AsosiyJamiyat

FVV Qamchiq dovonida kuchli yomg`ir yog`ishi natijasida ro`y bergan holat haqida ma`lumot berdi

'FVV Qamchiq dovonida kuchli yomg`ir yog`ishi natijasida ro`y bergan holat haqida ma`lumot berdi'ning rasmi

FVV Favqulodda vaziyatlarda boshqaruv markazining ma`lumoti ga ko`ra, kecha, 8 iyun kuni soat 22:00 larda Namangan viloyatining Pop tumanida kuchli yomg`ir yog`ishi natijasida, mazkur tuman hududidan o`tuvchi A-373 M-39 “Guliston-Bo`ka-Angren-Qo`qon-Andijon orqali-O`sh” avtomobil yo`lining “Qamchiq” dovoni qismining 225,5 kilometrida eni 80 metr, uzunligi 300 metr va balandligi 0,5 metrni tashkil etuvchi, umumiy hajmi 12 000 m3 bo`lgan tosh va tuproq massasi avtomobil yo`li orqali oqib o`tgan.

Mazkur holatdan kelib chiqib, soat 22:20da IIV YHXBB tomonidan “Chinor” va “Sherobod” yo`l harakati xavfsizligi maskanlarida avtotransport vositalarining ikki tomonlama harakati to`xtatilgan.

Natijada, tosh va tuproq massasi yo`lning avtomobil qatnov qismida harakatlanayotgan 2 ta engil avtomobil vositasini surib, yo`l chetiga chiqarib yuborgan. Mazkur avtomobil vositalarida bo`lgan 6 nafar fuqarolar FVVning “Qamchiq” MQQB qutqaruvchilari tomonidan qutqarib olinib, ularga joyida birinchi tez tibbiy yordam ko`rsatilib, ulardan ikki nafari Angren shahar markaziy kasalxonasiga yuborilgan va to`rt nafar fuqaroga dovondagi “Buloq” tibbiy yordam maskanida tibbiy yordam ko`rsatilgan.

Shuningdek, yo`lning qatnov qismida qolgan 4 ta “Isuzu”, 2 ta “MAN” va 4 ta engil avtomobil vositalari voqea joyidan havfsiz hududlarga evakuasiya qilingan.

Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar va Sog`liqni saqlash vazirliklari, hamda “O`zavtoyo`l” AJ, Namangan va Toshkent viloyati xokimliklari tomonidan tuni bilan hamkorlikda olib borilgan ishlar natijasida, avtomobil yo`li tosh va tuproq massasidan tozalanib, 2018 yilning 9 iyun kuni soat 08:00da “Qamchiq” dovoni orqali avtomobil vositalarining qatnovi tiklandi.

Qidiruv-qutqaruv hamda kuchli yog`ingarchilik oqibatlarini bartaraf etish ishlariga jami, 350 nafar xodimlar va 74 ta texnika jalb etildi.

    Boshqa yangiliklar