Shu kunlarda Rossiya Federasiyasi mudofaa vaziri Sergey Shoygu mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo`lib turibdi. Rossiya harbiy mahkamasi rahbarining O`zbekistonga tashrifi mamlakatlarimiz o`rtasida barcha yo`nalishlarda, jumladan, harbiy sohada mustahkamlanib borayotgan strategik sheriklikning mantiqiy davomidir. Zero, urush yillarida jasorat ko`rsatgan ota-bobolarimizning yorqin xotirasi xalqlarimiz va mamlakatlarimizni bog`lab turadi.
O`zbekiston mudofaa vaziri, general-mayor Abdusalom Azizov Rossiya mudofaa vaziri bilan uchrashuvda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning 2017 yilda Moskvaga qilgan tashrifidan so`ng ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarilib, yangi mazmun bilan boyiganini ta`kidladi. Bu munosabatlarga zamin ota-bobolarimiz elkama-elka turib, dunyoni fashizmdan qutqarayotgan paytlarda asos solingan. Shuningdek, Rossiya armiyasining tajribasi ham muhim ahamiyatga ega.
Rossiya mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu, o`z navbatida, samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi o`rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik aniq mazmun va muhim ahamiyatga ega ekanini ta`kidladi. "Bu, avvalo, O`zbekiston chegaralari yonida mavjud bo`lgan tahdid va xatarlar bilan bog`liq, albatta. Suriyadan qo`shni mamlakatlarga, mintaqalarga, shu jumladan, O`zbekistonga xavf solayotgan xalqaro terrorizm tahdidi tobora kuchayib borayotganini qayd etmay bo`lmaydi.
Bugun biz Afg`onistondagi vaziyat barqarorlashmoqda, xavfsizroq bo`lmoqda, deb ayta olmaymiz. Shuni hisobga olish kerakki, Suriyadan ketayotgan guruhlar Afg`onistonga ham o`tmoqda. Albatta, bunday vaziyatda zarurat tug`ilganda davlat manfaatlari himoyasiga turishga qodir harbiy mutaxassislarni tayyorlash alohida o`rin tutadi", deb ta`kidladi Rossiya mudofaa mahkamasi rahbari.
Mustaqillik yillarida O`zbekiston Rossiya bilan harbiy, harbiy-texnik hamkorlikni davom ettirdi.
2000 yildan buyon O`zbekiston – Rossiya harbiy hamkorligi ikki davlat mudofaa vazirliklari tomonidan har yili tasdiqlanadigan harbiy hamkorlik rejalari asosida amalga oshirilmoqda. Ularni ro`yobga chiqarish doirasida harbiy xizmatchilarning tezkor va jangovar tayyorgarligi darajasini, malakasini oshirish, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini qo`llash, havo transporti harakatini boshqarish va parvozlar xavfsizligini ta`minlash, harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, tibbiy ta`minot bo`yicha qo`shma tadbirlar tashkil etilmoqda. O`tgan davrda yuqorida tilga olingan rejalar doirasida ikki davlat hududida 290 dan ortiq qo`shma tadbir uyushtirildi.
2005 yil 23 sentyabr kuni "Forish" tog`-dala o`quv poligonida O`zbekiston – Rossiya aksilterrorchilik o`quv mashg`ulotlari bo`lib o`tdi, ularda har tomondan 200 nafardan harbiy xizmatchi ishtirok etdi. 2006 yil 21 sentyabr kuni Krasnodar o`lkasining poligonlaridan birida "Jangovar hamjamiyat – 2006" Rossiya – O`zbekiston qo`shma aksilterrorchilik o`quv mashg`ulotlari o`tkazildi.
2017 yilning 29 iyulidan 12 avgustiga qadar harbiy xizmatchilarimizning bir guruhi Ozarbayjon, Belarus, Rossiya, Xitoy va Qozog`iston hududida MDH mamlakatlari harbiy xizmatchilari o`rtasida o`tkazilgan "ArMI-2017" xalqaro armiya o`yinlarida ishtirok etdi.
Harbiylarimiz ushbu musobaqada ilk bor ishtirok etishiga qaramay, o`zini munosib ko`rsatdi: dunyoning 28 mamlakati vakillari o`rtasida kechgan bellashuvlarda ular "Harbiy razvedka a`lochisi", "Xavfsiz yo`lak", "Sodiq do`st", "Yo`l patruli" tanlovlarida faxrli uchinchi o`rinni egalladi.
O`tgan yil oktyabr oyida Jizzax viloyatidagi "Forish" poligonida O`zbekiston – Rossiya qo`shma maxsus taktik o`quv mashg`ulotlari bo`lib o`tdi. Ularda Rossiya tomonidan Markaziy harbiy okrugning tog` o`qchilari brigadasi harbiy xizmatchilari ishtirok etdi. Mashg`ulotlar davomida terrorchilar yo`lini to`sish va ularni yo`q qilish ko`nikmalari mustahkamlandi.
2017 yil 24 oktyabr kuni Toshkentda Mintaqaviy xavfsizlik bo`yicha O`zbekiston – Rossiya maslahatlashuvlarining beshinchi raundi bo`lib o`tdi. 2017 yil sentyabr oyida esa O`zbekiston Respublikasining Rossiya Federasiyasidagi elchixonasida harbiy attashe lavozimi ta`sis etildi.
Mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro muloqotlar joriy yilda ham davom etdi. Toshkent harbiy okrugi qo`shinlari qo`mondoni, general-mayor B.Qurbonov boshchiligidagi mamlakatimiz harbiy delegasiyasi Rossiya armiyasining Markaziy harbiy okrugida bo`ldi, shaxsiy tarkibning jangovar tayyorgarligini tashkil etish tajribasi bilan tanishdi. O`zbekiston harbiy xizmatchilari MDH mamlakatlari o`rtasidagi turli armiya musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda. Xususan, O`zbekiston, Armaniston, Belarus, Qozog`iston, Qirg`iziston, Rossiya jamoalari ishtirokida Moskva shaxridagi SSKA sport majmuasida o`tkazilgan "Qo`mondonlar startlari"da yigitlarimiz ikkinchi o`rinni egalladi. Harbiy sportchilarimiz jami 1 oltin, 14 kumush va 5 bronza medalini qo`lga kiritdi. Sankt-Peterburgda o`tgan informatika bo`yicha xalqaro olimpiadada Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti maxsus fakulteti kursantlari uchinchi o`rinni egalladi.
Joriy yil 17 aprel kuni Toshkentda MDHga a`zo mamlakatlar Mudofaa vazirlari Kengashi huzuridagi Harbiy hujumdan mudofaa masalalari bo`yicha muvofiqlashtiruvchi qo`mitaning navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Ushbu tadbir mamlakatlarimiz o`rtasidagi harbiy hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qildi.
Rossiya mudofaa vaziri, armiya generali Sergey Shoygu tashrif davomida O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida ham bo`ldi.
Mudofaa vaziri Rossiya O`zbekistondan yanada ko`proq harbiy xizmatchilarni o`qitish, shuningdek, xalqaro terrorizm tahdidi tarqalayotgani munosabati bilan harbiy mutaxassislar tayyorlash uchun mamlakatimizga o`qituvchilar yo`llashga tayyor ekanini ta`kidladi. "Biz nafaqat tajribamiz bilan bo`lishish, balki mutaxassislar tayyorlashga tayyormiz. Aynan shu sababli bugun Rossiya o`quv muassasalarida tahsil olayotgan harbiy mutaxassislar sonini bir necha barobar ko`paytirishni rejalashtirmoqdamiz", deya keltiradi Shoyguning so`zlarini TASS axborot agentligi.
Rossiyalik mehmon qadimiy Samarqandga ham tashrif buyurib, O`zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov qabriga gul qo`ydi, shaharning tarixiy yodgorliklari bilan tanishdi.
Rossiya mudofaa vazirining O`zbekistonga tashrifi Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga bo`lajak davlat tashrifi oldidan amalga oshirilayotgani muhim ahamiyatga egadir. Zero, yuqorida ta`kidlanganidek, mamlakatlarimizni urush yillarida jasorat ko`rsatgan ota-bobolarimiz yodi, shuningdek, barqarorlikni mustahkamlashga doir qarashlarning o`xshashligi, xalqaro ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish muammosiga yondashuvlarning mushtarakligi bog`lab turadi.
O`z.A.






