Xalqaro futbol tashkiloti – FIFAning FIFA.com internet sayti kecha o`zbekistonliklar uchun taalluqli bo`lgan xabarni chop etdi. Unda, jumladan, shunday deyilgan:
“Futbol bo`yicha jahon chempionati-2018ning boshlanishiga atigi 8 kun qoldi. Ushbu mundial oldidan musobaqa tarixidagi statistikalarga to`xtalamiz.
O`zbekistonlik tajribali hakam Ravshan Ermatov jahon chempionatlarida jami 9 ta uchrashuvni boshqargan - bu mundial tarixida har qanday boshqa hakamdan ko`proq demakdir. U birinchi marta 2010 yili JARda bo`lib o`tgan mundialda mezbon va Meksika terma jamoalari o`rtasidagi ochilish o`yinini boshqargan edi. Ravshan mazkur musobaqada yana to`rt o`yinda bosh hakam bo`ldi, jumladan, Golandiya va Urugvay o`rtasidagi yarim final o`yinini ham boshqardi.
O`zbekistonlik hakam o`z hisobiga 2014 yilda Braziliyada bo`lib o`tgan jahon chempionatidagi yana to`rtta uchrashuvni qo`shib qo`ydi va mundiallarda eng ko`p - 8tadan bahsni boshqargan fransiyalik Joel Kiniu, meksikalik Benito-Artundiya va urugvaylik Xorxe Larriondani ortda qoldirdi.
Ermatov 2003 yilda FIFA referiligiga qabul qilingan, shundan buyon uning qobiliyati va obro`-hurmati ortib bordi. Jahon chempionatlaridan tashqari, Osiyo chempionalar ligasining to`rtta finali, Klublar o`rtasida o`tgan jahon chempionatining ikkita finali va Osiyo kubogi finalini, yana ko`plab rasmiy yirik musobaqalarning hal qiluvchi o`yinlarini xotirjamlik va ishonch bilan boshqargan.
Ravshan Rossiyada o`tadigan jahon chempionatida o`z rekordini yangilash uchun yaxshigina imkoniyatga ega bo`lib turibdi. U yana bir haftadan keyin boshlanadigan jahon chempionati o`yinlarini boshqaradigan asosiy hakamlar ro`yxatiga kiritilgan”.






