Xabaringiz bor, XXXII yozgi Olimpiya o`yinlariga 2020 yilda Yaponiya poytaxti Tokio mezbonlik qiladi.
O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi Prezidenti, mamlakat futbol assosiasiyasi birinchi vise-prezidenti Umid Ahmadjonov tashkiliy qo`mita rahbarlari bilan uchrashib, muzokaralar olib borish uchun kunchiqar yurtga jo`nab ketdi. MOQ rahbari u erda ko`pgina masalalar bo`yicha muzokaralar o`tkazishi rejalashtirilgan.
Jumladan, “Takasaki Foundation” vise-prezidenti Mitsuo Yuki, Tokioda Olimpiya va Paralimpiya o`yinlari o`tkazish bo`yicha vazir Toshiaki Endo, Yaponiya Milliy olimpiya qo`mitasi prezidenti Sunekadzu Takedalar bilan uchrashuvlar tashkil qilinadi. Tomonlar yaqinlashib kelayotgan Olimpiya o`yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik yuzasidan o`zaro fikr almashadilar.
Qayd etish lozimki, Yaponiya shu paytga qadar uch marotaba Olimpiya o`yinlariga mezbonlik qilgan. 1964 yilda Tokioda yozgi Olimpiada o`tkazilgan bo`lsa, 1972 yil Sapporo, 1998 yilda esa Nagano qishki Olimpiya o`yinlariga mezbonlik qilgan.
Ma`lumot uchun, Umid Ahmadjonov Yaponiyadan to`g`ri Rossiya poytaxti Moskva shahriga yo`l oladi. U erda FIFA Kongressida ishtirok etib, futbol bo`yicha jahon chempionatining ochilish uchrashuvi – Rossiya-Saudiya Arabistoni terma jamoalari o`rtasidagi bahsni “Lujniki” stadionining martabali mehmonlar lojasidan tomosha qiladi.






