AsosiyJamiyat

Qarzga botirgan boshqalar, “uysiz” qolayotgan jurnalistlar

'Qarzga botirgan boshqalar, “uysiz” qolayotgan jurnalistlar'ning rasmi

15 MILLIARD SO`M QARZDORLIK QAERDAN KELDI?

Toshkentning markazida joylashgan “Matbuotchilar uyi” 30 yildan ortiq vaqt mobaynida jurnalistlarning ijodiy markazi bo`lib kelgan. Bu maskanda 1984 yildan buyon ustoz-shogird an`analari bilan qanchadan-qancha jurnalistlar, ijodkorlar etishib chiqqan. Bu er ko`pgina ijodkorlar uchun muqaddas maskan. O`zbekistonning qaysi viloyatidan bo`lmasin jurnalistlar poytaxt qalam ahli bilan uchrashish uchun to`g`ri matbuotchilar uyiga qarab yo`l oladi. Bu maskandagi ijodiy muhit va uning o`tmishi alohida bir kitobga jo bo`lishga arziydigan mavzu. Afsuski, bugun ushbu bino tarixga aylanish arafasida.

Joriy yilning 21 aprel kuni “Matbuotchilar uyi” auksionga qo`yilgani OAVda e`lon qilindi.

Ma`lum qilinishicha, xalq orasida “Gazeta korpusi” nomi bilan mashhur bo`lgan bino 15 milliard so`mdan ortiq qarzdorlikka ega. Bugungi kundagi gazetalarning tang ahvoli shunday katta miqdordagi qarzdorlikni keltirib chiqardimi? Nima uchun jurnalistlar “ijodiy uyi”dan ajralib qolmoqda?

Aniq ma`lumotlarda qayd etilishicha, “Matbuotchilar uyi”da mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy hayotini yoritib kelayotgan jurnalistlarning “gazeta korpusi” ortidagi 15 millard so`m qarzdorlikka umuman aloqasi yo`q. Yanayam aniqrog`i pullarni ishlatgan boshqalar-u, “to`layotgan” jabr ko`rayotgan qalam ahli bo`lmoqda.

Ma`lumotlarga ko`ra, “O`zsanoatqurilishbank” Mirobod tumani yuristining axborot berishicha “Matbuotchilar uyi” Toshkent shahar “Toshbozorsavdo” uyushmasi tomonidan mazkur bankka garovga qo`yilgan. So`rovimiz yuzasidan “Toshbozorsavdo” uyushmasi vakilining dalolat berishicha, Toshkent shahar hokimiyati qarori bilan “Toshbozorsavdo” uyushmasiga kredit olish maqsadida garov ta`minoti sifatida “Matbuotchilar uyi” qo`yilgan. Biroq “Toshbozorsavdo” uyushmasi nodavlat, notijorat maqomga ega bo`lib, uyushma “Matbuotchilar uyi”ni garovga qo`yish huquqiga ega emas. Garovga qo`yish huquqi va qaror Toshkent shahar hokimiyati tomonidan 2016-2017 yillarda amalga oshirilgan. Buni qarangki, hokimiyat 2016-2017 yillarda bozorlarni ta`mirlash, qurish evaziga “Matbuotchilar uyi”ni, ya`ni ma`rifat maskanini qurbon qilgan. Aytishlaricha, kredit “Toshbozorsavdo” uyushmasi xarajatlari uchun olingan va sarflangan.

Qiziq, “Toshbozorsavdo” uyushma vakilining aytishicha, 2016, 2017 yillarda “Matbuotchilar uyi” garovga qo`yilib, mablag` olingan. Oradan shuncha vaqt o`tishiga qaramay bozorga sarflangan kredit qoplanmagan. Bizga olingan kredit miqdori ochiq aytilmadi, lekin mustaqil iqtisodchi ekspertlarning dalolat berishicha agar kredit “Toshbozorsavdo” uyushmasi tomonidan Toshkent bozorlarini rekonstruksiya qilish va qurishga sarflangan bo`lsa, bozorlar daromadi orqali shuncha yil ichida osongina kredit qoplanishi kerak edi. Bozor daromadli joy. Shunday emasmi? Agar, kredit qoplanishining iloji bo`lmagan taqdirda ham “Toshbozorsavdo” uyushmasi xarajatlariga nima uchun ma`naviyat va ma`rifat markazi bo`lgan “matbuotchilar uyi” tavon to`lashi kerak?

KREDIT, QARZ VA GAROV UYuShTIRILGAN SPEKTAKLMI?

“O`zsanoatqurilishbank” “Matbuotchilar uyi” kim tomonidan garovga qo`yilganini ochiqlagan bo`lsa-da, kredit miqdori va boshqa tafsilotlarni oshkor qilmadi. Toshkent shahar hokimiyati “Gazeta korpusi”ni garovga qo`yish orqali, kimdir auksionda osongina unga egalik qilishiga erishmoqdami?

gazeta4.jpg

Yuqoridagi bank, kredit va garov huddi uyushtirilgan spektaklga o`xshaydi. Toshkent markazida joylashgan “Matbuotchilar uyi” shahar markazida joylashgani tufayli uning xozirgi binosidan boshqa iqtisodiy yo`nalishda foydalanib, katta daromad qilish mumkin. Misol uchun, shahar markazidagi mehmonxona “Matbuotchilar uyi”ga nisbatan ko`proq daromad keltiradi. Lekin, daromaddan ham ustunroq tarix, ma`naviyat va madaniyat degan tushunchalar bor yoki bu haqda yozish urfdan qoldimi? Shunday daromadli maskanni garovga qo`yish orqali unga ko`z tikib turgan yirik biznesmenlarga yo`l ochib berish mumkin. Bu, albatta, taxmindir xolos.

Garov mulki sifatida ushbu bino Mirobod tumani Majburiy ijro byurosi tomonidan boshlang`ich bahosi 18 milliard 750 millon so`m bilan auksionga qo`yildi. Auksion onlayn tarzda bo`lib o`tadi. Auksionda qatnashish uchun davlat boji hamda bino uchun qo`yilgan dastlabki narxning 5 foizini to`lab, onlayn tarzda ro`yxatdan o`tish lozim. Binoni sotib olishga da`vogar bo`lgan shaxslar soni faqatgina auksion vaqtida ma`lum bo`ladi. Auksion bugun — 5 may kuni 9:00 dan 18:00 ga qadar bo`lib o`tadi.

TAHRIRIYaTLARDA NIMA GAP?

Hozirda "Matbuotchilar uyi"da bir qancha davlat va xususiy gazetalari faoliyat yuritib kelmoqda. Ijarada turgan tahririyatlar uch tomonlama shartnoma tuzadi. Shartnomaning bir qismi davlat mulkini ijaraga berish markazi, ikkinchi tomoni mazkur binoni ekspluatasiya qilish huquqiga ega bo`lgan MChJga tegishli. Binoni ekspluatasiya qilish huquqiga ega bo`lgan MChJ mas`ulining aytishicha, ular tomonidan qarzdorlik qayd etilmagan. Ular binoning huquqiy egasi bo`lmagani uchun “Matbuotchilar uyi”ning garov, kredit va qarz tarixlaridan xabardor emas. Shuningdek, MChJ mas`ulining so`zlariga ko`ra, mazkur bino auksionga qo`yilganidan matbuot, ya`ni internet orqali xabar topgan.

TARIXGA NAZAR

Garov ta`minoti sifatida qo`yilgan "Matbuotchilar uyi"ning o`z tarixi bor. Ustoz jurnalistlarning dalolat berishicha, 1983 yillarda hozirgi “Sharq” nashriyotining 16 qavatli binosida joylashgan ko`pgina gazetalar “Matbuotchilar uyi”ga ko`chib kela boshlagan. 1984 yillardan mazkur binoda tahririyatlar to`liq ishlagan. “Matbuotchilar uyi” 1966 yillarda poydevori qurilib, salkam 18 yil qolib ketgan.

gazeta5.jpg

Ustoz jurnalistlar guvohlik berishicha, bu yillar oralig`ida bu bino “banditlar qarorgohi” bo`lgan. Ko`rimsiz va kimsasiz chala qolgan qurilish ko`pgina ko`cha bezorilari uchun janjalli vaziyatlarni hal qilish joyiga aylangan edi. Keyinchalik, aynan jurnalistlar faolligi bilan qarovsiz qolgan bino qurilishi tezlashtirilib, tahririyatlar ko`chirilib, haqiqiy ijod uyiga aylantirilgan.

Shuning uchun ham bugungi kunda jurnalistikamizning ustozlari bo`lgan har bir ijodkor uchun "Matbuotchilar uyi" muqaddas joy hisoblanadi. Uni matbuot jurnalistikasining ramzi ham deyish mumkin.

RAMZIY MA`NODAGI TO`RTINChI HOKIMIYaTNI ChETGA SURIB QO`YISh QANChALIK TO`G`RI?


“Matbuotchilar uyi”ni auksionga qo`yib sotish, uni daromadli ob`ektga aylantirish, ramziy ma`nodagi to`rtinchi hokimiyat bo`lgan OAVni chetga surib qo`yish qanchalik to`g`ri?


Bu borada “Qishloq hayoti” gazetasi Bosh muharriri Chori Latipov shunday dedi:


— “Matbuotchilar uyi” Toshkent shahar hokimiyatining mulki hisoblanadi. Biz tahririyatimiz bilan bu joyni bo`shatib bermaymiz, deyishga haqqimiz yo`q. Lekin bu erdan jurnalistlarning ketkazilishi oqibatida kelib chiqadigan muammolarni eslatib o`tishni istardim.

Jurnalistlarning, umuman, ijod ahlining bir qo`nim maskaniga moslashish odati bo`ladi. Ijodkor o`z kursi, o`z maskaniga kirib kelguncha yozishga qo`li bormaydi. Ijodkorda shunday xislat bor. Uni doimiy o`rganib, ijod qiladigan joyidan ko`chirish uning ijodiga salbiy ta`sir ko`rsatadi ham qalam ahlining ijoddan ko`ngli soviydi.


Bilishimizcha, qaysidir qarzni uzish uchun bu bino sotilayotgan ekan. Yashirmaymiz, shundog`am ko`ngilchanlikka moyil bo`lgan ijod ahli bu harakatlarni o`zlariga bo`lgan salbiy munosabat, deb qabul qilishi tabiiy.

TANLOV.jpg


Shuningdek, bu binoda texnik va ijodiy jihatdan qulayliklar bor. Binodan jurnalistlar ko`chirilsa, ular har tarafga sochilib ketadi, ijodiy masofa uzoqlashadi, ijodiy muhit, hamkorlik, o`zaro tajriba almashish degan narsalarga putur etadi. Barcha ijod ahlining bir-biriga yaqin bo`lishi, bir-biri bilan muloqot qilib turishi zarur, deb o`ylayman.

Qolaversa, nashrlar bilan bog`liq bo`lgan fuqarolar ishida ham ovoragarchilik ko`payadi. Hozirgi sharoitda nashrlar bilan ishi bog`langan inson binoga kelgach, unisida bo`lmasa bunisida ishi bitadi. Tahririyatlar shahar bo`ylab sochilib ketganda esa qaysidir hududdan nashrga bir yumush bilan kelgan odamga bizning nashrda bu ishingiz bitmaydi deyilsa, ikkinchi bir nashrni izlab shahar aylanishiga to`g`ri keladi.

Yana bir jihati, bu erda ijara haqlarida imkoniyatlar nazarda tutilgan. Boshqa joyda ijara narxlari oshib ketadi. Bu aniq. Chunki bu bino ta`mirtalab, qolaversa, idoraviy faoliyatgagina moslashgan binoni sotib olgan yangi ega buni boshqa bir foydali faoliyatga moslashi (kelajakda foyda ko`rish uchun sotib oladi) uchun uni sotib olish narxidan kam mablag` sarflamaydi. Har holda gazetalarning ijara puli uni qanoatlantirmaydi. Gazetalar ayni damda moddiy qiyinchilikda, qog`oz narxlari 2.6 barobar oshgan.

Agar binoni bo`shatib berish kerak bo`lsa, endi nashrlar oldida joy qidirish muammosi paydo bo`ladi. Tarmoq gazetalariga muassis joy ajratadi, degan fikrlar bor. Lekin misol uchun “Qishloq hayoti” gazetasining 22 ta muassisi bor. Gazeta endi 22 joyga bo`linib boradimi..?

Bu o`rinda kelib chiqadigan muammolar talaygina. Sanasak sanoqqa sig`maydi. Bu binoga, ya`ni "Gazeta korpusi" deya manziliga etib keladigan, nashrlarga kelish uchun manzil so`ralganda shunday atama bilan tushuntiradigan ijod ahli bu atamani qanday unutarkan.

Eng ta`sirlisi, shahar hokimi "Matbuotchilar uyi" nomi bugungi kunda bunday nomlanishga mantiqan mos emasligi bois boshqa nomga o`zgartirilsin!", degan hujjatni imzolagan bo`lsa kerak. Bu tabiiy. Matbuot yo`q ko`chada bu nom nima qiladi? Hech bo`lmasa har kuni bu ko`chada tinmay sayr qilib yurgan sayyohlarga kulgi bo`lmaslik uchun ham bu hujjat imzolanadi.

Yana bilmadim, balki bu o`rinda echim topib qo`yilgandiru, biz bundan xabardor emasdirmiz. Balki bu hamkasblar faoliyatiga tegishli shart sharoitlar masalasining ijobiy tomonga siljishiga sabab bo`luvchi bir holatdir. Nima bo`lganda ham oqilona echim baribir bo`ladi, deb umid qilamiz. Menimcha, ba`zi ijtimoiy tarmoqlar ovoza qilganidek, gazetalar ahvoli endi ne kechadi, qabilidagi xavotirga o`rin yo`q.

MATBUOT RAMZI AQShDA “NYu-YORK TAYMS” BO`LSA, BIZDA “GAZETA KORPUSI” EDI...

Xorijiy davlatlarda bo`lganingizda, har bir saylgoh va binolarning o`ziga xos tarixini eshitib, o`sha davlat madaniyati, siyosiy tarixi haqida fikrga ega bo`lasiz.

gazeta8.jpg


Nyu-York, “Tayms” sayilgohi, 56 qavatli “Nyu york tayms” gazetasi va boshqa etakchi nashrlar joylashgan osmono`par bino.

“Nyu York tayms” tahririyati yaqinidagi saylgohda doim odam gavjum. Bu erning ham o`ziga xos tarixi bor. Aytishlaricha, gazeta jurnalistlaridan biri o`sha erda odamlar diqqatini tortib, baland ovozda bo`lajak maqolasi fikrlari bilan bo`lishgan, ulardan munosabat so`ragan. Bora-bora o`sha maydon odamlar bilan gavjum saylgohga aylangan. Bugun bu saylgoh sayyoh va mahalliy aholi orasida juda mashhur va hamon gavjum maskan. O`ylab qolasan qaerdadir odamlar tarix yaratadi, yana qaerdadir yaralgan tarixni buzishga intiladi.


Amerikaliklar ham juda yaxshi biladi, gazetchilar binosi yoki hiyoboni katta daromad olib kelmasligini, ammo fikrlar xilma-xilligi, jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladigan OAVlarni o`zidan uzoqlashtirmaydi.


O`zbekistonning etakchi nashrlari joylashgan “Matbuotchilar uyi”ining ham o`ziga yarasha tarixi va “bosib o`tgan” siyosiy davrlari bor. Bu binolar kim uchundir oddiygina ko`p qavatli oynali devorlardir, lekin ma`rifat ahli uchun ular yillar to`foniga bardosh berib, avloddan-avlodga tarixning bir bo`lagini, ruhini olib o`tayotgan maskandir. Matbuot bilan xayrlashmaylik, jurnalistlarning ramziy uyiga aylangan maskanni tijorat maqsadida qurbon qilmaylik. Bizgacha shakllanib etib kelgan tarixni, an`anani buzishga haqqimiz bormi?

GAZETALAR TAQDIRI HAL BO`LGANMI?

“Matbuotchilar uyi” bugungi kunda ta`mirtalab bo`lib, tang ahvolga kelib qolgan. Bu xuddi bugungi kundagi jurnalistikamiz vaziyatini izohlaganday ko`rinadi. Go`yoki, qalami o`tkir, muammolarni zabardast ko`tarib chiquvchi ijodkorlarga hokimiyatdan e`tibor, hurmat yo`qdek.

gazeta1.jpg

Ushbu binoni qayta ta`mirlab, xorijlik mehmonlarga jurnalistikamiz tarixi va bugungi kungacha bosib o`tgan yo`lni ko`rsatuvchi maskanga aylantirish, qalam ahliga zamonaviy sharoit yaratib berish maqsadli ish bo`lmasmidi?

Xorijiy davlat siyosiy arboblari yoki ijodkorlari matbuotimiz bilan tanishish uchun “gazeta korpusi”ga borishi tabiiy. Hukumatning siyosiy-ijtimoiy hayotini yorituvchi, davlat mafkurasini etkazuvchi, davlat va xalq o`rtasida ko`prik bo`luvchi jurnalistlarning tarixiy joyini zamonaviy ko`rinishda ta`mirlanib, o`z o`rnida qoldirilishi lozim emasmi?

“Jurnalistlar uyushmasi”ni ham shu joyga ko`chirib, uni matbuotimiz yuziga aylantirish kerakmidi..?

Yangi mulkdor jurnalistlarga qanday munosabatda bo`ladi? Toshkent shahar hokimiyatidan bu masalaga adolatli echim kutsa bo`ladimi?.. Savollar ko`p faqat unga beriladigan javoblar kerak.

Ma`rifat uyini qarzga botirgan boshqalar, “uysiz” qolayotganlar esa jurnalistlar. Bu orada markazda joylashgan mo`may daromadli binoga ega chiqayotganlar yana boshqalardir. Matbuot uyini kim qutqaradi..?

Anora Sodiqova, O`zA

    Boshqa yangiliklar