O`zbekiston hududida 1993 yil 17 iyungacha qabul qilingan va Adliya vazirligida ro`yxatdan o`tmagan umummajburiy idoraviy hujjatlar, shu jumladan, sobiq SSSRning idoraviy hujjatlari o`z kuchini yo`qotadi. Bu haqda Adliya vazirligi Telegram kanali xabar bermoqda.
Vazirlikning bildirishicha, aynan 1993 yil 17 iyunga qadar vazirliklar, davlat qo`mitalari va idoralar umummajburiy tusdagi normativ hujjatlar huquqiy ekspertizadan o`tkazilmagan, mazkur hujjatlar ro`yxatga olingach ularga o`zgartirish kiritilganda ham biron-bir idora bilan kelishilmagan. Har bir idora o`z foydasiga qonun hujjatlarini qabul qilib, ish yuritavergan.
"Bu hujjatlar Konstitusiyamizga yoki qonun hujjatlariga to`g`ri keladimi-yo`qmi, nazorat qilinmagan. Chunki bunday vakolat tayinli biron tashkilot zimmasiga yuklanmagan edi. Aynan 1993 yil 17 iyunda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilinib, unga ko`ra vazirliklar, davlat qo`mitalari, idoralar umummajburiy bo`lgan normativ hujjatlar (buyruqlar, nizomlar, yo`riqnomalar va boshqalar)ni tayyorlayotganlarida ularning loyihalarini ekspertizadan o`tkazish uchun Adliya vazirligiga taqdim etishlari majburiy etib belgilandi. Shu sababli 1993 yil 17 iyungacha qabul qilingan umummajburiy bo`lgan idoraviy hujjatlar o`z kuchini yo`qotishi nazarda tutilmoqda", — deyiladi xabarda.
Xabar qilinishicha, shu yilning 23 aprel kuni Adliya vazirligida 25 ta manfaatdor davlat tashkilotlari bilan birinchi ishchi yig`ilish o`tkazildi. Unda 1993 yilgacha qabul qilingan yuzga yaqin qonun hujjatlarining dolzarbligi jiddiy o`rganilib, ularning ayrimlari yangi tahrirda qabul qilinishi yuzasidan takliflar bildirildi.
"Yig`ilish davomida aniqlangan ayrim holatlar, jumladan, xodimlarga 1985-1986 yillarda qabul qilingan Turli mutaxassisliklar bo`yicha soatbay ishlaydigan xodimlar uchun yagona soha me`yorlari asosida bugungi kunga qadar oylik to`lanib kelinayotganligi ko`pchilikni taajjublantirdi", — deb yoziladi xabarda.
Shu bilan birga yig`ilish ishtirokchilari davlat pensiyalari va nafaqalarini tayinlash hamda to`lash tartibi, harbiy xizmatchilar uchun pensiya ta`minoti tizimini tashkil etish, ularning oilalari va Mudofaa vazirligi nafaqaxo`rlariga ijtimoiy xizmat ko`rsatish, sog`liqni saqlash tizimini tartibga solishga doir qonun hujjatlarining muhim jihatlariga ham to`xtalib o`tishdi.
Vazirlik qisqa muddat ichida Vazirlar Mahkamasiga o`z kuchini yo`qotayotgan normativ-huquqiy hujjatlar o`rniga yangilarini ishlab chiqish bo`yicha chora-tadbirlar rejasi loyihasi kiritilishini ma`lum qilgan.
Ma`lumot o`rnida keltirilishicha, yuqorida keltirilgan tartibga ko`ra, Ichki ishlar, Sog`liqni saqlash va Adliya vazirliklari tomonidan 1992 yil 18 aprelda tasdiqlangan "Transport vositalarini boshqarayotgan shaxslarni mastlik holatini aniqlash uchun tibbiy tekshiruviga yo`llash hamda alkogol yoki tarkibida alkogol bo`lgan ichimliklarni, giyohvand yoki boshqa gangituvchi moddalarni iste`mol qilganlik hollarini aniqlash tartibi to`g`risidagi Yo`riqnoma" ham o`z kuchini yo`qotadi.






