Prezident Shavkat Mirziyoev Andijon viloyati misolida «Har bir oila tadbirkor» dasturi konsepsiyasi bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan ushbu konsepsiya mehnat bilan band bo`lmagan aholini tadbirkorlik, hunarmandlik, fermerlik, kasanachilikka o`rgatish orqali ularga daromad manbai yaratib berishga qaratilgan, deb xabar berdi Prezident matbuot xizmati
«Andijonda aholi zich joylashgan. Bir-ikkita zavod bir foiz aholiniyam ish bilan ta`minlay olmaydi. Bu erda odamlarni faqat tadbirkorlik, hunarmandlik orqali boqish mumkin. Xonadonlarga mablag` kiritsak, zarur uskunalar berib, aql bilan ishlashni o`rgatsak, odamlar o`zini o`zi boqadi. Uyiga buyum oladi, bolasiga kitob olib beradi, soliqqa, elektrga pul to`laydi, byudjetga mablag` tushadi. Bir yildan keyin sarflagan pulimiz ikki barobar bo`lib qaytadi. Iqtisodiy mexanizm mana shunday bo`lishi kerak», dedi Prezidentimiz.
Davlatimiz rahbari tadbirkor va hunarmandlar etkazib beradigan mahsulotlar sig`imini aniqlash, odamlar sotib oladigan tovarlar ishlab chiqarish, xususan, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish bo`yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.












