Bollivud yulduzlari O`zbekistonda videoklip suratga olishmoqda

Madaniyat 24.05.2018, 14:30
Bollivud yulduzlari O`zbekistonda videoklip suratga olishmoqda

Xonanda va bastakor, bir necha mashhur qo`shiqlar muallifi Arko Pravo Mukherje boshchiligidagi musiqa guruhi joriy yilning may oyining birinchi yarmida O`zbekistonda videoklip suratga oldi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi axborot xizmatidan olingan ma`lumotlarga ko`ra, hozirgi kunda O`zbekistonning turistik brendini ommalashtirish ustida katta amaliy choralar ko`rilmoqda.

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, “O`zbekkino” milliy agentligi hamda O`zbekistonning Hindistondagi elchixonasi hamkorligida hind yulduzlarining bir nechta videokliplari O`zbekistonda suratga olish haqida kelishib olingandi.

Joriy yilning may oyining birinchi yarmida Arko Pravo Mukherjee boshchiligida birinchi musiqa guruhining klipi suratga olindi. Arko – xonanda, bastakor, bir necha mashhur qo`shiqlar muallifi. Uning Jism 2 blokbasteri uchun yozilgan saundtregi internet saytlari orqali 50 million martadan ortiq ko`rilgan.

Ushbu musiqa guruhiga Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi va “O`zbekkino” Milliy agentligi vakillari hamrohlik qilishdi. Xonandaning qo`shiqlarini suratga olish jarayonida asosiy maslahatchi vazifasida O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Shuhrat Qayumov qatnashdi.

Hind yulduzining O`zbekistondagi tashrifi xonandaning rasmiy ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ham yoritildi.

Musiqali videokliplar hind telekanallari va You Tubedagi rasmiy kanallar orqali namoyish etiladi.

Loyihaning keyingi mehmonlari Meet Bros guruhi va xonanda hamda aktrisa Kanika Kapur. Ushbu ijodkorlarning videokliplari internet saytlari orqali 200 milliondan ortiq marta ko`rilgan.

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi va Bollivud yulduzlari bilan o`zaro yaqin hamkorlik O`zbekistonning turistik potensialini ochib berish uchun muhim ahamiyatga ega. Bu loyiha orqali yurtimizning turistik salohiyatini nafaqat Hindiston balki, G`arbiy Evropa va AQSh davlatlaridagi bir necha millionlik hind diasporalar orasida ham tanitish mumkinligi ko`zda tutilmoqda.

O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1