Biroz avval Ulug`bek Rahmatullaevning, hamkasbi Ziyoda Qobilovaga yo`llagan savollarini taqdim etgan edik. Endi ular o`rin almashishdi. Ziyoda doimiy duetdoshi Ulug`bek Rahmatullaevga beshta savol bilan murojaat etdi.
— "Meni sev" duetini kuylash haqida o`zingiz taklif bildirgan bo`lsangiz ham, unga klip suratga olishni uzoq o`yladingiz. Nega?
— Klip suratga olish kerakmi yoki yo`q degan ikkilanish bo`lgani yo`q. Lekin muxlislar ko`proq “Qirmizi olma” qo`shig`imga qiziqishgani sabab birinchi unga klip suratga olgandim. Shuning uchun ishimiz biroz cho`zildi. Lekin asosiysi, bugun qo`shig`imizning klipi bor. Muxlislarga ma`qul keldi, asosiysi ham shu.
— Bundan bir necha yil ilgari kuylagan duetimiz juda ommalashgani esingizdami? "Meni sev" ham uning muvaffaqiyatini qaytaradi, deb o`ylaysizmi?
— Haqiqatdan ham birinchi hamkorligimiz kutilgandan ham yaxshi natija bergandi. U paytda musiqiy telekanallar kam bo`lsa-da, uning tinglovchilari juda ko`p edi. “Meni sev” haqida esa hozircha bir nima deyolmayman. Talab bor, tinglashyapti. Bu ham natija!
— Uchinchi farzandingizning dunyoga kelishi hayotingizda nimalarni o`zgartirdi?
— Juda bolajon insonman, farzandlarim ko`p bo`lishini istayman. Chaqaloq hidini ham tez-tez sog`inib qoladigan odatim bor. Har bir farzandim tug`ilgach, ayrim salbiy odatlarim yo`qola boshlaydi. Farzandlarning tug`ilishi, faqat yaxshilik olib keladi.
— Tajribamdan bilaman qarindoshlar bilan ishlash oson emas. Sizning ham prodyuseringiz ukangiz... Birga ishlashda muammolar kelib chiqmaydimi?
— To`g`ri, yaqinlar bilan ishlash, juda mas`uliyatli. Doim qarindoshlik rishtalari ham borligini yodda tutish shart. Lekin jigarlarning o`rni boshqa. Senga ular kabi jon kuyduruvchi inson bo`lmaydi. Ukam Dilshod ish yurituvchim bo`lgandan xursandman. Erishgan yutuqlarimda uning ham hissasi katta, deb o`ylaman.
— O`zingiz haqingizdagi qaysi tanqiddan xafa bo`lgansiz?
— Tanqidlar doim bo`lgan va bundan keyin ham yo`qolmaydi. Ular orqasida ko`ngilga tegadiganlari ham yo`q emas. Lekin iloji boricha, har bir gapdan kerakli xulosa chiqarib, yashashga harakat qilaman.