Joriy yilning 12 iyunida Singapurda AQSh va KXDR etakchilarining uchrashuvi bo`lib o`tishi kutilayotgan edi. Ammo, Shimoliy Koreyaning Janubiy Koreya va Qo`shma Shtatlar birgalikda o`tkazgan harbiy-o`quv mashg`ulotlarni ro`kach qilib, keskin bayonotlar bilan chiqqani o`tkazilajak sammit taqdiriga daxl qildi.
Kuni kecha AQSh prezidenti Donald Trapm KXDR etakchisiga maktub yo`llab, Singapurdagi sammitni bekor qilgani, ammo, kelgusida Shimoliy Koreya rahbari bilan uchrashishga tayyorligini ma`lum qildi. Bugun esa KXDR Tashqi ishlar vaziri Kim Ke Gvan yangi bayonot bilan chiqqan.
“Ryonxap”ning yozishicha Pxenyan rasmiysining bayonotida KXDR hamon AQSh bilan munosabatlarni yaxshilash tarafdori ekanligi, istalgan masalani istalgan vaqtda muzokaralar stolida hal etishga tayyorligi, ta`kidlangan. Bayonot xulosasiga ko`ra, Shimoliy Koreyaning Koreya yarim orolida tinchlik va barqarorlikni ta`minlash borasidagi intilishlari o`zgarishsiz qoladi hamda AQShga o`z qarorini qayta ko`rib chiqish uchun vaqt va imkoniyat beriladi.
Biroq, Shimoliy Koreyaning shu tarzda “yumshagani” natija berarmikan?
RIA Novostining yozishicha, Oq uy vakillari ikki davlat o`rtasidagi sammitning barbod bo`lishiga KXDR sababchi, deb biladi. Amerikalik amaldorlarning ta`kidlashicha, sammit oldi tayyorgarlikda ham Shimoliy koreyalik hamkasblari qorasini ko`rsatmagan. Vaholanki ular Singapurga kelib, muzokaralar mazmuni va tartibini muhokama qilishda ishtirok etishi lozim edi. Yana bir e`tiroz - Pxungeridagi yadro poligoni yo`q qilingan bo`lsada, natijadan Vashington rasmiylarining ko`ngli to`lmaydi. Ularning fikricha, poligondagi shaxtalar kelgusida asqotishi hisobga olingandek, yo`liga portlatilgan. Pentagon ham KXRDga maksimal bosim o`tkazish pozisiyasida turibdi. Amerika mudofaasi bundan keyin ham Janubiy Koreya bilan harbiy-o`quv mashg`ulotlari o`tkazishda davom etadi.
“Wall Street Journal “ ning Oq uydagi o`z manbasiga asoslanib yozishicha, AQSh Milliy xavfsizlik kengashi yig`ilishida KXDRga yangi sanksiyalar kiritish va harbiy aralashuv masalalari muhokama qilingan.
Demak, Amerika va Shimoliy Koreya munosabatlari yanada keskinlashishi mumkin.
O`zA






