VATAN O`Z QAHRAMONLARINI UNUTMAYDI
Mustaqilligimizni asrash va yurtimiz tinchligini ta`minlashda bukilmas iroda va jasorat namunasini ko`rsatgan, bugungi tinch va osoyishta kunlar uchun jon fido qilgan mard o`g`lonlarini xalqimiz hech qachon unutmaydi.
Inomjon Ibragimov 1992 yilda Toshkent viloyatida tug`ilgan. 2011 yilda Bekobod pedagogika kasb-hunar kollejini tugatgan. U 2012 yildan Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qo`shinlari safida muddatli harbiy xizmatni o`tay boshlagan.
2012yil 17 iyul kuni O`zbekiston-Qirg`iziston chegara hududida xizmat vazifasini bajarish chog`ida halok bo`lgan.
O`zbekiston Respublikasi davlat chegaralarining daxlsizligini ta`minlashda, shuningdek, jangovar xizmat faoliyatida ko`rsatgan namunali xizmati uchun muddatli harbiy xizmat oddiy askari I.Ibragimov vafotidan so`ng «Jasorat» medali bilan taqdirlangan.
Xotira va qadr. Bu ikki tushunchani bir-biridan ajratib bo`lmaydi. Negaki, bugungi yorug` kunlarga nima hisobidan erishganimiz, bu yo`lda qanday og`ir kurashlar, azob-uqubat va yuqotishlar bo`lganini, qanchadan-qancha odamlar aziz jonini qurbon qilganini anglamaslik, tushunmaslik mana shu ozod, tinch va osuda hayotimiz qadriga etmaslik bilan barobardir. Muddatli harbiy xizmat oddiy askari Inomjon Ibragimov haqida so`z borganda, beixtiyor xayolimizdan shunday fikrlar kechdi. U hayotdan juda erta -20 yoshida ketgan bo`lsa-da, eslasa arzigulik umrni yashab o`tdi.
2012 yil 17 iyul. I.Ibragimov o`z safdoshlari qatorida mamlakatimizning Qirg`iziston Respublikasi bilan chegara hududini qo`riqlayotgan paytda 2 ta yuk avtomashinasi kelib to`xtaydi. Chegara naryadi ulardan belgilangan tartibda kerakli hujjatlarni taqdim etishini so`raydi. Ular talabga bo`ysunmaydi, aksincha, harbiy xizmatchilarni haqoratlaydi. Zo`ravonlik bilan o`z mashinasidagi noqonuniy yuklarni qanday bo`lsa-da, chegaradan olib o`tishga urinadi. O`rtada yuzaga kelgan vaziyat shu darajada taranglashadiki, jinoyatchilar qurol ishlatadi. Natijada muddatli harbiy xizmat oddiy askari Inomjon Ibragimov og`ir tan jarohati olib, voqea joyida halok bo`ladi...
Bekobod tumani «Zafar» aholi punktidagi oddiy bir xonadon. Oila boshlig`i Iskandar aka har kuni ishga borib keladi. Uyda ayoli va bolalari. Hayotning quvonch va tashvishlari bilan umr o`tib boraveradi. Ularning birovdan kam joyi yo`q.
Bir kuni ota-onalar majlisidan qaytgan Buhojar opa uyiga xursand kirib keldi:
— Dadasi, bilasizmi, o`qituvchilar nima dedi? «Inomjonning oyisi sizmisiz? Shunday bolani tarbiyalagan ota-onasiga rahmat», deyishdi.
Do`stlari qatori bu yigit ham harbiy xizmatga chaqirildi. Davlat xavfsizlik xizmati chegara ko`shinlarida o`z xizmat burchini o`tay boshlagan Inomjon harbiylikdan g`ururlanib xatlar yoza boshladi. To`lqinlanib yozilgan samimiy satrlarda shunday so`zlar bor ediki, uni o`qigan ota-onaning ko`ziga quvonch yoshlari kelardi. Harbiy qismdagi sport ishlari, jangovar tayyorgarlik mashg`ulotlarida faol ishtirok etishni boshlagan askar yigit tez orada jamoa orasida e`tiborga sazovor bo`ldi. O`zbekiston davlat chegaralarini ishonchli himoya qilish, mamlakatimizga noqonuniy yo`llar bilan qurol-yarog`, giyohvand moddalar kirib kelishining oldini olishni o`zining muqaddas burchi deb bilgan oddiy askar Inomjon Ibragimov hamisha ko`proq bilim olishga, do`stlariga yordam berishga, o`z xizmat vazifasini vijdonan ado etishga intilardi.
— Akasiga havas qilib, “Men ham chegarachi bo`laman, O`zbekistonimga xizmat qilaman”, deb quvnab gapirardi, - deydi Inomjonning otasi Iskandar Samatov. — Niyatiga ham etdi. Qasamyodiga sodiq qolib, aziz jonini ham ayamadi. Ba`zi bir bolalarga o`xshab ota-onasini xoru zor qilmadi, aksincha, mard yigitning ishini qildi.
— Har yili maktabimizni yuzdan ortiq o`quvchi bitiradi, - deydi xalk ta`limi a`lochisi Qosimjon Ernazarov. — Inomjonni juda yaxshi eslayman. U odobli, bilimdon o`quvchi edi. Jamoat ishlarida faol bo`lgan. Tarix, matematika fanlarini yaxshi ko`rar edi. Ustozlarini hurmat qilardi. “Harbiy bo`laman!” deb mag`rur aytar edi. Inomjonning chegaralarimiz himoyasi yo`lida jonini fido qilgani chinakam qahramonlik. Biz u bilan faxrlanamiz. Maktabda Inomjonning hayot yo`lini aks ettirgan burchak tashkil etganmiz. Inomjon o`tirgan partani alohida ajratib, unda a`lochi, jamoatchi, har tomonlama ibrat bo`ladigan o`quvchilar o`tiradi. Har yili 14 yanvar - Vatan himoyachilari kunida Inomjonning xotirasiga bag`ishlab sport musobaqalari o`tkazamiz.
Shunday jasur va mard o`g`lonni tarbiyalagan oilani mahalla-kuy, hokimiyat yolg`izlatib qo`ygani yo`q. Bayramlarda yo`qlab turadi. Hukumatimiz tomonidan ularga Bekobod shahridan 3 xonali kvartira ajratildi. Shahar ko`chalaridan biriga uning nomi berildi.