1

Buxorolik Amir Sulton – Yildirim Boyazidning kuyovi

Moziydan sado 27.04.2018, 10:23
Buxorolik Amir Sulton – Yildirim Boyazidning kuyovi

Amir Sulton Usmonlilar davrida yashagan, tafsir, hadis, kalom olimi va mutasavvufdir. Ismi Muhammad bin Ali al-Husayniy al-Buxoriy bo`lib, laqabi Shamsiddindir. Hijriy 770 (milodiy 1368) yilda Buxoroda tug`ildi. Hijriy 833 (milodiy 1430) yilda Bursada vafot etdi. Qabri Bursadagi uning nomi bilan ataluvchi jome masjidi yonidadir. Sayyid (ya`ni payg`ambarimiz avlodidan) bo`lib, nasl-nasabi Hazrati Husaynga borib taqaladi.

Buxoroda voyaga etgan Amir Sulton ilm talabida Makka va Madinaga boradi. Haj vazifasini ado etganidan so`ng niyati Madinaga joylashish edi. Biroq u erda ko`rgan bir tush sababli fikrini o`zgartiradi va Turkiyaning Bursa shahriga yo`l oladi.

Buxoroda tug`ilgani uchun unga “Muhammad Buxoriy”, Sayyid (ya`ni Payg`ambarimiz avlodidan) bo`lgani uchun “Amir Buxoriy”, Yildirim Boyazidxonga kuyov bo`lganidan keyin esa unga “Amir Sulton” nasablari berilgan.

Bursada Shamsiddin Fanoriy degan ulug` zotdan dars oldi. Shamsiddin Fanoriy unga tabarruk dasxati bilan vasiqa – shahodatnoma yozib berdi.

Eng avvalo, Sulton Boyazidxon va bursaliklarning hurmat-ehtiromiga sazovor bo`ldi, mehrini qozondi.

Amir Sultonni juda sevgan va hurmat qilgan Sulton Boyazidxon bu sevgisining alomati o`laroq unga qizini nikohlab berdi. Sulton Boyazid xonga Abbosiy xalifasi tomonidan “Sultoni iqlimi Rum” unvoni berilganida Amir Sulton xonga bu sharafli unvonning ramzi bo`lgan qilichni tantanali ravishda topshirgandi.

O`z davrining ulug` valiylaridan sanalgan Amir Sulton “Karomatlar Sultoni” deya ham esga olinadi.

Zamonasining Usmonli sultonlari bu zotga hurmat ko`rsatishar, safarga chiqishlaridan oldin huzuriga kelib duolarini olishardi.

Amir Sulton o`z faoliyati davomida din, millat, Vatan ravnaqi yo`lida ulkan xizmatlar qildi.

Vafotidan keyin ham ma`naviy yordamlari, kashfu karomatlariga sarhadlardagi g`oziylar guvoh bo`lgani bot-bot aytiladi.

***

Amir Sulton hazratlari qanchalik urinmasin, Temur – Yildirim to`qnashuvini to`xtatolmadi. Ikki musulmon turk qo`shinining o`zaro jang qilishini hech xohlamagan Amir Sulton oqibat nima bo`lishini juda yaxshi bilar edi. Anqara jangi boshlanishiga juda oz vaqt qolganida ahli ayoli Hindi Xotunning iltimosi; Alloh taoloning izn-irodasi bilan bir zumda sarhadga bordi. U erda Sulton Boyazidxon bilan ko`rishib, gaplashishiga qaramay, podshohni jang qilish niyatidan voz kechtira olmadi. Amir Sulton ogohlantirgani kabi, jang Yildirim Boyazidning zarariga yakun topdi.

***

Amir Sulton Bursaga kelganida Yildirim Boyazidxon Mojar (Vengriya) qo`shiniga qarshi jang qilardi. Dushman qo`shini Usmonli lashkarlariga kuchli zarba va talofat etkazardi. Bu asnoda bir yosh yigit yaradorlarning yarasini bog`lar, ba`zan esa qo`llarini ochib, duo qilardi. Bilagidan yaralangan Boyazidxonning bu yigitga nisbatan qalbida bir yaqinlik, iliqlik paydo bo`ldi. Yoniga borib “Mening ham bilagimda yara bor”, deyishi bilan bu yigit cho`ntagidan bir dastro`mol olib: “Sulton hazratlari, ijozatingiz bilan yarangizni bu dastro`mol bilan bog`layin”, deydi.

Tong otgach, Amir Sulton bog`lagan barcha yaralar bitgani, askarlar sog`ayib oyoqqa turganlarini Yildirim Boyazidxonga xabar berishdi. Yildirim Boyazid ham qiziqib o`z yarasini ochar ekan, bilagidagi dastro`mol ayoli fotihalangan payti unga hadya etgan dastro`mol ekanini ko`rdi.

Kecha oqshom askarlarning yaralarini bog`lagan yigitni huzuriga olib kelishlarini buyurdi. Biroq u fidokorni topolmadilar. (U Buxorodan kelgan Amir Sulton edi).

***

Shu asnoda Yildirim Boyazidning qizi tushida Janobi Payg`ambarimizni ko`radi. Rasuli akram alayhissalom unga: “Farzandim Muhammad Buxoriyga turmushga chiq, zinhor so`zimni rad etma”, deya marhamat qiladi. Pokiza ruhli, odob va hayo sohibasi bo`lgan Hindi Fotima Sulton bu tushni hech kimga aytolmadi. Ittifoqo ertasi kuni Rasuli akram alayhissalomni yana tushida ko`radi. Sarvari olam unga: “Agar oxiratda senga shafoatchi bo`lishimni istasang, Muhammad Buxoriyga turmushga chiq”, deydilar. Holbuki, o`sha kunlari Hindi Fotima Sulton bilan Rumeli Beklar begi Sulaymon Podshoning turmush qurayotgani gapirilayotgan edi.

***

Hindi Sulton bu chorasizlikdan qiynalib, duolar qildi. “Qiziq, Amir Buxoriy bu hodisalardan xabardormikan?..” der edi. Kim orqa

li va qanday xabar yuborishni o`yladi. Nihoyat, o`zi kabi boadab va bohayo xizmatkoriga tushini aytib berdi va bu haqda borib Amir Sultonga gapirishini aytdi. Xizmatkor kelib, bu borada Amir Sultonga xabar etkazganida u: “Bu hol bizga ham ma`lumdir. Bu nikoh Allohning xohish-irodasi... Vaziyatni Hindi Sultonga etkazing...”, – dedi. Shundan so`ng Amir Sulton sovchilar yuborib sulton qizining qo`lini so`radi...

***

Amir Sulton Buxoriy hazratlari quyidagi mazmundagi she`rni bot-bot o`qir ekanlar:

Agar ko`ngling men-la bo`lsa,

Yamanda bo`lsang-da, yonimdasan.

Agar ko`ngling men-la bo`lmasa,

Yonimda bo`lsang-da, uzoqdasan.

Tingla, Haq na xush so`yladi,

“Zabur”da Dovudga aytdi:

“Dushman bo`l avval nafs balosiga,

Undan Menga ergashmoq-la qutulgaysan”.

Kel, sen ham dushman bo`l nafsingga,

Zoe ayla uni har ne tilarsa.

Darhol tashlagin riyoni,

O`zingga rahbar qil avliyoni.

Agar anglasang, shudir senga yo`l,

Nafsing yomonligidan xalos bo`l.

Nafsing murodidan uzoq tur,

Ergashma shaytonga, undan yiroq yur.

Abdumurod Tilavov,

filologiya fanlari nomzodi.

O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1