Mamlakatimizga tashrif buyurgan Evropa Ittifoqining Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo davlatlari bo`yicha Kengashi ishchi guruhi rahbari Yutta Edtxofer boshchiligidagi delegasiya a`zolari 21 may kuni O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri N.Ismoilov bilan uchrashdi.
Ishchi guruh tarkibida Evropa Ittifoqiga a`zo 28 davlatdan vakillar kelgan. Ular Evropa Ittifoqining Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikki tomonlama va mintaqalararo munosabatlarning barcha jihatlarini o`rganadi.
Uchrashuvda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar, xalq bilan muloqotning samarali va noyob tizimi xususida fikr yuritildi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining tuzilishi, qo`mita va fraksiyalar, xorijiy mamlakatlar parlamentlari bilan hamkorlik doirasida tashkil etilgan do`stlik guruhlari, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti faoliyati hamda “Mening fikrim” jamoaviy elektron murojaatlar portali haqida ma`lumot berildi.
O`zbekiston bilan Evropa Ittifoqi o`rtasidagi sheriklik va hamkorlik kelishuvi doirasida parlament hamkorligi qo`mitasi hamda kichik qo`mitalarni o`z ichiga olgan 6 ta hamkorlik tashkiloti tuzilgan. Mamlakatimizda Evropa Ittifoqiga a`zo davlatlardan jalb qilingan investisiyalar ishtirokida 1000 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Evropa Ittifoqi Komissiyasining texnikaviy yordam ko`magida biznes va turizmni rivojlantirish, transport logistikasi, chegaralarni boshqarish, narkotik vositalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish, xavfsizlik va boshqa sohalarda 35 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Uchrashuv qiziqarli va konstruktiv ruhda o`tdi. Delegasiya a`zolari parlament quyi palatasi faoliyati bilan tanishdi. Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishning ishonchli bazasini yaratib beruvchi parlamentlararo aloqalarni mustahkamlash va doimiy muloqot olib borish yuzasidan fikr almashildi.
– O`zbekiston bilan Evropa Ittifoqi o`rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko`tarilmoqda, – deydi Andrea Domenikoni (Italiya). – Muloqotimiz davomida bu boradagi hamkorlikni yangi kelishuvlar bilan boyitish yuzasidan muzokaralar olib bordik. Biz Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo`llab-quvvatlashga tayyormiz.
Shu kuni delegasiya a`zolari "Taraqqiyot strategiyasi" markazida O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo`yicha vakili (Ombudsman) U. Muhammadiev bilan muzokara o`tkazdi.
Tadbirda Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida inson huquq va manfaatlarini ta`minlash, aholining farovon hayot kechirishi uchun sharoit yaratishdek ezgu maqsadlar mujassam ekani ta`kidlandi.
Uchrashuvda ishchi guruh a`zolari Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag`ishlangan tadbirlar dasturi, Ombudsman instituti negizida milliy preventiv mexanizmni tashkil etish jarayoni, Ombudsmanning aholining yordamga muhtoj qatlami huquqlarini himoya qilish bo`yicha faoliyati, BMT Taraqqiyot dasturi, Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari boshqarmasi, Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti kabi xalqaro tuzilmalar bilan hamkorligi bilan yaqindan tanishdi.
Tomonlar o`zaro hamkorlikni mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bo`yicha tajriba almashish masalalarini muhokama qildilar.






