AsosiyJamiyat

Dillarda barhayot Muhammad Yusuf

'Dillarda barhayot Muhammad Yusuf'ning rasmi

23 aprel kuni soat 14:00 da O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasida Madaniyat vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Milliy kutubxona bilan hamkorlikda O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavalludiga bag`ishlangan “O`lug`imsan, Vatanim!” nomli ko`rgazma va ijodiy kecha o`tkazildi.

Kechada adibning hayot yo`li, ijodiy jarayonlari aks etgan fotosuratlar namoyish etildi. Tadbirni O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Muslimbek Yo`ldoshev olib bordi. Ijodiy kechani O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o`rinbosari Minhojiddin Mirzo ochib, shoir ijodidagi nozik qirralarni ta`rifladi.

Tadbirda O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o`rinbosari G`ayrat Majid, Madaniyat va san`at ko`rgazma zali direktori Nargiza Tolipova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan yoshlar murabbiysi Saydi Umirov, falsafa fanlari doktori, professor Sayyora To`ychieva, shoira Nodira Rashidova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar G`iyos Boytoev, Toshpo`lat Matkarimov, Ilhom Farmonov, Muhammad Yusufning rafiqasi Nazira Assalom va yaqinlari ishtirok etib, shoirning yorqin xotirasi haqida iliq so`zlar aytishdi.

O`zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf 1954 yil 26 aprelda Andijon viloyati, Marhamat tumanidagi Qovunchi qishlog`ida dehqon oilasida tavallud topdi.

Darhaqiqat, shoirning do`stlari va yaqinlari u bilan hamroh yurgan yoshlik kezlarini iftixor bilan tilga olar ekan, Muhammad Yusufning hayot yo`li, ijodi va qizg`in ijtimoiy faoliyati yoshlarimiz uchun ibrat maktabi bo`lib xizmat qilayotganini ta`kidladi.

Shoirning “Tanish teraklar” (1985), “Bulbulga bir gapim bor” (1987), “Iltijo” (1988), “Uyqudagi qiz” (1989), “Halima ena allalari” (1989), “Ishq kemasi” (1990), “Ko`nglimda bir yor” (1991), “Bevafo ko`p ekan” (1991), “Erka kiyik” (1992), “Saylanma”, “Biz baxtli bo`lamiz”, “Osmonimga olib ketaman”, “Ulug`imsan, Vatanim” singari o`ndan ortiq she`riy to`plamlari adabiyotimizning oltin merosiga aylandi.

Muhammad Yusuf o`zbek she`riyati va qo`shiqchiligini rivojlantirishdagi xizmatlari uchun 1996 yilda “Do`stlik” ordeni bilan taqdirlandi. Shoir hayot bo`lganda bu yil 64 bahorni qarshilagan bo`lar edi.

Uning «Ko`klamoyim», «Oq tulporim» “Vatan” nomli va boshqa ko`plab she`rlarini hofizlar kuyga solib kuylaganida, shubhasiz dillar yayraydi

O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist G`IYoS BOYTOEV: “Sakson foiz qo`shiqlarim muallifi Muhammad Yusuf edi. «Muhabbat yo`q ekan dunyoda...» degan qo`shig`imdan boshlab u kishi bilan hamkorlik qilganmiz. Aka-ukadek qadrdon edik. «Onam yig`lar...» ko`shig`ining musiqasini yaratishda ham, qanday qilib aytishimgacha o`zi ustida turgan edi. Uning yozganlari ko`pincha mening ovozimga mos kelardi. She`rlari xalqona edi, ohangini o`zi bilan yozardi”, deya eslagan shoirning saylanmalaridan birida.

O`tar qancha yillar to`zoni,

Yulduzlar — ko`zyoshi samoni.

O`tar inson yaxshi-yomoni,

Mehr qolur, muhabbat qolur.

Qorachug`da porlagan o`sha,

Iqboliga chorlagan o`sha.

Dunyoni tor aylagan o`sha —

Mehr qolur, muhabbat qolur.

Anor sening yuzlaring, suluv,

Xumor sening ko`zlaring, suluv,

Yodda qolmas so`zlaring suluv,

Mehr qolur, muhabbat qolur.

Oqib ketdi suvlarda Tohir,

Zuhro yig`lab qoldi qon bag`ir.

Kelganda ham qiyomat oxir,

Mehr qolur, muhabbat qolur.

Nima deysan, ey, g`ayur inson?

G`iybatlaring qildi meni qon.

Sen ham bir kun o`tursan, inon,

Mehr qolur, muhabbat qolur.

Darhaqiqat, mana shu misralarni bitganida Muhammad Yusuf o`zidan o`zidan naqadar mehr va muhabbat namunalari bo`lgan go`zal bisot qolayotganini sezgan bo`lsa, ajabmas.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar