AsosiyJamiyat

Muxlisa Azizova Shuhrat Abbosov haqida: u jonli ensiklopediya edi

'Muxlisa Azizova Shuhrat Abbosov haqida: u jonli ensiklopediya edi'ning rasmi

Toshkentda 25 aprel kuni taniqli o`zbek kinorejissyori, ssenariynavis va pedagog Shuhrat Abbosov vafot etdi. U har bir o`zbekistonlikning qadrdoni edi, uni har bir mahalla, har bir uy va har bir oila tanirdi. Abbosov olgan filmlar O`zbekistonda eng sevimli va chin ma`noda xalqona filmlarga aylangan. Rejissyor Muxlisa Azizova Sputnik muxbiri bilan suhbatda bu buyuk ijodkor haqidagi xotiralari bilan o`rtoqlashdi.

"Men kuni kecha Scorpion filmi suratga olinayotgan Marokashdan uchib kelgandim va Toshkentda mana shu noxush xabarni eshitdim. Kinematografiyamizning buyuk rejissyori vafot etganini eshitib shokka tushdim. Ko`zyoshlarim to`xtamadi, ko`p narsalarni gapirgim keladi, ammo bunga kuchim etmaydi. Butun boshli bir davr bizni tark etmoqda", — dedi Muxlisa Azizova.

O`tgan yil kuzida u o`zbek kinematografiyasi o`zbek kinematografiyasi arbobi bilan fotosessiya uyushtirgani va 86 yoshli Shuhrat Abbosovni fotoapparat qarshisida turishga qanday ko`ndirganini gapirib berdi.

O`tgan yili noyabrda Toshkentda yosh kinematografistlarning PROlogue qisqa metrajli filmlar festivali bo`lib o`tdi. Festivalni O`zbekistonning atoqli artistlariga bag`ishlangan "Afsonalar oramizda" deb nomlangan fotoko`rgazma ochib berdi. Loyiha muallifi rejissyor Muxlisa Azizova, suratkash esa G`ayrat Mo`minov bo`ldi.

"O`sha ko`rgazmaning bosh qiyofasi Shuhrat Abbosov bo`ldi. Biz unga "O`zbek kinematografiyasi qiroli" obrazini taklif etdik. U kishiga g`oyamizni tushuntirdik va u biz bilan ishlashga rozi bo`ldi", — deya xotirlaydi Muxlisa Azizova.

Kadr iz filma Abu Reyxan Beruni (Uzbekfilm, 1974 god). Rejisser-postanovshik Shuxrat Abbasov. V rolyax: Zaslujenny artist Uzbekskoy SSR Pulat Saidkasmov i Tamara Shakirova.

"Abu Rayhon Beruniy" filmidan olingan kadr (O`zbekfilm, 1974 y). Rejissyor-sahnalashtiruvchi Shuhrat Abbosov.

U kishi o`zini yomon his qilishiga qaramay suratga olish ishlariga keldi. Fotosessiya ikki soat davom etdi. Bu ikki soat ijodiy loyiha qatnashchilari uchun eng qimmatli soatlar edi. suratga olish boshlangach, Abbosov mohirona ravishda taklif etilgan qahramonga aylandi.

Ijodiy guruhning keyinchalik eslashicha, ularning ko`z oldida qariya emas, salobatli va tinim bilmas daho namoyon bo`ldi.

"U tirik qomus edi. U kishining o`sha kuni aytgan har bir so`zi hali-hanuz yodimda. Go`yoki ustoz master-klass o`tayotganday his qilgandim o`zimni. Shuhrat Solihovich bilan ishlash juda oson bo`lgandi, vaqt birpasda o`tib ketgan", — deydi Muxlisa Azizova.

U shuningdek, Abbosovdan ko`zoynagini olib qo`yishga deyarli bir soatda ko`ndirishganini ham esladi. U kishi ko`zoynakli obraziga shunchalik o`rganib qolgan ediki, uni olib qo`yishni xayoliga ham keltirmasdi.

"Iltimos, Shuhrat aka, menga ko`zlaringiz ko`zoynaksiz kerak", — deya iltimos qiladi yosh rejissyor.

Kadr iz filma T ne sirota. Rejisser: Shuxrat Abbasov. Kinostudiya Uzbekfilm.

"Sen etim emassan" filmidan kadr. Rejissyor: Shuhrat Abbosov. "O`zbekfilm" kinostudiyasi.

Va u kishi bunga ko`nadi.

"U kishining ko`zlari qanday edi! Ajoyib deyish hech narsa demaslik bilan barobar. Bu ko`zlarda cheksiz donolik va mehr mujassam edi", — deydi Muxlisa.

Afsuski, Shuhrat Abbosov ko`rgazmaga sog`lig`i sababli kela olmadi. O`rniga u kishining o`g`li keldi.

Muxlisa Azizova afsonaviy rejissyor bilan ilk uchrashuvini ham yodga oldi. Bu "E`tirof-2014" milliy mukofotini topshirish marosimida bo`lgan. O`shanda Muxlisa prodyuserlik qilgan "Geolog" filmi "Yilning eng yaxshi filmi" nominasiyasida g`olib bo`lgandi.

"Mukofotni topshirish uchun sahnaga o`zbek kinosining klassigi Shuhrat Abbosov chiqib keldi. Juda hayajonda edim: menga o`zbek kinosi darg`asining shaxsan o`zi mukofot topshirgandi", — deya xotirladi Muxlisa Azizova.

O`sha oqshom Shuhrat Solihovich boshlovchi rejissyorni qutlar ekan, "Ko`zlaringda qandaydir boshqachalikni ko`ryapman", deydi.

Muxlisaning aytishicha, bu so`zlar kino arbobi tomonidan qo`llab-quvvatlov so`zlari bo`lgan.

"2014 yilda u kishidan ana shunday ishonchiga sazovor bo`lganman", — deydi Muxlisa.

Millionlab o`zbek teletomoshabinlari singari u ham Shuhrat Abbosov filmlarini tomosha qilib ulg`aygan. Yarim asrdirki "Mahallada duv-duv gap" filmi xalqning eng sevimli filmi bo`lib kelmoqda. U uzoq 1960 yilda suratga olingan. Lekin film syujeti va bosh qahramonlariga o`xshashliklar hozir ham topiladi.

"Men judayam baxtli insonman, chunki u kishining so`nggi fotosuratlarini olganman", — dedi Muxlisa suhbat so`ngida.

Shuhrat Abbosov filmlari O`zbekiston kinematografiyasi oltin fondidan mustahkam o`rin olgan. Uning filmlari har doim sevib tomosha qilinadi.

    Boshqa yangiliklar