Qozog`iston Respublikasi Ostona shahridagi “Korme” ko`rgazmalar markazida 25 aprel kuni “III Evroosiyo xalqaro kitob ko`rgazma yarmarkasi”ning tantanali ochilish marosimi bo`ldi.
Ushbu ko`rgazma Evropa va Osiyo mamlakatlari nashriyotlari, matbaa korxonalari, kitob savdosi bilan shug`ullanuvchi ilmiy-ma`rifiy tashkilotlarni bir erga jamlagan yirik intellektual maydon hisoblanadi.
Dunyo xalqlari orasida kitobxonlikni keng targ`ib etish, insonlarning badiiy tafakkurini yuksaltirish, noshirlik va matbaa sohasida erishilgan yutuqlarni ommalashtirish, soha vakillarining o`zaro tajriba almashishi uchun qulay imkoniyat yaratish maqsadida an`anaviy o`tkazib kelinayotgan ushbu ko`rgazmada Osiyo va Evropa mamlakatlaridan kelgan noshirlar o`zlarining nashriyot-matbaa mahsulotlari bilan ishtirok etmoqda.


Ko`rgazmaning ochilishida Qozog`iston Respublikasi Davlat kotibi Gulshara Abdikalikova, O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktorining birinchi o`rinbosari, mamlakatimiz delegasiyasi rahbari Sobir Shukurov va boshqalar mazkur xalqaro ko`rgazmaning ahamiyati tobora yuksalib borayotgani, Evroosiyo mamlakatlarining nashriyot-matbaa yo`nalishida o`zaro tajriba almashishi, hamkorlik qilishi uchun qulay muhit yaratayotganini alohida ta`kidladi.
Qozog`istonda 2018 yil O`zbekiston yili, deb e`lon qilingani munosabati bilan ko`rgazmada O`zbekiston paviloniga alohida e`tibor qaratilgan.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, mazkur pavilonda O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi tizimidagi “O`zbekiston”, “O`qituvchi”, G`afur G`ulom, Cho`lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uylari, “O`zbekiston Milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti, Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Milliy kutubxonasi hamda “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi, “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi, “Hilol nashr” nashriyot-matbaa korxonalarining besh yuzdan ortiq nomdagi mingga yaqin ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma`rifiy, ilmiy-ommabop, bolalar adabiyoti va badiiy asarlari namoyish etilmoqda.
O`zbekiston mazkur ko`rgazmada faxriy mehmon sifatida ishtirok etayotgani uchun uning doirasida “O`zbekiston” pavilonining ham ochilish marosimi o`tkazildi. Unda Qozog`iston Respublikasi Davlat kotibi Gulshara Abdikalikova, Ostona shahri hokimi Aset Isekeshev O`zbekistonning Qozog`iston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Saidikrom Niyozxo`jaev ishtirok etib, mamlakatlarimizning azaliy do`stlik va strategik sheriklikka asoslangan hamkorligi yangi bosqichda izchil davom etayotganini alohida qayd etdi.
Tadbirda Qozog`istondagi o`zbek milliy madaniy markazi jamoasi tomonidan tayyorlangan madaniy dastur mehmonlar e`tiboriga havola etildi. 
60 kvadrat metrdan iborat “O`zbekiston” paviloni yurtimiz tarixi va bugunini o`zida aks ettirgan. Ikki qardosh xalqning buyuk allomalari – Navoiy va Abay siymosi xalqaro ko`rgazmaga alohida mazmun bag`ishlagan. Surat tagidagi javonda ushbu allomalarning buyuk merosi joy olgan. Pavilondagi monitorda mamlakatimizdagi nashriyotlar faoliyatiga bag`ishlangan videorolik namoyish etilmoqda.
“III Evroosiyo xalqaro kitob ko`rgazma yarmarkasi” doirasida mashhur yozuvchi va shoirlar, madaniyat namoyandari bilan uchrashuvlar, kitob targ`ibotiga doir taqdimotlar, davra suhbatlari, konferensiyalar o`tkaziladi.
O`zA xabariga ko`ra, xalqaro ko`rgazma yarmarkasi 28 aprelga qadar davom etadi.






