillik

“ODAMLAR, yordam beringlar, xotinim jon berayapti”, — degan faryod butun qishloqni tutib ketdi. Bu ovoz To`ychiboynikidan chiqayotgan edi. Qo`ni-qo`shni bir bo`lib, ovoz kelayotgan uyga qarab yugurishdi. Ular g`alati manzara ustidan chiqib qolishdi. To`ychiboy “Xotin, tur, ko`zlaringni och, meni qo`rqitma”, deb yig`lagan ko`yi ayolining boshidan, elkasidan tutib qattiq silkilardi. Qo`shni ayollardan biri juvonning qo`l tomirini ushlab ko`rib, bosh chayqadi:

— Bandalikda uka. Axir xotiningiz juda xushyor ayol ediku, qanday qilib supadan yiqilishi mumkin? Yana og`zidan aroq hidi ham kelayapti, ichmaganmidi?

— Hammasiga o`zim aybdorman, aroq ichmoqchi bo`ldim, shu zormandani yolg`iz ichgim kelmay, Zubaydaga ham ozgina quyib bergandim. Biroz vaqt o`tib, boshim aylanayapti, deb tashqariga chiqdi-yu, so`ng shu ahvol. Supadan yiqilib ketibdi. Odam ham shunday oson o`laveradimi a? Sensiz endi qanday yashayman, Zubaydaginam, — yig`lashda davom etardi To`ychiboy.

U ko`ksiga musht urib yig`lay boshladi. Xaloyiq orasida shivir-shivirlar boshlandi: “Bir kun janjal bo`lgan uydan qirq kun baraka qochadi, deyishgani rost. Eru xotinning hech “suvi” tinmasdi. Zubayda sho`rlik ko`p kaltak erdi”, deyishardi qo`shni ayollar. Ulardan yana biri “Baribir ko`z ochib ko`rganida, kuyib yig`lashini qarang”, deb To`ychiboyga ham kuyunardi.

Zubaydaning qarindoshlari etib kelgunicha, buni ham qo`ying, “tez yordam” etib kelgunicha ma­yitni yuvib, kafanlashga ham ulgurishdi. Vrach esa To`ychiboyning gaplarini ishonchsizgina takrorlardi, xolos.

Marhumaning onasini shubha-gumon kemirdi. Onaizor “Kun ko`rmay ketgan bolam-a, kuyovjon, mana, niyatingizga ham etdingiz, yomon deb kun bermasdingiz, yomon xotindan ham qutuldingiz”, dedi o`ksib-o`ksib yig`lab.

Kuyov bo`lsa “Unday demang, onajon, urishib-arazlashsak-da, ko`z ochib ko`rganim-ku, yurak-bag`rim o`rtanib ketayapti, axir”, deb nola qilardi.

Baribir onaning ko`nglini shubha tark etmadi. Dafn marosimi yashin tezligida o`tkazilgani battar shubhalarini oshirardi.

— Kimga murojaat qilsak ekan, o`yladi ona.

— Ammajon, qo`shni tumanda yaxshi advokat bor. Uning qo`lidan haqiqat hech qachon qochib qutulolmagan. Ushlagan joyini qo`yvormaydi. O`ziyam haqgo`y. Adolat uchun yonib kuyadigan odam. Undan yordam so`rasak-chi? — dedi bir kun ayolning jiyani.

— Ie, advokat deganing jinoyatda gumon qilinganlarnigina himoya qilmaydimi, u qanday qilib jinoyatni ochishi mumkin?

— Yo`q, ammajon, advokatning vazifasi qonunga tayangan holda haqiqatni qaror toptirishdan ­iborat.

Ular ming istihola bilan advokat Temirpo`lat Mirnazarovdan yordam so`rashdi. Qonun himoyachisi ularni diqqat bilan tingladi. Suhbat chog`ida hech bir detal advokatning e`tiboridan chetda qolmadi. U tezda ishga kirishdi.

Advokatning diqqatini, avvalo, murda tezlik bilan dafn etilgani ajablantirdi. Biroz o`ylagach, u mayitni yuvgan shaxsni qidirib topishga qaror qildi. Ikki o`rtada suhbat oson kechmadi. Biroq murdani yuvgan ayol oxir-oqibat “yorildi”.

— Shu vaqtgacha yolg`on gapirmagandim, — chuqur “oh” tortdi ayol, — kecha marhuma tushimga kirgandi, bu sizning kelishingizdan darak bo`lsa kerak-da.

— Murdaning tanasida qanday­dir jarohat izlari bormidi?

— Bechoraning yuzi ko`karib ketgan. Qornida, tizza qismida jarohatlari bor edi. Keyin... — ayol biroz muddat jim turdi-da, so`ng ishonch bilan davom etdi — orqa miyasida ham qattiq zarb eganligini isbotlovchi jarohat bor edi.

Advokat ayolning barcha gaplarini qog`ozga tushirib, unga qo`l qo`ydirib oldi. Qiziq, erning aytishicha, ayol supadan yuztuban yiqilgan. Bunday holatda uning yuz va oyoq qismlarida jarohat izlari bo`lishiga shubhalanmasa ham bo`ladi. Ammo orqa miyadagi jarohat-chi? Qasddan etkazilgan tan jarohati emasmikin bu?

Advokat o`ylaganlarini asosli bayon qilib, ushbu hodisa ustidan jinoiy ish ochilishiga muvaffaq bo`ldi. Tergov harakatlari boshlandi. Qabr ochi­lib jasad (eks­gumasiya) tibbiy ekspertizadan o`tkazilganda ham­­masi oydinlashdi...

Voqea quyidagicha bo`lgan edi.

To`ychiboy xotinidan anchadan beri qutilish payida yurar edi. Bir kuni uyiga aroq ko`tarib kelib, ayolni aldab-suldab birga ichishga ko`ndiradi.

Zubaydani erining muloyim bo`lib qolganligi shubhalantirsa-da, shirin so`zlariga erib qoladi. So`ng birgalikda ichishadi. Ayolining mast bo`lib qolganidan foydalangan To`ychiboy uning sochlarini silagan kishi bo`lib, boshidan mahkam tutib olib devorga zarb bilan uradi. Shirin so`zlarga uchgan juvon “oh” deyishga ham ulgurmay hushidan ketadi. Vaxshiy er esa uning vujudiga ayovsiz zarba beraveradi. Oxiri xotinining o`lganiga ishonch hosil qilgach, uni supaga ko`tarib chiqib, pastga tashlab yuboradi.

Asosli dalillar keltirilgan, gumonlanuvchining hech bir imkoni qolmagan edi. U bor aybini tan oldi.

Shu tariqa izquvarlik yo`lini tutgan advokat jinoiy ishni to`liq fosh etdi. Kuyunchak va o`z ishiga puxta bo`lgan qonun himoyachisining mahorati tufayli adolat qaror topdi.


Toshpo`lat MUZAFFAROV,

Kitob tumani "Kafolat" advokatlik byurosi boshqaruvchisi

"Inson va qonun" gazetasidan olindi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1