O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Amerika Qo`shma Shtatlariga rasmiy tashrifi va Vashingtonda bo`lib o`tgan ikki tomonlama muzokaralar AQSh ommaviy axborot vositalarining katta qiziqishi hamda diqqat-e`tiborida bo`ldi. "Xalq so`zi" nashri bir qator OAV nashrlaridan iqtibos keltirdi.
Xususan, Prezidentlar Shavkat Mirziyoev va Donald Tramp uchrashuvi haqidagi ilk xabarni “Associated Press” axborot agentligi tarqatdi. Agentlik materialida ta`kidlanganidek, bu O`zbekiston rahbarining AQShga ilk rasmiy tashrifidir.
“Shavkat Mirziyoev 33 millionga yaqin aholi yashaydigan mamlakatda liberallashuv jarayonini yo`lga qo`ydi. Prezident o`tmish sarqitlarini uloqtirib tashlab, siyosiy mahbuslarni ozod etdi, xorijiy valyutani almashtirishga cheklovlarni bekor qildi, majburiy mehnat amaliyotiga chek qo`ydi. Hukumat tarkibida ham jiddiy o`zgarishlarga qo`l urildi: eski amaldorlar o`rnini zamonaviy fikrlaydigan menejerlar egalladi”, deyiladi “Associated Press” tarqatgan maqolada.
Nufuzli “The New York Times” gazetasi muxbirlarining fikricha, respublika tabiiy resurslarga boy bo`lib, bugun Rossiya, Xitoy hamda Amerika Qo`shma Shtatlari manfaatlari kesishayotgan Markaziy Osiyoda strategik muhim o`rin tutadi”.
“Afg`oniston bilan chegaradosh bo`lgani holda, O`zbekiston ushbu mamlakatda tinchlik va osoyishtalikni ta`minlashda nihoyatda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma`noda, O`zbekiston hamda AQSh Prezidentlarining uchrashuvida Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va “Tolibon” harakati bilan tinchlik bitimini imzolash masalasi markaziy o`rin tutdi”, deb yozadi amerikalik jurnalistlar.
AQSh yangiliklar tarmoqlari orasida birinchi o`rinda turuvchi “CNN” telekanali o`zining reportajida O`zbekiston — Amerika aloqalarining ijobiy o`sish sur`atini qayd etadi. Prezident Tramp O`zbekiston bilan hamkorlikning yangi davrini ochishga intilayotgani ta`kidlanib, respublikada so`nggi vaqtlarda inson huquqlari sohasida salmoqli o`zgarishlar kechayotgani aytib o`tiladi.
“CNN” muxbirlari Donald Trampning “Men uchun O`zbekiston etakchisi bilan uchrashish katta sharafdir. U o`z mamlakatida ham, uning tashqarisida ham katta hurmat-e`tibor qozongan. Biz turli masalalar yuzasidan yaqin hamkorlik qilmoqdamiz”, degan so`zlarini keltiradi. “CBS News” telekanali esa Amerika rahbariyati O`zbekiston bilan aloqalarning ustuvor yo`nalishlari sifatida savdo-sotiq, sarmoyalar hamda harbiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirishga e`tibor qaratayotganini xabar beradi.
“O`zbekiston Prezidentining tashrifi chog`ida Amerikaning etakchi kompaniyalari bilan umumiy qiymati 5 milliard dollarga yaqin bitimlar imzolandi. Mazkur kelishuvlarning hayotga tatbiq etilishi orqali AQShda ham, O`zbekistonda ham ko`plab yangi ish o`rinlari yaratiladi”, deydi “CBS News” jurnalistlari.
Oq uydagi muzokaralar jarayonini kuzatgan “ABC News” telekanali muxbirlari tomonlarning O`zbekiston — Amerika strategik muloqotini davr talablaridan kelib chiqqan holda yangilashga mushtarak intilishini e`tirof etdilar. “ABC News”ning ma`lum qilishicha, Markaziy Osiyoda davlatlararo kooperasiyaning jadallashib, bu mintaqaning yagona organizm sifatida shakllanishiga xizmat qilayotgan bir davrda Toshkent va Vashington o`rtasidagi muloqot mintaqaviy siyosatning muhim omiliga aylanmoqda.
“The Washington Post” gazetasi o`quvchilarining e`tiborini O`zbekiston rahbariyatining mamlakatda “Amerika ovozi” radiostansiyasini akkreditasiyadan o`tkazish haqidagi qaroriga qaratadi. “Amerika ovozi” AQShning O`zbekistonda akkreditasiyadan o`tgan ilk ommaviy axborot vositasi bo`ldi. “Respublikaning tashqi dunyoga ochilishi mamlakatning yangi yo`nalishdagi harakatiga imkoniyat yaratib, Markaziy Osiyoning chinakam erkinligi hamda barqarorligini ta`minlashga hissa qo`shadi”, deb yozadi gazeta sharhlovchisi Reyd Stendish.
“Newsweek” haftalik tahliliy jurnali “Prezident Tramp “Tolibon” harakati bilan tinchlik bitimi imzolashga yordam berishi mumkin bo`lgan O`zbekiston Prezidenti bilan uchrashdi” sarlavhasi ostida batafsil maqolani chop etdi.
Vashingtonda hukm surayotgan atmosfera haqida fikr yuritarkan, jurnal sharhlovchilari Oq uydagi manbalar “Shavkat Mirziyoevning tashrifi tarixiy ahamiyatga ega. Biz savdo-iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirib, inson huquqlari sohasida birgalikda ishlashni maqsad qilganmiz. Respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar bizda optimizm uyg`otmoqda”, deya so`zlaganini ta`kidlaydi.
Jurnalda qayd etilishicha, Amerika boshqaruv doiralari O`zbekiston afg`on masalasida o`zining faolligini yanada oshirishiga umid qilayotir. Shu ma`noda, nashrda joriy yil mart oyida Toshkentda Afg`oniston bo`yicha yirik xalqaro konferensiya bo`lib o`tgani va unda qatnashgan yigirmadan ortiq davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar vakillari Afg`oniston hukumatining toliblar bilan muzokaralarni boshlash bo`yicha sa`y-harakatlarini birdek qo`llab-quvvatlashlarini bildirgani eslatib o`tiladi.
“Bu mamlakat o`z yo`liga nisbatan aniq qarashga ega bo`lib, nafaqat iqtisodiy erkinlashtirish, balki davlatning siyosiy, sud-huquq va ijtimoiy tizimini o`zgartirishni nazarda tutadigan islohotlarni amalga oshirish yo`lini tanladi”, deya O`zbekiston haqida fikr bildiradi “Newsweek” tahlilchilari.






