Fazliddin G`oibnazarovning havaskor boksda hali qiladigan ishlari bor. To`g`ri, u Olimpiada chempioni! Ammo, hozircha O`zbekistonda ikki karra Olimpiya o`yinlarining oltin medalini qo`lga kiritgan bokschi yo`q. Harakat qilsa arziydigan maqsad, shunday emasmi? Asosiysi, huddi ikki yil oldingidek unga yana ishonch bildirilishi lozim. E`tiboringizga bokschi bilan uyushtirilgan suhbatni taqdim etamiz.
Professional boksdagi faoliyat haqida
Professional boksdagi faoliyatim muvaffaqiyatli davom etmoqda. Bugungi kungacha to`rtta jang o`tkazib, ikkitasida nokaut evaziga g`alaba qozondim. Navbatdagi jangim 14 iyul kuniga rejalashtirilmoqda. Raqibim hozircha noma`lum. Yaqin orada aniq ma`lumotlar e`lon qilinadi. Professional boksdagi qiyinchiliklar haqida gapiradigan bo`lsam, vazn borasida biroz qiyinchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Havaskor boksda -64kg vazn toifasida jang o`tkazardim. Hozir esa 61,2 kg (135 funt) vaznli bokschiman. Umuman olganda ko`nikish qiyin bo`lgani yo`q. Ahir prof ringga karate orqali kirib borganim yo`q-ku.
Havaskor boksda hali o`z so`zimni aytganim yo`q
Olimpiada chempioni bo`lganimga qaramay, havaskor boksda hali erishishim lozim bo`lgan yutuqlar bor. Ahir O`zbekistonda hali boks bo`yicha ikki karra Olimpiya o`yinlari chempioni yo`q. Nima uchun men bu borada birinchi bo`la olmasligim kerak? Agar Milliy olimpiya qo`mitasi, murabbiylar shtabi tomonidan shunday taklif bo`lsa faxr va iftixor bilan Olimpiya o`yinlarida vatanim sharafini himoya qilaman. Asosiysi menga ishonishlari lozim. Men doimo tayyorman. Riodagi Olimpiada oldidan tarkibda mendan ham kuchli bokschilar bor edi. Ammo, murabbiylar shtabi menga ishonch bildirdi. Orada mag`lubiyatlarga ham uchradim. Olimpiada finalidagi raqibim Lorenso Sotomayorga 2015 yili Ozarbayjondagi musobaqada yutqazganman. Aslida o`shanda mag`lub bo`lmagandim, murabbiylar buni ko`rishgan. Hakamlar xatosi tufayli u g`alaba qozongan. Keyin esa Bokuda Ozarbayjon terma jamoasi bilan qo`shma yig`in o`tkazganmiz. O`shanda Sotomayorga qarshi sparring jangda g`alaba qozonganman. Buni barcha ko`rgan. Rio Olimpiadasida uning finalga etib borishi men uchun kutilmagan hol bo`lgan. Hal qiluvchi jangda umuman boshqa bokschini kutgandim. Chunki, -64kg vazn toifasida kuchli bokschilar etarli edi. O`shanda o`zimga bildirilgan ishonchni oqlay olgandim. Bu safar taklif qilishsa yana ishtirok etaman. Lozim bo`lsa ichki musobaqalarda qatnashib, yaxshi formada ekanligimni isbotlayman.
Rioda professional bokschilar medal qo`lga kirita olishmagan
Riodagi Olimpiya o`yinlarida professional bokschilar ham ishtirok etishgan. Ammo, ularning xech biri medal qo`lga kirita olmagan. Chunki, professional boksda siz asosiy e`tiborni bitta jangga qaratasiz. Jangdan so`ng sizda oylab tanaffus bo`ladi. Havaskor boksda esa bunday emas. Bugun jang o`tkazdingizmi? Ertaga yoki bir kun o`tib navbatdagi bahsda ringga chiqasiz. Bunday vaziyatda bo`shashmaslik lozim. Bu professional bokschi Olimpiya o`yinlarida ishtirok eta olmaydi degani emas. Bo`lishi mumkin. Shunaki, Olimpiadadan kamida 9 oy oldin professional bokschi havaskorlar bilan birga mashg`ulotlar olib borishi, ularning uslubiga qayta ko`nikishi lozim bo`ladi.
Islohotlar haqida
Milliy olimpiya qo`mitasi rahbariyati tomonidan olib borilayotgan islohotlar yoshlar uchun ayni muddao. Bu sport rivoji yo`lida katta ahamiyatga ega. Bolalar bizning kelajagimiz. Ular orasida sportni rivojlantirish, sog`lom turmush tarzini targ`ib qilish zarar qilmaydi. Bir necha kun oldin Qoraqalpog`istonda katta sport festivali o`tkazildi. Milliy olimpiya qo`mitasi Prezidenti Umid Ahmadjonov doimiy izlanishda, turli tabdirlarda ishtirok etadi, bolalarga e`tibor qaratadi, eng yaxshilarni taqdirlaydi, sport inshootlariga tashrif buyuradi. Bu keng ko`lamdagi ishlar yoshlar orasida sportga qiziqishni yanada oshiradi. Yoshlarimiz yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, sport bilan shug`ullanib, sog`lom turmush tarzini olib borishlarini istardim.









