1

Jeyms Moran: O`zbekiston jahon sahnasida yorqin yulduzlardan biri bo`ladi!

Siyosat 17.05.2018, 09:03
Jeyms Moran: O`zbekiston jahon sahnasida yorqin yulduzlardan biri bo`ladi!

Taniqli amerikalik siyosatchi, AQSh Kongress vakillari palatasi a`zosi Jeyms Patrik Moran “Uzbekistan Today muxbiri bilan suhbatda O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning AQShga tashrifi, shuningdek, mamlakatlarimiz o`rtasidagi hamkorlik istiqbollari haqida o`z fikrini bildirdi.

– Shavkat Mirziyoevning AQShga tashrifi – ikki davlat munosabatlarini mustahkamlash uchun muhim voqeadir. Bu haqda nima deb o`ylaysiz?

– Bu tarixiy tashrifdir. O`zbekiston Afg`onistonda muhim rol o`ynaydi va shu munosabat bilan Qo`shma Shtatlarning ittifoqdoshi sifatida qaralishi kerak. Ushbu tashrif bilan AQShda ko`plab odamlar mamlakatingiz, iqtisodiyot, madaniyat va ijtimoiy hayotdagi yosh mustaqil respublikaning taraqqiyoti haqida ko`proq bilib olishadi. Ammo bu faqat birinchi qadamdir.

Misol uchun, men O`zbekiston amerikaliklar uchun asosiy sayyohlik “Makka” bo`lishiga ishonaman. Sizning davlatingiz dunyodagi eng mashhur, tarixiy joylardan biri bo`lib, ota-bobolaringiz insoniyat tamadduni rivojlanishida muhim rol o`ynagan. Amerikaliklar va evropaliklar O`zbekiston tarixi haqida ko`proq ma`lumotga ega bo`lganlarida, shubhasiz, u erga safarga borishni xohlaydilar. Turizm esa respublika iqtisodiyotiga yordam beradi. Sayohatchilar va turistlar ortidan bizning tadbirkorlarimiz siz bilan birga biznes yuritishni istaydilar. Iqtisodiyot, xalqaro savdo O`zbekiston aholisining turmush darajasini ham oshiradi. Va bu Prezident Mirziyoev Prezident Tramp bilan gaplashadigan mavzudir.

– Afg`oniston haqida eslab o`tdingiz. Afg`oniston bo`yicha Toshkent konferensiyasida yangragan istiqbollar haqida qanday fikrdasiz?

– Toshkent konferensiyasi mintaqadagi vaziyatni rivojlantirishda katta yutuqdir. U mintaqaviy o`yinchilarni bir stol atrofiga to`plab, tinchlik jarayonida yanada ko`proq hamkorlikka rag`batlantirdi.

Afg`oniston ham O`zbekiston, ham AQShning ittifoqdoshi bo`lishi kerak. Prezident Mirziyoev o`zining tinchlik tashabbuslari bilan juda muhim tadbirlarni amalga oshirdi. Afg`oniston prezidenti Ashraf G`ani bilan birgalikda ular bu mamlakatda juda ko`p muammolar tug`dirgan ekstremizmga qarshi kurashishdan manfaatdordir. O`ylaymanki, O`zbekiston Afg`onistonda uzoq vaqtdan beri kutilgan tinchlik o`rnatish uchun harakatda asosiy kuchga aylanishi mumkin. Ishonchim komilki, Amerika Qo`shma Shtatlari O`zbekiston siyosatchilari – Tashqi ishlar vaziri Komilov, senator Safoev va boshqa ko`plab kishilarning fikrlarini diqqat bilan tinglaydi. Bu amerikalik rasmiylarga Afg`oniston bilan qanday qilib yaxshi kelishish va sayyoramizning bu qismiga tinchlik va farovonlik keltirishi haqida xabar berishi mumkin.

– Sizning fikringizcha, bizning mamlakatimizdagi AQSh investisiyalarini sezilarli darajada oshirish mumkinmi?

– Bunga umid qilaman. Shavkat Mirziyoev Amerika biznes doiralari O`zbekistonga sarmoya kiritishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Men Amerika korporasiyalari vakillari O`zbekiston Prezidentining muzokaralar davomida nafaqat AQSh Prezidentiga, balki AQShga tashrifi chog`ida ham amerikalik ishbilarmonlarga yuzlanishiga diqqat bilan quloq soladi, deb o`ylayman.

Amerika korporasiyalari pul topish va biznesni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar mavjud bo`lgan joyda investisiya kiritishni xohlashlari aniq. Sizning respublikangizda bunday sharoitlar mavjudligiga aminman. O`zbekistonda odamlar juda mehnatkash, mutaxassislar va ishchilar savodli va yaxshi ma`lumotga ega. Amerikalik biznesmenlar buni tushunib etgach, O`zbekiston porloq istiqbolga ega ekanini anglashach, ular o`sha istiqbolni yaratilishida ishtirok etishni va o`z mablag`larini investisiyalashni boshlashni istashadi.

Shu munosabat bilan men O`zbekiston Adliya vazirligi bilan hamkorlik haqida gapirishni istardim, uning yordamida men hozirda faoliyat olib borayotgan xalqaro huquqiy firma bilan o`zaro anglashuv memorandumini imzolashni muhokama qildik. Ushbu hujjat O`zbekistonda sudyalar va yuristlarni G`arbning huquqiy tizimi bo`yicha tayyorlashga yordam beradi. Shu tarzda O`zbekiston Amerika va Evropa biznes hamjamiyatini qonun ustuvorligiga rioya qilish ularning tizimiga mos kelishini, O`zbekistondagi huquqiy normalar xalqaro korporasiyalarning talablarini qondirishini ta`minlashga qodir bo`ladi. Bu sarmoyadorlarga va yirik xalqaro kompaniyalarning O`zbekistonga dadil ravishda investisiyalar kiritish mumkinligiga bo`lgan ishonchini yanada mustahkamlash imkonini beradi.

– Sizningcha, Prezident Mirziyoevning tashrifi amerikaliklarga yangi O`zbekistonni ochishga imkon beradimi?

– Bunga ishonchim komil! Prezident Shavkat Mirziyoev – hozirda O`zbekistonning siymosi. Uning so`zlarini tinglagan har bir kishi unga ishonishi mumkinligini his qiladi. O`zbekistonning Qo`shma Shtatlarning ittifoqchisi bo`lish istagi borligiga va har ikki mamlakatning yorqin kelajakka ega ekanligiga ham ishonadi. Men Shavkat Mirziyoevning tashrifi XXI asrda O`zbekiston tarixida juda muhim bosqich bo`lib qolishiga shubha qilmayman.

Umuman olganda, men bizni ajratadigan katta masofaga qaramay, o`zimizni qo`shnilar va do`stlar deb bilishimiz kerakligiga chin dildan ishonaman.

So`zim oxirida sizning mamlakatingiz Prezident Mirziyoev rahbarligida barcha postsovet davlatlari uchun iqtisodiy farovonlik, ijtimoiy taraqqiyot va texnologik rivojlanish nazaridan standartlarni o`rnatishi mumkinligini ta`kidlashni istardim. Umid qilamanki, O`zbekiston jahon sahnasida yorqin yulduzlardan biri bo`ladi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1