Ona Vatanimiz o`z tarixi va allomalari bilan sharaflanib kelgan. Yurtimizda ne-ne buyuk allomalar etishib chiqqani ortiqcha ta`rifga muhtoj emas. Ammo, dinni niqob qilib, o`z maqsadlari yo`lida turli qing`irliklarni amalga oshirib kelganlar har qanday zamonda ham uchrab turadi. Afsuski, diniy qadriyatlarga yanada kengroq yo`l ochilib, mamlakatimizda Islom tarixi, shariat ahkomlari, Qur`on va Hadis ilmini o`rganishga e`tibor ortayotgan bugungi kunimizda ham shunday insonlar uchrayotgani juda achinarlidir.
Toshkent shahrida tug`ilib o`sgan Muhammad Rashidov ham ehtimol haq bilan botilni ajrata olganida behisob xatolarga yo`l qo`yib, el-yurt oldida boshi egilib qolmasdi.
Bugun 33 ga to`lgan yigitning aqlu idroki ancha ilgari, hali bolalik chog`laridayoq xira tortib ulgurgandi. U ota-onasining ta`sirida “Hizb ut-Tahrir” diniy-ekstremistik oqimiga qo`shilganini bilmay qoldi.
Hali 2000 yillardayoq u jamoat transportida odamlarni “hizb”ga jalb qilib, turli varaqalarni tarqata boshlagan edi. Tabiiyki, uning bu harakatlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar e`tiboridan chetda qolmadi. Yigitchaning hali balog`at yoshiga etmaganini hisobga olib, huquq-tartibot idoralari uni jazodan ozod etishgan. Ammo, bundan etarlicha xulosa chiqarmagan Muhammad o`zining jinoiy faoliyatiga nuqta qo`ymadi. Aksincha, o`zi a`zo bo`lgan oqim g`oyalarini keng yoyish, uning safiga boshqalarni ham jalb qilishda davom etaverdi.
2003 yilda Muhammad yana jinoyat ustida qo`lga olindi. Bu gal ham uning yoshligi inobatga olinib, Muhammadning ustidan shartli hukm chiqarildi va yana ozodlikka chiqarildi.
“O`rgangan ko`ngil o`rtansa qo`ymas” deydilar. Bu galgi imkoniyat ham Muhammadning ko`zini ochmadi. Qaytaga u o`z faoliyati ko`lamini yanada kengaytirishga, hatto ushbu radikal partiyaning xorijiy rahbarlari bilan bog`lanishga urindi. O`sh shahriga borib, “Hizb ut-Tahrir”ning Markaziy Osiyodagi rahbari, Qirg`iziston fuqarosi Muhammadyusuf Mamasidiqov, MDH davlatlari bo`yicha rahbar, iordaniyalik Abu Mahmud singari kimsalar bilan uchrashdi. Ular bilan kelgusida qilinishi lozim bo`lgan ishlar haqida ko`rsatmalar olib, bir qator ekstremistik ruhdagi adabiyotlar va yaxshigina mablag` bilan O`zbekistonga qaytib keldi.
Bu paytda mamlakat miqyosida diniy oqimlar a`zolariga qarshi qizg`in kurash olib borilar, ularning katta qismi huquq-tartibot idoralari tomonidan qo`lga olingandi.
2006 yilda Muhammad Rashidov turmush o`rtog`i Go`zal To`xtaxo`jaeva bilan “Hizb ut-Tahrir”ga a`zoligi sababli xibsga olingan fuqarolarning ayollaridan iborat tarkibiy tuzilmani shakllantirdi. O`zi ana shu guruh rahbarligini qo`lga oldi. Har oy ushbu tuzilmaga a`zo bo`lgan ayollardan “badal” puli yig`ishni yo`lga qo`ydi. Har oyda o`zi amal-taqal kun kechirayotgan ayollardan jami o`rtacha 1000-1500 dollar atrofida pul to`planardi. Shuningdek oqimning xorijdagi rahnamolari ham katta miqdorda pul jo`natib turishardi. Muhammad esa, bu pullardan bir qismini o`z ehtiyojlari uchun xam sarflab keldi.
Ma`lumotlarga ko`ra, Muhammad Rashidov bu pullarga o`zi va qarindosh-urug`lari uchun bir qator uy-joylarni sotib olgan. Jumladan, Uchtepa tumani Ko`kcha Darvoza ko`chasidagi 648-uy, Olmazor tumani, Niyozova ko`chasidagi 4-uy, 42-xonadon, Shayxontoxur tumani, Mannon Uyg`ur ko`chasidagi 4-uy, 11-xonadon, Sirg`ali tumani, Sputnik-6 daxasi, 22-uy, 5-xonadonni misol keltirish mumkin. Muhammad jinoiy yo`l bilan to`plagan pullarining bir qismiga o`zi, ukasi va jiyanlariga avtomashinalar sotib olganini ham eslatib o`tish o`rinli.
Biroq, Muhammad bir qancha safdoshlari qo`lga tushib, boshida qora bulutlar to`planayotganini payqagach, o`z nomidagi uylarning bir nechtasini pullashga ulgurdi.
2008 yilda Toshkent shahri va viloyatida “Hizb ut-Tahrir”ga a`zo bo`lgan bir qancha ayollar qo`lga olinib javobgarlikka tortildi. Navbat o`ziga ham kelishi mumkinligi, agar uning ham ayoli qo`lga tushsa, o`ziga qarshi ko`rsatma berishi mumkinligini bilgan Muhammad Rashidov nima qilishni bilmay, xolasiga yuzlandi. U esa, Muhammadning ayoli Go`zalni “qochqinlik”ka ko`ndirdi. Shundan so`ng Go`zal bir muddat hali u qarindoshi, hali bu tanishining uyiga sarson-sargardon ko`chib yurdi.
Xotinining o`zidan uzoqlashgani Muhammadga “qo`l keladi”. Undan yashirincha, bir qancha “qalliq”lar topib, ularni o`zi bilan shar`iy nikohdan o`tishga ko`ndiradi. Ana shunday ojizalardan biri Olga Medvedeva bo`lib, islomni qabul qilgan, “Omina” taxallusini olgandi. Muhammad ayolning islomga xayrixohligidan foydalanib, uni ham “hizb”ga tortishga urinib ko`radi. Ammo, Olga shar`iy erining talabiga ko`nmaydi. Uni gapga ko`ndirolmagan Muhammad Olgani “uch taloq” qiladi.
Muhammad o`z oilasi etmagandek, yaqin qarindoshlarining ham shaxsiy hayotiga muntazam ravishda aralashib kelgan. Chunonchi, ukasi Ahmad Rashidovning turmush o`rtog`i “hizb”chilar safiga kirishni istamagani bois, Muhammad bu er-xotinning ajralib ketishiga sababchi bo`lgan. Akasining tazyiqi va xolasining tavsiyasi bilan Ahmad yaqin tanishlari bo`lgan Nodira Zufarovaning qizi Nargizaga uylanadi.
Nodira Zufarovaning turmush o`rtog`i yo`qligi sababli Ahmad uni yoshi katta tanishlaridan biri Abduvahob Muhammadaminovga uylantirmoqchi bo`ladi. Nodira ham o`z navbatida bo`lajak kuyovga propiskadan o`tkazish talabini qo`yadi. Abduvahob Muhammadaminov bu taklifga farzandlari rozi bo`lmasligini bilib, rad javobini beradi. Shu taxlit bu “nikoh” amalga oshmaydi.
(Baribir, o`z jinoiy harakatlari sababli 2016 yilda Ahmad Rashidov ham, Abduvahob Muhammadaminov ham jinoiy javobgarlikka tortilib, qamalib ketishadi.)
Muhammad Rashidov o`z maqsadlari yo`lida singlisining ham oilasini buzishdan toymadi. Muhammadning kuyovi, ya`ni singlisi Ominaning eri Javlon Gulambekov ilgari “Hizbut-tahrir” oqimiga qo`shilib, jinoiy faoliyat yuritgani bois, jazo muddatini o`tab qaytgan, bu vaqt mobaynida u o`z xatolarini tushunib etgandi.
Shu bois, Muhammad bilan o`zaro suhbat paytida “hizb” masalasida keskin ziddiyatlarga boradigan bo`lishadi. Javlon bir necha marta “hizb”ning asl islomiy qadriyatlarga zid ekanini aytib, qaynog`asining “g`azabi”ga uchraydi. Oxir-oqibat Muhammad singlisini undan ajratib olishga qaror qiladi.
Javlon qonuniy ajrashishga rozi bo`lmagani sababli Muhammad singlisi va jiyanlarini o`z uyiga majburan ko`chirib keltiradi. Bu ham etmagandek, ham qonunan, ham shar`an boshqa birovning nikohida bo`lgan singlisini o`zining “Akrom” ismli tanishiga uzatadi. “Akrom” ham o`zining qonuniy turmushidan ajrashmagan edi. Akasining qosh-qovog`iga qarab o`rgangan singil bu qarorga rozilik bildiradi.
Shu tariqa Omina bilan “Akrom” hozirda Muhammadga tegishli bo`lgan Uchtepa tumani Taqachi ko`chasi 54-uy 85-xonadonda yashab kelishadi. Javlon G`ulombekov bu manzilga kelib, o`z farzandlarini ko`rmoqchi bo`lganida, Omina va “Akrom” unga jiddiy qarshilik ko`rsatishmoqda. Javlon bu holat yuzasidan mahalla faollari, tegishli organlarga murojaat qilgan bo`lsa-da, bu murojaat o`z echimini topganicha yo`q.
Albatta, har bir insonning shaxsiy hayoti, e`tiqodi daxlsizdir. Ammo, shu bilan birga hech kim birovning e`tiqodi va shaxsiy hayotiga daxl qilishga haqli emas. Yuqoridagi “qahramon”larimizning aniq dalillarga tayangan qilmishlari mazkur oqim a`zolarining haqiqiy dinu diyonatga nisbatan xiyonat qilayotganidan dalolat bermasmikin?
Hozirda Muxammad va uning turmush o`rtog`i ustidan qo`zg`atilgan jinoyat ishi yuzasidan sud mahkamasi boshlangan bo`lib, ular qonun oldida javob berishmoqda.






