JJ (haqiqiy ismi — Yoxannes Pich) “Yevrovideniye-2025”musiqiy tanlovining g‘olibi bo‘ldi. “Yevrovideniye”— har yili Yevropa mamlakatlari ishtirokida o‘tkaziladigan, dunyodagi eng yirik xalqaro estrada musobaqalaridan biridir. Unda har bir mamlakat o‘z vakilini yuboradi va jonli efir orqali ijro etilgan qo‘shiqlar asosida g‘olib aniqlanadi.
JJ tanlovdan keyin bergan intervyusida Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlari bois uni 2026-yilgi musobaqadan chetlatish kerakligini aytgan edi.
Avstriya davlat telekanali ORF bu fikrni ijodkorning “shaxsiy nuqtayi nazari” sifatida baholadi. ORF vakillari “Yevrovideniye” siyosat va san’atni aralashtirmaslik tamoyiliga amal qilishini ta’kidladi.
Oradan ko‘p o‘tmay, JJ rasmiy uzr so‘radi:
“Agar so‘zlarim noto‘g‘ri tushunilgan bo‘lsa, uzr so‘rayman. Men Isroil hukumatini tanqid qilaman, lekin har qanday tinch aholiga nisbatan zo‘ravonlikni — Isroilda bo‘lsin, Falastinda bo‘lsin — qoralayman”, — deydi u.
Shuningdek, qo‘shiqchi bu mavzuda boshqa izoh bermasligini bildirgan.