1

“Devoni Husayniy” – kitobat san`atining nodir namunasi

Madaniyat 31.05.2018, 13:58
“Devoni Husayniy” – kitobat san`atining nodir namunasi

Sankt-Peterburgda, Ayni paytda Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo`lyozmalari instituti (sobiq Osiyo muzeyi)da Husayn Boyqaro devonining nodir qo`lyozmalaridan biri saqlanmoqda.

Ma`lumki, Sulton Husayn Boyqaro (1438-1506) Amir Temurning evarasi bo`lib, 1469 yildan to umrining so`nggi qadar Xuroson taxtini boshqargan. Sulton Husayn bolalikda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy bilan do`st bo`lgan va bu do`stlik bir umr davom etgan. Alisher Navoiy ko`plab asarlarida Sulton Husayn Boyqaroni adolatli hukmdor sifatida ulug`lagan, uning saroyida yuqori lavozimlarda xizmat qilgan.

Sulton Husayn Boyqoroning hukmronlik davrida Hirot fan va madaniyat markaziga aylangan. U eski o`zbek tilining rivoji uchun qator chora-tadbirlarni amalga oshirgan, shu tilda ijod qilishga doir maxsus farmon chiqargan, "Husayniy" taxallusi bilan ijod etgan. Husayn Boyqaroning devoni o`z davrida bir necha marotaba ko`chirilgan va shohona kutubxonalarda saqlangan.

Sankt-Peterburgdagi “Husayniy devoni” ana shunday qo`lyozmalarning eng nodiri bo`lsa ajab emas. Manbalarga ko`ra, devonni “davlat maslahatchisi” unvoniga ega bo`lgan mashhur sharqshunos olim V.S. Golenishev (1856-1947) Istanbuldan sotib olgan va 1910 yilda Osiyo muzeyiga tuhfa qilgan.

2017 yil dekabr oyida Toshkent shahrida o`tkazilgan “Zamonlar chorrahasi – O`tmishning boy merosi – ma`rifiy kelajak poydevori” mavzusidagi media-forum doirasida ushbu shohona devonning zamonaviy texnologiyalar asosida olingan nusxasi O`zbekistonga olib kelindi. Ushbu qo`lyozma nasta`liq xatida, sifatli qog`ozda ko`chirilgan va shohona bezaklar berilgan. Sahifalariga oltin zarralari sepilgan.

Devonda o`ta mahorat bilan bilan ishlangan to`rtta miniatyura, nafis naqshlardan hosil qilingan ikkita zarvaraq, Husayn Boyqaroning turli davrlarda bitilgan 154 ta g`azali (shundan ikkita g`azali to`liq emas) o`rin olgan.

6-8 iyun kunlari Sankt-Ptereburgda o`tadigan “O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va madaniyatlar o`rtasidagi mulofotga yo`l” II xalqaro kongressi ishtirokchilari ushbu go`zal shahardagi ilmiy-madaniy muassasalarda saqlanayotgan, O`zbekistonga oid qator osori atiqalar qatori mazkur bebaho devonning asl nusxasini ham ko`rish imkoniga ega bo`ladilar.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1