1

Futbolimiz etmagan joyni qalam bilan olsin Alisher

Madaniyat 01.06.2018, 10:53
Futbolimiz etmagan joyni qalam bilan olsin Alisher

Bugun dunyo futbol muxlislarining nigohi Rossiyaga qaratilgan. Sanoqli kunlardan so`ng bu o`lkada futbol bo`yicha navbatdagi jahon chempionatiga start beriladi. Afsuski, bu yil o`zbek futbol muxlislari o`zga yurtlarning futbol jamoalari uchun muxlislik qilib, hushtak chalishga majbur. Marhum qiziqchimiz aytganidek, futbolchilarimizga bu yil loaqal Rossiyaga borib, muzqaymoq eb kelish ham nasib etmadi.

Ammo, quvonishga asoslarimiz ham bor. Bu yil ham jahon chempionati uchrashuvlarini boshqaradigan hakamlar orasida Ravshan Ermatov boshliq hakamlarimizning ishtiroki ko`nglimizga yorug`lik olib kiradi. Loaqal ular tufayli milliardlab futbol muxlislari qulog`i ostida bir necha bor O`zbekiston nomi jaranglaydi.

Yana bir yupanch bor. 6-8 iyun kunlari Sankt-Peterburg shahrida O`zbekiston madaniy merosi – xalqlar va mamlakatlar o`rtasida muloqotga yo`l” Ikkinchi xalqaro kongressi bo`lib o`tishi kutilmoqda. Avval xabar qilinganidek, mazkur kongress doirasida dunyoning 30 mamlakatidan kelgan olim va mutaxassislar, muzeylar va ilmiy muassasalar rahbarlari, san`at ixlosmandlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etadilar.

Dunyoning turli mintaqalarida O`zbekiston madaniy merosini tadqiq etayotgan mashhur olimlar bu boradagi yangiliklarni, izlanishlar natijalarini keng ilmiy jamoattchilik bilan o`rtoqlashadilar. “O`zbekiston obidalaridagi bitiklar”, “O`zbekiston madaniy merosi – dunyo to`plamlarida” turkumidan chop etilgan rang-barang kitob-albomlar, shu mavzuda suratga olingan filmlar taqdim etiladi.

Kongress kunlari Sankt-Ptereburgdagi bir qator madaniy muassasalar – jumladan, Rossiya Fanlar akademiyasi Sharq qo`lyozmalari instituti, Rossiya etnografiya muzeyi, Buyuk Petr nomidagi Etnologiya va antropologiya muzeyi (Kunstkamera), Rossiya milliy kutubxonasi, RFA Rus adabiyoti instituti (Pushkin uyi) va Din tarixi davlat muzeyida O`zbekiston madaniy merosiga bag`ishlangan ko`rgazmalarni tashkil qilish ko`zda tutilgan.

Mazkur ko`rgazmalarda O`zbekiston hududidan topilgan, tarixning turli davrlariga oid osori atiqalar, bobolarimizning mehnati va aql-zakovati mahsuli o`laroq dunyoga kelgan amaliy san`at va hunarmandchilik namunalari, uy-ro`zg`or buyumlari namoyish etiladi.

Ayniqsa, buyuk ajdodlarimiz yaratib qoldirgan ilmiy va adabiy asarlarning asl nusxalarini ko`rish har bir o`zbek uchun mislsiz iftixor baxsh etsa kerak. Xususan, hazrat Mir Alisher Navoiyning muborak nazarlari tushgan qo`lyozmalar ham ushbu ko`rgazmalarga ko`rk baxsh etishi kutilmoqda.

Hazrat Mir Alisher Navoiyning 1460-yillarda muxlislari tomonidan yaratilgan “Ilk devoni” ham bugun Rossiya Milliy kutubxonasida saqlanmoqda. Bu bebaho qo`lyozma asrlar davomida turli shohlar, hukmdorlarning kutubxonalarini bezagan. Noma`lum sabablarga ko`ra u o`n to`qqizinchi asrda Eron Qojorlari sulolasi mulkiga aylangan.

Tarixiy ma`lumotlarga ko`ra, 1828 yilda Rossiyaning Erondagi elchisi sifatida faoliyat yuritgan rus adibi Aleksandr Griboedov fitna sababli o`ldirilgach, Eron shohi Fathalishoh Rossiya imperatoriga xun bahosi sifatida bir qator hadyalarni yuboradi. Ular orasidagi eng qimmatli hadya navoiyi bobomizning “Ilk devoni” edi.

Odatda elchilarning o`limi tarixda juda ko`p qonli urushlarga, qurolli to`qnashuvlarga sabab bo`lgan. Eron va Rossiya o`rtasida munosabatlar taranglashib turgan bir paytda fors shohi jo`natgan bu bebaho hadya Nikolay Birinchiga manzur bo`lgan, boshlanishi muqarrar bo`lgan yana bir katta urush to`xtatilgan edi.

Kongress kunlari nafaqat kongress ishtirokchilari, balki shahar aholisi va bu shaharga tashrif buyurgan har bir mehmon ana shu ko`rgazmalarga tashrif buyurishi, boqiy madaniyatimiz namunalaridan bahra olishlari mumkin.

Quvonarlisi, bu ko`rgazmalar kongressdan keyin, JCh-2018 paytida ham davom etadi. Binobarin, chempionat doirasida Piterga kelgan mehmonlar, ishtirokchilar ham o`zbek xalqining boy madaniy merosi aks etgan ko`rgazmalarga kirishi, O`zbekiston madaniy merosining noyob namunalari va albatta, hazrat Alisher Navoiyning bebaho qo`lyozmalari bilan ham tanishishlari mumkin.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1