1

Tarixiy uchrashuv: Kim Chen In Janubga qadam qo`ygan ilk KXDR rahbari

Dunyo 27.04.2018, 12:27
Tarixiy uchrashuv: Kim Chen In Janubga qadam qo`ygan ilk KXDR rahbari

Shimoliy va Janubiy Koreya etakchilari harbiy kuchlardan xoli hudud Pxanmunjom chegara qismida oliy darajada muzokara o`tkazmoqda.

Kutilganidek, bugun Shimoliy va Janubiy Koreya davlatlari rahbarlari Kim Chen In va Mun Chje In uchrashdi. Nafaqat ikki mamlakat, balki dunyo afkor ommasi tomonidan uzoq kutilgan mazkur sammit Koreya yarim orolida tinchlikni ta`minlash, yaxshi qo`shnichilik munosabatlari o`rnatilishida muhim qadam hisoblanadi.

Sammitning birinchi qismida Koreya yarim orolini yadroquroldan holi hududga aylantirish masalasi diqqat e`tiborda bo`lgan. Muhokama jarayonida Kim Chen In o`zaro qarama-qarshilikka chek qo`yishga chaqirib, uzoq kutilgan yaxshi qo`shnichilik munosabatlariga fursat kelganini ta`kidlagan. O`z navbatida Mun Chje In ham ikki davlat o`rtasidagi mustahkam aloqalarning o`rnatilishiga tilak bildirgan. Shu bilan birga Koreya Respublikasi Prezidenti ikki mamlakat o`rtasida temir yo`l qatnovini yo`lga qo`yishni taklif etgan.

Muzokaralar davom etmoqda. Sammit yakuniga qadar tomonlar Shimol va Janub munosabatlarini yaxshilash, o`zaro tinchlikni ta`minlash va mamlakatlarni qayta birlashtirish istiqbollarini muhokama etishni rejalashtirgan.

Tarixiy uchrashuvgacha: O`tgan 2017 yilda KXDR ketma-ket yadroviy sinovlar o`tkazgandan so`ng BMT Xavfsizlik Kengashi Pxenyanga qarshi cheklovlar joriy qildi. O`z navbatida AQSh va Janubiy Koreya ham dunyo hamjamiyatini Shimoliy Koreyaga bosim o`tkazishga chaqirdi. Janubiy va Shimoliy Koreya munosabatlarining iliqlashuvi esa Pxenchan qishki Olimpiadasi va Kim Chen Inning singlisi Kim E Chjonning Koreya Respublikasiga amalga oshirgan rasmiy tashrifi fonida yuz berdi. O`tgan haftada Kim Chen In AQSh davlat kotibiga nomzod Mayk Pompeo bilan ham uchrashib, mamlakat yadro poligonida Amerika tomoni tekshiruv olib borishiga rozilik berdi. E`tirof etish kerakki, AQSh va KXDR tomonlarining bu darajadagi muzokarasi 2000 yildan buyon kuzatilmayotgan edi. Joriy yilning 20 aprelida Kim Chen In Koreya yarim orolini yadlroquroldan holi hududga aylantirish borasida muhim qarorni rasman ma`lum qildi. Unga ko`ra KXDR bundan buyon raketa-yadroviy sinovlarni to`xtatadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1