1

Donald Tramp: Siz bilan Oq uyda uchrashish biz uchun sharaf

Siyosat 16.05.2018, 21:57
Donald Tramp:  Siz bilan Oq uyda uchrashish biz uchun sharaf

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 16 may kuni Oq uyda Amerika Qo`shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Suratga tushish marosimidan so`ng Oval kabinetda davlat rahbarlarining muloqoti bo`lib o`tdi.

Donald Tramp Prezidentimizni rasmiy tashrifi bilan qutlab, O`zbekiston AQSh uchun muhim davlat, strategik sherik ekanini qayd etdi.

O`zbekistonning obro`-e`tibori oshib bormoqda. Siz bilan Oq uyda uchrashish biz uchun sharaf, dedi AQSh Prezidenti.

Shavkat Mirziyoev taklif uchun minnatdorlik bildirib, AQSh O`zbekistonni izchil qo`llab-quvvatlab kelayotganini ta`kidladi.

O`zbekiston va AQShdagi Prezident saylovlaridan keyin mamlakatlarimiz munosabatlari yangi bosqichga ko`tarildi. Bugun qabul qilinadigan «O`zbekiston va Amerika Qo`shma Shtatlari: strategik sheriklik yangi davrining boshlanishi» nomli Qo`shma bayonot o`z nomi va mohiyati bilan ko`p narsani anglatadi. Tomonlarning uzoq kelajakka mo`ljallangan intilishlaridan dalolat beradi, dedi O`zbekiston Prezidenti.

Oliy darajadagi ushbu uchrashuv yangicha siyosiy muhitda kechayotgani bilan ahamiyatli. Shavkat Mirziyoev va Donald Tramp deyarli bir paytda Prezidentlik lavozimiga kirishgan, shundan so`ng ikki mamlakat o`rtasidagi munosabatlar bosqichma-bosqich faollashib kelayotgan edi.

Turli darajadagi delegasiyalar O`zbekiston va AQShda bo`ldi. Davlat rahbarlari 2017 yil may oyida Ar-Riyod shahrida va sentyabrda Nyu-Yorkda uchrashdi. Dekabrda bo`lib o`tgan telefon orqali muloqot chog`ida Donald Tramp Shavkat Mirziyoevni AQShga rasmiy tashrif buyurishga taklif etgan edi. Bu davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar xalqaro miqyosda tan olinayotganini anglatadi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1