Shanxay Hamkorlik Tashkilotining navbatdagi sammiti shu yilning 9-10 iyun kunlari Xitoyning Sindao shahrida bo`lib o`tadi.
Oliy darajadagi uchrashuvda tashkilotga a`zo barcha sakkizta davlat: Rossiya, Xitoy, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, O`zbekiston, Hindiston va Pokiston rahbarlari ishtirok etadi.
Tahlilchilarning so`zlariga qaraganda, bu mamlakatlarda er yuzi aholisining deyarli teng yarmi istiqomat qiladi. Bu mamlakatlar global YaIMning 20%ni ta`minlaydi. Sammit doirasidan tashqari Rossiya, Qozog`iston, Qirg`iziston va Eron rahbarlarining Xitoyga rasmiy va davlat tashrifi amalga oshadi. Jumladan, 8 iyun kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin Xitoyga davlat tashrifi bilan boradi. Sammit doirasida ikki tomonlama uchrashuvlar ham bo`lib o`tadi. O`zbekiston tashqi ishlar vazirining o`rinbosari Abdujabbor Abduvohitovning ma`lum qilishicha, ShHT sammiti maydonida prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Rossiya, Xitoy va Hindiston rahbarlari bilan uchrashadi. An`anaga ko`ra, sammitda mintaqaviy xavfsizlikni ta`minlash va savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bilan bog`liq masalalar muhokama qilinadi. Uchrashuv yakunida «Shanxay sakkizligi» rahbarlari tomonidan 20dan ortiq hujjat imzolanishi kutilmoqda, ular orasida uzoq muddatga mo`ljallangan yaxshi qo`shnichilik, do`stlik va hamkorlik to`g`risidagi Shartnomani yaqin besh yilda hayotga tatbiq etish to`g`risidagi dastur ham bor. Shuningdek, transport, atrof muhitni muhofaza qilish sohalaridagi hamkorlikka bag`ishlangan bitimlar ham imzolanadi. Sammitning yakuniy hujjati sifatida Sindao deklarasiyasi qabul qilinadi.
Sammit Xitoyning ShHTga raisligiga yakun yasaydi. O`tgan yilning iyun oyidan beri tashkilotga Xitoy raislik qilib kelmoqda, shu davr mobaynida 120 dan ortiq tadbir – vazirlar darajasida uchrashuvlar, anjumanlar o`tkazildi. Raislik davridagi hisobot Xitoy tomonidan Sindaoda beriladi.
Sammitning Sindaoda o`tkazilishi bejiz emas. Bu shahar Xitoyning ShHTdagi sheriklari bilan hamkorligining ramziga aylanib ulgurdi. Sindao port shahrining tashqi savdo aylanmasining teng yarmi ShHT mamlakatlari hissasiga to`g`ri keladi. Savdo aylanmasi 2017 yilda 11,2% ga oshib, 39 milliard dollarni tashkil qildi. Investisiyaviy hamkorlik ham faollashgan. Sindaoda ShHT mamlakatlaridan kiritilgan sarmoyalarni o`zlashtirish yarim milliard dollarga etib qoldi.
Sindao (avvalgi nomi Szyaoao) poytaxt Pekindan 555 kilometr janubiy-sharqda joylashgan. Shaharda 2 755 500 aholi istiqomat qiladi. Shaharning nomi 2 ta ieroglifdan tashkil topgan. «Sin» ieroglifi «yashil», «dao» esa – «orol» ma`nosini anglatadi. Atrof hamisha yam-yashil bo`lgani bois shaharga shu nom berilgan. Sindao (inglizcha Qingdao, nemischa Tsingtau) — Xitoy sharqidagi Shandun viloyatida, Sariq dengiz sohillarining yarim orolida joylashgan va shu sababli ham muhim portlaridan va sanoat markazlaridan biri hisoblanadi. 1994 yilning fevralida Sindao Xitoydagi 15ta asosiy shaharlar ro`yxatiga kiritildi.
Arxeologik topilmalarning guvohlik berishicha hozirgi Sindao hududlariga odamlar 6000 yil avval kelib o`rnashgan. Chjou sulolasi (eramizdan avvalgi 770—256 yy.) davrida Szimo (bu joy ayni damda Pindu shahar uezdida joylashgan) shahriga asos solindi, o`shanda shahar Shandunda ikkinchi o`rinda turardi. Aynan shu erdan eramizdan avvalgi 221 yilda Xitoy birlashganidan so`ng birinchi Sin sulolasining imperatori Sin Shixuan Koreya va Yaponiyaga kemalar jo`natgan edi. Tan va Sun sulolalari vaqtida bu erda Xitoyning shimoliy va janubiy dengiz yo`nalishlari tutashgan. Min imperiyasi davrida esa muhim harbiy dengiz bazasiga aylandi. 1890 yillarda Sin imperiyasi bu erda harbiy istehkom qurishga qaror qildi. 1891 yilning 14 iyun kuni Sindao shahriga asos solindi.
1897 yilda shahar Germaniya qaramog`iga berildi. Bunga 1897 yilda ikki nafar nemis missionerining sharqiy Shandunda o`ldirilgani va shundan keyin Germaniya hukumati imperatorga ultimatum qo`ygani sabab bo`ldi. Nemislar Sindaoni strategik muhim portga aylantirishdi. Birinchi jahon urushi arafasida nemis harbiy kemalari Sindaoni tark etdi. Urush boshlangandan so`ng Yaponiya qo`shinlari 1914 yilning 31 oktyabridan 7 noyabrigacha shaharni egalladi. Urush tugaganidan so`ng Parij konferensiyasi Shandun hududlarini Yaponiya ixtiyorida qolishi va Xitoyga berilmasligi borasida qaror qabul qildi, bu o`z navbatida noroziliklarni keltirib chiqardi. 1922 yilda shahar Xitoy hukumatiga qaytarildi. 1929 yilda Nankinda Gomindan hukumati tashkil etilganidan so`ng Sindao Maxsus shahri tashkil etildi, 1930 yilda oddiy shaharga aylantirildi. Yaponiya Sindaoni 1938 yilning yanvarida yana bosib oldi. Ikkinchi jahon urushidan so`ng Sindao yana «maxsus shahar» maqomini oldi, Gomindan hukumati AQShga Sindaodan G`arbiy Tinch okean floti bazasi sifatida foydalanishga ruxsat berdi. 1949 yilning 2 iyunida shahar hukumat kuchlari tomonidan qo`lga olindi. O`sha yili shahar 7ta tumanga ajratildi. 1951 yilda esa shaharga Szyaochjou Maxsus tumanining ayrim hududlari qo`shildi.
1984 yilda Xitoy xorijiy sarmoyadorlarga nisbatan ochiqlik siyosatini olib bora boshladi. Buning natijasida Sindao zamonaviy port shahriga aylandi. Ayni damda Sindao yirik sanoat markazi sifatida ko`riladi. Yaqinda shaharda yangi biznes markazi qad rostladi. Markaz atrofida yirik sanoat zonasi joylashgan. Bugungi kunda Sindao 6 ta tuman va 4 ta shahar uezdidan tashkil topgan.
Ta`kidlanganidek, Sindao — Xitoyning yirik iqtisodiy markazlaridan biri. Bu erda yirik banklar, yirik kompaniyalarning ishlab chiqarish korxonalari va xalqaro firmalarning vakolatxonalari joylashgan. Sindao Xitoyning beshta yirik tashqi savdo portlaridan biridir. Bu erda rivojlangan transport tizimi mavjud.
Sharofiddin To`laganov, O`zA