AsosiyJamiyat

Ustyurtda qulonlar bor…mi?

'Ustyurtda qulonlar bor…mi?'ning rasmi

Ustyurt kengliklari bo`ylab navbatdagi reydga chiqqan «Saygachiy» majmua landshaft buyurtma qo`riqxonasi xodimlari qulon va jayronlar to`dasiga duch keldi.

Qo`riqchilar tabiatdagi ushbu noyob hayvonlarni Ustyurtning janubiy-sharqiy qismida joylashgan Qoraqalpog`istonning Turkmaniston bilan chegaradosh g`arbiy qismida, ya`ni Sariqamish havzasi hududida uchratgan.

- Biz har oyda ikki-uch marotaba sayg`oqlar yashaydigan hududlarni aylanib chiqamiz. Navbatdagi shunday reyd safarimiz Turkmaniston va Qozog`iston davlatlarining O`zbekiston bilan chegaralarini, ya`ni Qoraqalpog`istonning g`arbida cho`zilib yotgan Ustyurt kengliklari bo`ylab amalga oshirilgan edi, - deydi «Saygachiy» majmua landshaft buyurtma qo`riqxonasi inspektori Bayram Uteuliev. – Sariqamish ko`lining atrofida har xil yovvoyi hayvonlarni va qushlarni, xususan to`ng`iz, tulki, qarsoq, shaqal, bo`rsiq, boyqush, burgutlarni ko`rdik. Shuningdek, bo`rilarning izlariga ham duch kelib turdik. Bizni hayratga solgani Ustyurtda qulon va jayronlar to`dasining mavjudligi edi. Ularni tasvirga muhirlash uchun avtotransportda izidan quvib kadr olishga muvaffaq bo`ldik.

Ustyurtda haqiqatdan ham qulonlar bormi degan savol ko`pchilikni qiziqtirishi tabiiy.KULAN.JPG

Uki.JPG

Ba`zi ilmiy ma`lumotlarda keltirilishicha, XIX asrda O`zbekistonning Ustyurt kengliklarida ko`p miqdorda uchragan turkman qulonlari (fanda lot. Equus hemionus onager) XX asrning 30-yillariga kelib butunlay qirilib ketgan.

Qulon Xalqaro tabiyatni muhofaza qilish tashkilotining Qizil kitobiga, Yo`q bo`lib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi to`g`risidagi Konvensiyaning (SITES) Ilovasiga va O`zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga yovvoyi tabiatda yo`qolib borayotgan hayvonot turi sifatida kiritilgan.

Qulonlar Ustyurt cho`li va yarim cho`llarida oziqlanadi. Yozda asosan kichik to`da bo`lib suvotlarda uchrashadi, qishda esa katta to`da bo`lib sahro uzra ko`chib yuradi.

2011-2014 yillarda Ustyurtning Qoraqalpog`iston qismida ekspedisiya olib borgan olimlar Qoraqalpog`istonning Turkmaniston bilan tutashgan shimoliy-g`arbiy chegarasida 9 qulondan iborat to`dani aniqlab, fanda rasman qayd qilgan edi.

Biologiya fanlari doktori, professor Svetlana Mambetullaevaning ta`kidlashicha, O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi o`simliklar va hayvonotlar olami genofondi tomonidan tashkil qilingan ekspedisiyada O`zbekiston uchun ilk bor Qoraqalpog`iston hududidagi Ustyurtning janubiy-sharqiy tomonida kulonning mavjudligi aniqlandi. Qulonlarning Qoraqalpog`istonda qayta paydo bo`lishi o`ta muhim yangilik.

Qulonlarning sonining o`sishiga bir sabab – bu Turkmaniston bilan O`zbekiston territoriyasi (Qoraqalpog`iston) chegarasiga aholi yashaydigan punktlarning olisligi, yo`lning og`irligi va chegara rejimining saqlanishidir.

kulan.png

kulan3.jpg

— Qulonlarni asrashimiz kerak, ularning bos sonini ko`paytirishimiz zarur, - deydi professor S.Mambetullaeva. — Qulonlarni saqlash uchun ularning yashash joyi sharoitini, o`t-em bazasini, oziqlanish holatlarini yaxshilash va tabiiy dushmanlaridan muhofaza qilish bo`yicha doimiy monitoring olib borish kerak. Orolbo`yi mintaqasida, xususan, Barsakelmes, Shaqpaqti, Qulontaqir, Assake-Audan hududlarida qo`riqxona va zakazniklar tashkil qilish lozim.

Sariqamish ko`lida faoliyat olib borayotgan baliqchilar ham hududda qulonlar to`dasini tez-tez ko`rib turishini ta`kidlaydi.

Saygachiy» majmua landshaft buyurtma qo`riqxonasi xodimlari ushbu reyd safarida Ustyurtda, O`zbekistonning Turkmaniston bilan chegarasida, Qaplanqir deb nomlanuvchi hududda uzoqdan arxarlarni (fanda lot. Ovis vignei arkal) ko`rganini ham ta`kidlaydi. Qo`riqxona zarur texnik uskunalar (professional fotoapparat, dron va h.) bilan ta`minlanmaganligi bois bu hayvonotlarni tasvirga olish imkoni bo`lmagan.

O`zAning yozishicha, qo`riqxona xodimlari ushbu va keyingi safarlarida Ustyurtda ko`plab ajoyibotlarga duch kelib turgan.

    Boshqa yangiliklar