ChEChA

Mutolaa 21.04.2018, 10:30
ChEChA

Dunyoda mutlaqo noto`g`ri hech narsa yo`q. Hatto buzuq soat ham kuniga ikki mahal vaqtni to`g`ri ko`rsatadi.

Paolo Koelo

Tush ko`rdim. Kimdir qo`limdan etaklab xaroba uy ostonasiga olib keldi. Yonimdagi kishining ovozini eshitib tursam-da, o`zini ko`rmayotgandim.

“Kir, kiraver, – dedi u. – Bu sening uying. Nega qo`rqyapsan, nega kirmayapsan? O`zing egalik qilishing kerak”.

Uy juda qarovsiz edi. Oyoq osti ko`pchigan tuproq, darvozaxonani is bosib yotibdi, yuz yildan beri qadam bosilmagan makonga o`xshardi. Devor suvoqlari butunlay ko`chib, kesaklari ko`rinib qolgan, shiftdan boshlab erga qadar osilgan o`rgimchak to`rlari yo`limni to`sib turardi. Qadam tashlashga hayiqib joyimda qotdim. Qamishpoya yopilgan tom qulab tushayotgandek og`ib qolgandi. Zax nafasi, dud hidi dimog`imga urildi. Tanamga rutubat yopirildi.

“Yo`q, kirmayman, bu uy menikimas”, dedim qaysarlik bilan. Biroq negadir qo`rquvni his qilmayotgandim (tush bo`lgani uchundir).

“Kiraver, uy seni kutyapti, chunki uning egasi yo`q, egasiz uy esa xaroba bo`ladi. Uni sen obod qilasan, u seniki, sizlarniki...” dedi yana boyagi ovoz.

Cho`chib ko`zimni ochdim. Soatga qaradim, yarim tun ekan. Bir muddat o`tirganim ko`yi o`ylanib qoldim.

...Bu uyni tanigandim, ovoz egasi ham kimligini fahmlaganday bo`ldim. Ammo u insonni hech qachon ko`rmaganman (suratini ko`rganimni istisno qiladigan bo`lsak). Shu uyga ilk bor bolaligimda qadam tashlaganman.

O`shanda, bilmadim, besh yoshdamanmi, oltidami, ishqilib kichkina qizaloq edim, onam ertalabdan meni suyuntiradigan xabar aytdi:

– Bugun enangning uyiga boramiz!

Ur-re, onamning onasi, ya`ni enamning uyi ertaklardagidek g`aroyib, bepoyon bog`-rog`u dalalarda maza qilib o`ynasa bo`ladi.

– Avtobusda ketamiz-a? – deb so`radim.

– Yo`q, o`zi bir qadam joy, – deb javob berdi onam.

– Axir yo`l uzoq-ku, – dedim e`tirozli ohangda.

– Yo`q, bu boshqa enang, otang tomondan, – izoh berdi onam.

– Otamning onasi yo`q degandiz-ku, otang tug`ilganida o`lib qolgan, degansiz.

– Boshqa enang bor, borganingda ko`rasan.

Hayajonga tushdim. Ota tomondan ham enam bor ekan-da. Endi menda ham ikkita ena bo`ladi. Xayoliy tasavvurga berildim. Oldi oynavand ayvonli uy, ichkari yop-yorug` va iliq. Xontaxta atrofiga to`shalgan ko`rpachada o`tirgan, oq ro`molini elkasi osha tashlagan nurli siymo mening enam. Hozir borganimdan so`ng u meni bag`riga bosadi va keksa otam (onamning dadasi)ga o`xshab, konfet, mayiz, yong`oqlardan beradi.

Onam adl qadam tashlab ketyapti, men notanish enam bilan tezroq ko`rishish ilinjida ketidan chopqillayman. O`n besh daqiqa yurmasimizdan eskiroq bir uy oldiga burildik.

– Keldik, – dedi onam. – Bu otangning uyi.

Birpasda-ya, degan xayol o`tdi ko`nglimdan. Buning ustiga uydan etni junjiktiruvchi salqinlik taralyapti. Darvozaga etganda qadamim sekinlashdi. Ostonadan hatlagim kelmasa-da, ortiqcha xarxasha qilmaslik va yangi enani ko`rish uchun onamning ortidan kirib bordim. Ichkari nimqorong`i va biroz vahimali edi. Yonginamdan mog`or hidli namga to`yingan bir shamol izg`ib o`tgandek bo`ldi.

Ko`zim qorong`ilikka ko`nikkach, ko`rdimki, xontaxta yonida haqiqatan ham bir ayol choy ichib o`tiribdi, biroq men tasavvur etgan enaga o`xshamaydi: ancha yosh, oq ro`moli ham yo`q. Yuzi qandaydir qo`rqinchli tusda, yonog`ida no`xatdek xoli bor, undan ikki-uchta uzun tuk o`sib chiqqan, kibrli boqayotgan qisiq ko`zlari qiyofasiga g`azabnok ko`rinish beradi. Yosh bo`lsam ham onam bilan so`rashganda ensasi qotganini sezdim. Menga qarab oshkora burun jiyirib qo`ydi.

Yuragimga xavotir oraladi. Bu ayol mening enammasdir-ov, qarindoshmasdirmiz, onam aldamadimikin, degan fikr miyamdan lip etib o`tdi. Sinchiklab kuzatdim. Katta xonaning yarmi pol qilingan, tuproqli joyiga suv sepilgan. Biz o`sha erga oyoq kiyimlarimizni echdik. Polga turli o`lchamdagi rangiyu bezaklari farqli unniqib ketgan gilamlar solingan. Ko`rpachalar ham salkam uvada. Hamma buyumlar eski, o`tmishga tushib qolgandek kayfiyat uyg`otadi. Oshxona deyilgan joyning paxsa devorlariga uzun mixlar qoqib tashlanib, ro`zg`or buyumlari ilib qo`yilgan edi.

Qiziq, narigi enamning uyi ham eski. U ham paxsa devorli oddiy bir uy. Hatto shiferli tomi ham yo`q. Katta bir xonasiga eski divanlar, uzun xontaxta qo`yilgan. Qishda qozon-o`choq ham ichkarida bo`ladi. Tog`alarimning xotinlari o`tin yoqib, yigirma-o`ttiz kishiga ovqat qilishardi. O`choqdagi olov tafti, ovqatning shirin hidi, qumg`on choyning yoqimli ta`mi, kattalarning suhbati, biz kichkinalarning vujur-vujuri uyga boshqacha bir fayz bag`ishlardi. Hamma bir dasturxonda ovqatlanar, ovqatdan so`ng hazil-huzul, yaxshi gurunglar, ba`zan qizg`in muhokamalar bilan kun yakuniga etardi. Bu uyda faqat mehnat va shukronalik bor edi, nolinish yo`q, alam yo`q, diydiyo yo`q, g`urbat yo`q. Uyning loy paxsa devorlaridan mehr va insoniylik ifori anqib turardi. Nurab borayotgan, o`choqdagi olov sabab shiftlari qora qurumga botgan bu makonga bir borgan odam qayta va qayta borgisi kelaverardi. G`am, dilsiyohlik, kimsasizlik, g`azab, g`ariblik, ma`nan qashshoqlik bu joylarni olisdan aylanib o`tardi.

Mana bu uy esa...

Ota makoning, dedi onam. To`g`risi, bu ota makon menga u qadar ham ma`qul kelmayotgandi. O`yinni bahonalab ko`chaga yugurdim. Yaxshiyamki, yon qo`shni uyga dugonam mehmonga kelgan ekan.

– Sen qaysi qarindoshingnikiga kelding? – so`radi u.

– Enamning uyi ekan, – dedim tilimni yutibroq.

– E, unaqada yur, enangdan xo`rozqandga pul so`raymiz, – dedi dugonam.

Uning ortidan yuragimni hovuchlabgina darvozaxonadan mo`raladim.

– Ena, bizga pul bering, xo`rozqand olamiz, – baqirdi dugonam ko`zi nimqorong`ilikka o`rganmay turib duch kelgan tomonga qarab. U juda shaddod qiz edi.

– Kisht, yo`qol surbet, bor kelgan joyingga, zahar yalagur, – ovoz keldi ichkaridan.

Dugonam jahl bilan bir nimalar deb ming`illab qarindoshining uyiga yo`naldi. Ketidan xijolat tortib menam ergashdim.

– Enang yomon ayol ekan-a? – dedi u biroz jahli chiqib.

– Unchalikmasdir, o`zim ham hozir ko`rib turibman, – dedim.

– Shu erda biz bilan o`ynayver, u yoqqa borma, – dedi biroz hadiksiragan ohangda.

“Enam”ning bu qilig`idan uyalib, biroz asabiylashib o`yinni davom ettirdim.

Keyin onam chiqib, meni chorladi. Ketamiz, xayriyat. “Enam” bizni kuzatishga ham chiqmadi. Barcha bezovtaliklarimni shu erga tashlab, engil tortdim-da, onamning oldiga tushib, kun issig`ida uyga jo`nadik. Bu “enam”ning uyiga qayta kelishni xohlamasdim. Boshqa kelmayman.

Kechki payt otam onamdan so`radi:

– Checham butunlay qaytib kelibdimi?

– Shunaqaga o`xshaydi,–javobni qisqa qildi onam.

Zimdan gaplariga quloq solib o`tirib, bu ayol otamning onasi emasligi bilib oldim. Shunaqa xursand bo`ldimki, asti qo`yaverasiz. Otam bu ayolni checham dedi. Demak, kelin oyisi, har qalay qarindosh emas ekan. Uning xolidan o`sib chiqqan uzun tuklari haliyam ko`z o`ngimdan ketmayotgandi. U ayolni ena deyolmasdim. Otamning ota-onasi go`dakligida o`tib ketishgan, etimlikda o`sgan. Bittayu bitta xolasi otamga o`rtancha opamni ko`rsatib, “Shu qizing onangga o`xshaydi”, deganini eshitganman. Mening opam baland bo`yli, oq yuzli, dumaloq ko`zlari chaqnab turadigan chiroyli qiz. Buning ustiga xatti-harakatlari namunali, odobli va zehnli. Yuzida hech qanday xoli ham yo`q, undan o`sib chiqqan tuklari ham yo`q. Xolasining shu birgina gapi sabablimi, otam to`rtala qizi ichida shu opamni boshqacha yaxshi ko`radi. Ona qizim, deydi. Ajabmas, umrida suratini ham ko`rmagan onasi siymosini opamning yuzida ko`rgan bo`lsa.

Yana bilib oldimki, otamning xoli bor chechasi boshqa tumanga erga tegib ketgan ekan, hozirda qaytib kelib turgan joyi ekan. Oyoq-qo`li chaqqon onam ham eshitgan zahoti meni etaklab boribdi. Checha “u yoqdalik” paytida uyini bir yosh oilaga ijaraga bergan ekan. Shunga men hecham bu uyga borib ko`rmaganmanmi, har qalay, birinchi taassurotim shunday bo`ldi.

Keyingi gal o`sha uyga otam, onam, kichik opam va men birga bordik. Bu safar u qadar qo`rqmadim, otam bor joyda uncha-munchaga qo`rqadigan odatim yo`q. Otam yovvoyi o`t va qamishlarini o`rdi, hovlini tozaladi, onam va opam esa ichkari uylarni yig`ishtirishdi. Onam hovlida tuproqqa qorilib yotgan temir belanchakni ko`rsatib, qara, mana akang bilan katta opangning belanchagi, dedi suyunganicha uni silar ekan. Soddagina onam oyog`i olti, qo`li etti bo`lib ish qilardi. U yoqdan bu yoqqa uchib borib kelar, har-har zamonda yonimga kelib, kelinlik uyim, kelin bo`lib tushgan uyim, akang bilan katta opang shu uyda tug`ilishgan, deb qo`yardi.

Nimasiga quvonyapti ekan onam shu uyning? O`rnida bo`lganimda bunchalar sevinmasdim. O`shanda enangning uyiga olib boraman, deb chechanikiga olib borgani uchun onamdan andak ranjib ham yurgandim.

Shu-shu checha biznikiga oldiniga haftasiga bir-ikki, akam uylanganidan so`ng esa har kuni keladigan bo`ldi. Ota-onam, akam ishda bo`lishar, katta opam uzatilgan, o`rtanchasi poytaxtda o`qiyapti, uyda men, kichik opam va yangi kelinimiz qolardik. Kichik opam bo`y etib qolgan qiz, yoshlarimizdagi farq uzunroq. Har kuni tushlik mahali kirib keladigan buayolni opam ikkalamiz unchalik xushlamasdik. Har qalay endi uyimizda kelinchak bor. Shunday chiroyli kelin oyimizga bu ayolni yaqin qarindoshimiz, deb aytgimiz kelmasdi. G`alati fe`lli yaqinlari bor ekan bularning degan o`yga bormasmikanlar deb hadiksirab turardik. Lekin kelin oyimiz bir zumda xushmuomalalik bilan mehmonni kutib olar, tezgina non-choy hozirlab, ovqat suzib keltirar, odob yuzasidan suhbatlashib ham o`tirardi. Men esa bu ayolni ko`rganim zahoti ko`chaga chopar, ketgunicha dugonalarim bilan o`ynab yurardim.

Biron oylardan so`ng oilamizga yangi mehmon kelishi xabarini eshitib xursand bo`lib yurgandik. Kelin oyimiz katta hovli, qaynana-qaynata xizmatidan ortib, bu ayolning ham ko`nglini olaman deb yugurib-elishlaridan opam biroz tashvish chekib, g`ashlanar, chechani battar yoqtirmay boshlagandi.

– Bu ayolni bunchalik siylashingiz shart emas, o`zingizni ko`pam urintiravermang, – shipshidi oxiri kelinimizga sekingina.

Ammo kelin oyimiz baribir har doimgiday yo`l tutaverdi.

Checha meni va opamni ko`rganida qovog`ini solar, yuzini ters o`girib allanimalar deb po`ng`illardi. Ba`zida haqoratli so`zlari qulog`imga chalinib qolardi. Istehzoli qarashlari, bizni nazar-pisand qilmayotganligini sezib turardim. U oilamizdan hech kimni yoqtirmas, hozircha faqat kelinimizgina uning ko`ngliga yo`l topayotgandi.

Bir kuni checha yana kelganida uyda o`zim edim. U kirib kelib, har doimgi joyiga o`tirdi. Men esa salom berib, ko`chaga chopqillamoqchi bo`ldim.

– Hoy, qoracha qiz, menga qara, – dedi.

Ortimga o`girilib yoniga bordim.

– Kelin oying qani? – so`radi checha.

– Shaftoli egisi kelayotgan ekan, katta opam bilan bozorga ketishdi, – dedim hozirjavoblik bilan.

– Shunaqa de, – dedi chechaning yuzi xiyol tarang tortib. – Bundan chiqdi, onang nevarali bo`lar ekan-da, – dedi garangsibroq.

– Onamning nevarasi bor-ku, – dedim burro-burro qilib. Katta opamning o`g`li bor edi.

– Bilaman, jim tur, – dedi u pashsha qo`riganday menga qo`lini siltalab.

So`ng andak o`ylanib qolib, yana yuzlandi.

– Bilasanmi, kimga o`xshaysan? – dedi checha mazmundor ohangda.

– Onam qaysarliging va fe`ling otangga tortgan, deydi, – darhol javob qaytardim.

– Yo`q, sen onangga o`xshaysan, ko`rinishing xuddi o`zi. O`sha, meni azoblab kelgan qiyofa.Xudoyimgayam hayronman, nega onangga qo`shqo`llab baxt tutqazaverar ekan-a?! Axir uyam bir banda, menam bir banda, ikkimiz ham bitta uyga kelin bo`lib tushdik. Faqat, nega u butun umr yayrab yashayapti, men esa hasratda o`tayapman. Nega taqdir ungagina kulib boqaveradi? – so`radi o`smoqchilab.

– Bilmasam... – dedim elka qisib.

– Xudo unga o`g`il berdi, qiz berdi. Ko`chada qolar deb uydan ketkizsam, dang`illama uy-joy qurdi. Bolalarini poytaxtda o`qityapti. Otang oddiy ishchi edi, akang rahbar bo`libdi. Onangga Xudo bir etak bola bergani etmaganday, mana endi nevara ketidan nevara. Nima deb o`ylaysan, bir ayolga shunchalar baxt ko`p emasmi? – dedi yuzimga o`ychan va sovuq tikilib.

– Bilmasam... – dedim yana. So`ng men ham xayolga botdim. Nimasi baxtli ekan shu onamning, deya o`yladim. Uy, mol-hol, tomorqa, yana davlat eriga ekin-tikin qiladi, kamiga qo`shni ayol bilan hamkorlikda savdo-sotiq bilan ham shug`ullanadi. Hali non yopadi, hali sigir sog`adi, hali ketmon chopadi, hali bozor-o`charga yuguradi, hali mehmon kutgan, hali mol sug`organ. Hammaga tinim bor, onamga tinim yo`q. Ko`zgu oldida o`tirib o`ziga oro berish yo`q, sihatgohma-sihatgoh yurish yo`q, bizning injiqliklarimiz, nihoyasi yo`q muammolarimiz, dadamning qo`rs fe`li, qo`ni-qo`shni, qarindosh-urug` deganday. Sanoqli ko`ylagi bor xolos. Boshqa ayollarday yal-yal tovlanib kiyinib yurganini ko`rmaganman. Mana shularning nimasi baxt ekan, hayronman. Bu xotin onamni baxtli deb yanglishmayaptimikin?!

– Seni onang umr bo`yi baxt degan mo``jizani menga ko`z-ko`zlab yashab kelyapti, – gapida davom etdi checha. – Ko`p o`ylayman, otang bir etim edi, halol mehnat bilan to`rt tanga topardi. Onang kelin bo`lib keldi, so`ng bir dardimga ming dard qo`shib o`g`illi bo`ldi, akang tug`ilganida amaking bilan otangning ko`zlari baxtga ko`mildi. Onang otangning mehrini, amakingning hurmatini qozondi. Meni esa hech kim sevmadi, Xudo menga tirnoq ham ato etmadi. Onang farzand ko`rish orqali mening tug`mas ayol ekanimni hammaga tasdiqlab berdi. Shu uchunam uni jinim suymaydi. Tushundingmi? – dedi do`q urganday qilib ko`zlarimga qarab.

– Ha, – deb bosh irg`adim qo`rqibgina.

– Otang-chi otang, hech nimasi yo`q etim, ammo g`ururi tog`dan baland. Ko`chada qoldirsam, ta`zirini er deb o`chakishdim. Uydan ketdi-yu, undan ming karra avlosini qurib oldi. Nahotki odamlar Xudoning in`omlarini tinimsiz olaveradilar. Menga esa hech nima yo`q. Erim yosh o`tib ketdi, farzandim yo`q, anavi badbaxtlik in qurgan uy ham etim aka-ukalarniki, – dedi xo`rsinib.

Har gal otamni etim deb atayotgani yuragimga o`qday botayotgandi.

– Hadeb otamni etim deyavermang. U etim emas. Otasi urushda o`lgan, onasi esa go`dakligida vafot etgan, keyin buvisiyam qarib o`lib qolgan, so`ng bir o`zi qolishga majbur bo`lgan, – dedim onamdan eshitgan gaplarimni takrorlab.

– Buncha g`ururli chiqib qolding sen? – dedichecha. – Rostdanam otangga o`xshabsan. Uni ham o`zicha mag`rur edi. Ha, etim bo`lganidan so`ng etim deyman-da, ota-onang oddiy ishchi bo`lsa, sizlarga Toshkenda o`qishni kim qo`yibdi, tilni ikki qarich qilib gap qaytarishni kim qo`yibdi! – dedi jahl bilan. – Sening ota-onangni deb gulday umrim g`amda o`tdi. Hammang maza qilib yashayveringlar, yanada ko`payinglar, qarg`aganim sari gullab yashnayveringlar... – u yana allanimalar deb to`ng`illaganicha chiqib ketdi.

Otam ishdan kelganida yonini olganimni, chechaga gap qaytarganimni faxr bilan aytdim. Xursand bo`lar deb o`ylovdim, ammo otam:

– Chakki qilibsan, qizim, – dedi. – Choy damlab, ovqat suzib berib kuzatmabsan-da, endi katta bo`lyapsan, uy ishlariga aralashaver. Erkalikni qo`yib, kelin oyingga qarash.

Tanbeh to`g`ri edi. Zero, bu uyda esimni taniganimdan beri ro`zg`or yumushlarini onam, opalarim, keyinchalik kelinimiz bajarardi. Men esa beg`am, betashvish yuraverardim. Onamning zamonaviy ayol bo`lishini, pardoz-andoz qilishini, hamma “Voy, onang juda chiroyli ayol ekan-a”, deb og`iz ochib qolishini istardim. Uni dunyodagi eng go`zal ayol deb tan olishlarini xohlaganman. Agar odam uy ishlarini qilaversa, jonini koyitaversa, onamga o`xshab oddiy va sodda bo`lib qoladi, deb o`ylaganim uchun ham bironta yumushga chalg`imasdim. Onam, opalarim, kelinimiz bor ekan, bunday tashvishlar menga begona edi.

Ko`p o`tmay yosh ekanimga qaramay meni ham poytaxtga o`qishga jo`natishdi va o`sha ayolni ham, devorlaridan qayg`u, alam, zulmat, yolg`izlik, bebaxtlik yog`ilib turgan uyni ham butunlay unutdim. O`qishni uzluksiz davom ettirayotganim bois Toshkentda qolib ketdim. Orada (qachonligini eslolmayman) chechaning olamdan o`tgani qulog`imga chalinganday bo`ldi. Ammo bu xabar zarrachayam e`tiborimni tortmadi.

Keyinchalik turmushga chiqdim. Farzandli bo`lganimdan so`ng uzoq yo`l bosib poytaxtdan uyga bordim. Shunda gap orasida amakim haqida gap ochildi.

– Aytgandek, o`sha uy nima bo`ldi, axir uni siz va akangiz qurgansizlar-ku, hozir kim yashayapti? – deb otamdan so`radim.

Chechaning jiyanlari yashayotgan ekan.

– Lekin uy sizniki-ku, buni hamma biladi. O`z qo`lingiz bilan...

– Qizim, – gapimni bo`ldi otam. – Qaysi biringlar o`sha uyga muhtojsizlar? – deb so`radi.

– Hammamizning uy-joyimiz bor, – dedim tutilib.

– Unda nima muammo? – dedi otam yuzimga tikilib.

Indolmadim.

– Hozir o`sha uyni bo`shatib berishsa, borib yashaysanmi? – deb so`radi otam.

– Yo`q, aslo, – dedim shosha-pisha.

– Menam yashamayman, – dedi otam. – Meniyam uyim bor. Mana uyim — keng-mo`l, xotirjam va fayzli.

– Lekin kichik opam “dom”da turadi-ku, – dedim e`tiroz bildirib.

– Nima bo`lgandayam o`z uyi. Opang hali dang`illama uy-joylar quradi, har kimning peshanasiga bersin. Qolaversa, men baxtli bo`lib yashamagan joyimda, kun ko`rmagan makonimda bolalarim qanday yashasin? Sizlarni o`sha muhitdan olib chiqib ketish uchun ne hasratda uy tiklamadimmi? Endi o`zim olib borib o`sha uyga kiritaymi, yo`q, – dedi otam boshini chayqab. – Dunyoga kelganki bandasi o`ziga tegishlisini oladi. Men uchun u uy rahmatli akamniki edi. U kishi jannati inson edi. Yuzlaridan nur yog`ilardi. Odamlarga yordam berishni faxr deb bilardi. Kishilarning og`irini engil qilib quvonch topardi. Xushmuomala, oqko`ngil kishi ekani boisidanmi, Yaratgan egam suyganini erta oldi. Onang ikkimiz ortidan bo`zlab qolaverdik. Akamning farzandi yo`q edi. U kishidan menga faqatgina checham yodgor bo`lib qoldi. Endi akamni eslatib turuvchi birgina insonning boshpanasiga ko`z tikamanmi? Checham menga uyni o`z nomingga o`tkaz, deb qayta-qayta aytgan. Ammo bu ishni akamning xotirasiga oyoq qo`yish deb hisoblaganim uchun ham rad qilganman.

Shu suhbatdan ko`p o`tmay otam ham yorug` dunyoni tashlab ketdi. Onamdan otam va chechasi munosabatlari qanday bo`lganini so`radim.

– Amakingday odamni yorug` dunyoda boshqa ko`rmadim. Lekin chechaning fe`li og`irroq edi. Men kelin bo`lib tushganimda u otangni tinmay kamsitardi. Chunki amaking xotinidan ko`ra ukasini ko`proq yaxshi ko`rishini hamma bilardi. Checha erining ukasiga bo`lgan mehrini juda qizg`anardi. Balki farzandli bo`lganimda ukasiga bu qadar mehribon bo`lmasmidi, deb o`ylagan bo`lishi ham mumkin. Checha tomonidan oshkora kesatiqlar, ba`zan haqoratlar, nosamimiy munosabat tufayli uydan chiqib ketishga majbur bo`ldik. Shundayam amaking bizni tashlab qo`ymadi. Topgan-tutganini bizga tashirdi. Ehtimol, mana shunday bag`rikenglik bilan bizga talpinaverishi chechaga yoqmagandir. Nima bo`lganda ham o`sha kunlar o`tib ketdi. Ming afsuslar bo`lsin, aka deb etagini tutgan insonimiz bizni juda erta tashlab ketdi, – dedi onam ko`ziga yosh olib kuyunchaklik bilan.

Endilikda ancha aqlim kirgandi, checha aytganiday, onam chindanam baxtli ayol ekanini tushunib etganimga ancha bo`lgan, go`zalligi borasida esa aytishim mumkinki, onam o`zim uchun eng chiroyli ayol edi: o`zimizning odmi o`zbek ayoli. O`shanda bolalarcha havaslarim amalga oshib, onam birdaniga o`zgarib, sochlarini kalta kestirib, ro`mol o`ramasdan yasan-tusanga berilgan ayolga aylanishini hozirda sira istamayman. Onamdagi munislikning bahosi yo`qligini yaxshi bilaman.

Bir necha yillardan so`ng tanishim bilan ko`rishib qolganimda, u qaysidir qarindoshi haqida gap ochdi.

– U sizlarning uyingizda yashaydi, kelin bo`lib tushganida, uni o`sha uyga alohida ro`zg`or qilib chiqarishdi, – dedi menga. – Katta otangning qabri qaerdaligini so`rab yuribdi.

– Qaysi uy? – deb so`radim hayron bo`lib. Chunki bu paytga kelib aka-opalarim otam aytganiday qo`sha-qo`shadan hovli-joyli bo`lishgan, ba`zilari bo`sh turgandi. O`sha uylardan birida kimdir yashayapti shekilli, otamning qabrini nima qilarkan, deb o`ylab qoldim.

– Kechalari alahlab chiqyapti ekan. Uyda bezovta ruh bor deyapti. Borib qabrini ziyorat qilib, xudoyi qilmoqchi ekan, – tushuntirish kiritdi hayron bo`lganimni ko`rib.

– Nega alahlaydi? Otamizga o`zimiz xudoyi qilamiz, nima uchun birovlar qilishi kerak ekan, – dedim. Gaplarining mazmunini haliyam tushunmayotgandim.

– E, boshqa otangni aytyapman, – dedi u ham vaziyatimni anglab, – katta otang — amakingni.

– Ha-a, – dedim. Tavba, xayolimga kelmaganini qarang.

Amakimiz ruhi poki haqiga ilgarilari otam, keyinchalik onam va akam tinmay duoda bo`lib, ehson qilib turishadi. Qolaversa, men ham o`zim ko`rmagan, faqat ismlarini biladigan bobokalonlarimiz-u, eng so`ngida otamning xotirasiga, hatto dunyodan o`tgan xolamning turmush o`rtog`idan tortib opamning qaynanasi haqiga ham duoda bo`lardim. Amakimni-ku, kunda-shunda eslayman. Eshitishimcha, u kishi tirikligida beozor kishi bo`lgan ekan. Endi o`tganiga qirq yillar bo`lganida ruhi kimnidir bezovta qilishiga ishonmayman. Balki chechaning ruhidir, o`yladim men. Devorlaridan anduh taralib turgan uy sohibasi u dunyodayam bezovtamikin?

Amakim tushimda bekorga meni o`sha uyga boshlab kirmadi. Checha uchun bir bor ham yuzimga fotiha tortmaganimga xafa bo`ldimikan, deb o`ylab qoldim. Chechaning qabrini bir bor yo`qlamaganimga o`pkaladimikan? Qarovsiz uyni ko`rsatgani — chechaning haqiga duo qilib qo`y, deganimikan?

Ishdan kelayotsam, bir lo`li ayol to`xtatdi.

– Hay, singlim, sadaqa bering, tan-joningiz sog` bo`lsin, – dedi qo`lini duoga ochib.

Mayda pulim bor ekan, uzatdim.

– Singlim bir gap aytaman, biroq fol deb o`ylamang. Uyingiz ostonasida bir arvoh sizdan umidvor bo`lib o`tiribdi, doim umidvor yuradi, siz esa uni eslamaysiz ham, – dedi.

Boshqa payt bo`lganida gapiga parvo qilmay ketaverardim. Ertalabki tush ko`rganim esimga tushib, yana xomush tortdim. Chechamikan? Mendan umidvor bo`lib kelganmikan?

Ha, otamga o`xshashim rost. O`jarligim haddan ziyod. Men bu ayol hayotligida bir choynak choy damlab bermadim, kunda borib ostonasini supurmadim, ko`nglini oladigan gap aytmadim. Kim bilsin, o`shanda bola edimmi, qaysarmi — endi bular ahamiyatsiz. Oxir-oqibat amakim tushimga kirib meni bundan ogoh etguniga qadar qalb ko`zlarim yumuq bo`ldi. Tilovat qilganimda urug`-aymog`imizdan o`tganlarning barchasining ismini juftiniki bilan qo`shib o`qidim, amakimning nomini esa hamisha yolg`iz tilga oldim. Chunki o`sha kichkina qizaloq paytlarimda shkaf tepasiga tirmashib chiqib, amakimning portretini olib uzoq tikilib o`tirardim. Suratdan nihoyatda kelishgan oq-sariqdan kelgan zumrad ko`zli navqiron kishi tikilib turar, chehrasi sokin, beg`ubor va g`oyat ulug`vor edi. Men xayollarimda ham, duolarimda ham suratdagi kishini checha bilan birga tasavvur etolmasdim. Bunga urinmaganman ham. Men uchun amakimning ayol jufti yo`q edi. Hozir ham shunday.

Shukr, o`sha uy hozir obod, yaxshigina kelin-kuyov yashab o`tirishibdi ekan. Bilganim shuki, agar o`tib ketgan kunlar hozir berilganida yolg`izgina amakimning haq-hurmati uchun ham chechani boshimga ko`tarardim, shu yaxshi insonning qadamlari tekkani uchun uy ostonasini sochim bilan supurardim, devorlarning har qarichida otalarimning qo`l izlari borligi uchun peshanamga tavof qilardim. Chunki endilikda amakimni eslatib turadigan ikki moddiyun bor. Birinchisi, u kishining qabri (bu qabristonga meni shunchalar ko`p olib borishganki, o`sha joyni amakimning uyi deyish men uchun to`g`riroq bo`lardi). Ikkinchisi esa etimlikda o`sgan aka-ukalar o`z qo`llari bilan qurgan uy. Kim bilsin, uni tiklayotganlarida baxt umidida bo`lishgandir, shod yashashni istashgandir, oila qurib, hammalari birga-birga g`arib o`tgan bolalik xotiralarini ro`yoga aylantirmoqchi bo`lishgandir. Biroq negadir hammasi sal boshqacharoq kechgan.

Ular o`tib ketishdi, checha ham yo`q. Ortda bizlar qoldik. Buyog`iga o`tganlarga ham, tiriklarga ham yaxshilik so`ranib yashash joiz. Qalb toza bo`lsa, g`urbatlar arib, baxt yo`llari ochilaveradi.

Bir zamonlar chechaning ko`nglini olay deb elib-yugurib xizmat qilgan kelin oyimizni Yaratgan o`z saodatlari bilan yorlaqasin. Uchinchi o`g`liga amakimizning ismini berib, ota-onamning boshini ko`kka etkazgani uchun akam bilan birga hamishalik quvonchda yashasin.

Chechaning ham ruhi shod bo`lib, xotirjam tortsin. Barcha alamlari yolg`on dunyoda qolgan bo`lsin. Olloh u dunyosini obod qilib, bu hayotda ko`rmagan xurramliklariga chin dunyoda erishsin. Uyining chirog`ini yoqib o`tirganlarni ham O`zi qo`llasin. G`am ko`rishmasin, armon ko`rishmasin. Qo`sha-qo`sha farzand, bir gala nevara-chevaralar ko`rishsin. Uyga singib ketgan barcha noxushliklarni bolalarning qiyqirig`i yuvib ketsin. Fayz kirsin, mehr kirsin, nur kirsin, quvonch kirsin — amakimiz ruhi shod bo`lsin. Chechaning ruhi taskin topib, ularni hech zamonda bezovta qilmasin. Iloho, shu ayolning oxirati obod bo`lsin.

Omin

Xosiyat Rajabova

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1