AsosiySport

Uch nafar sportchimiz oltin medal uchun kurashni davom ettirishadi, to`rt nafari esa bronza medali sohiblari

'Uch nafar sportchimiz oltin medal uchun kurashni davom ettirishadi, to`rt nafari esa bronza medali sohiblari'ning rasmi

Qozog`iston poytaxti Astanada o`tayotgan boks bo`yicha xalqaro “Prezident Kubogi”da uch nafar bokschimiz oltin medal uchun kurashadigan bo`ldi.

Musobaqaning yarim final bahslarida etti nafar hamyurtimiz jang olib borishdi.

56 kg vazn toifasida ringga ko`tarilgan Shahobiddin Zoirov musobaqa mezboni, Jahon chempioni Qayrat Eralievga qarshi jang qildi. Garchi Shahobiddin butun jang davomida tashabbusni qo`ldan chiqarmagan bo`lsa-da, hakamlar yutuqni ring egalariga berib yuborishdi.

60 kg.lilar bahsida omad hamyurtimizga kulib boqdi. Shunqor Abdurasulov final yo`llanmasi uchun mezbonlardan yana biri Zakir Safiullinga qarshi harakat qildi va yakunda g`alaba qozonishga muvaffaq bo`ldi. Endi Shunqor musobaqaning hal qiluvchi jangida rossiyalik Gabil Mamedovga qarshi ringga chiqadi.

-64kg vazn toifasidagi bahslarida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Iqboljon Xoldorov yarim final jangida tailandlik Vuttichaiga qarshi ringga ko`tarilib, raqibini mag`lubiyatga uchratdi va finalga chiqdi.

Endi u hal qiluvchi bahsda qozog`istonlik Bekdaulet Ibragimovga qarshi jang qiladi. Bekdaulet yarim finalda hamyurtimiz Aliyor Noralievni engib, finalga ravona bo`lgandi.

- 69 kg. vaznlilar o`rtasida jang olib borgan Mahmud G`oipov Qozog`iston vakili A.Jusupovga imkoniyatni boy berib qo`ydi.

-75 kg vazn toifasidagi bahslarida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Isroil Madrimov qozog`istonlik Abilxon Amankul bilan bahs yuritdi. Hakamlar Shahobiddin kabi bu gal ham ochiqdan-ochiq mezbonlarga yon bosdi. Vaholanki, Isroil uch raundli jangning ikkitasini o`zining foydasiga hal etgandi, buning ustiga ikkinchi raundda hakam Amankuldan bir ochkoni olib tashlagandi ham. Bir so`z bilan aytganda, hakamlar Isroildan g`alabani tortib olishdi. Isroil ham Shahobiddin kabi turnirning bronza medali bilan kifoyalandi.

Turnirning -81 kg vazn toifasidagi janglarini ko`tarinki ruhda o`tkazayotgan Bektemir Meliqo`ziev qozog`istonlik Nurdauletovga qarshi jang o`tkazdi va g`alaba qozondi. Bektemirning finaldagi raqibi mezbon Bek Nurmaganbet bo`ladi.

Final bahslarining erkaklar o`rtasidagi janglarida eng ko`pchilikni mezbonlar tashkil etishmoqda – 12 nafar. Ikkinchi o`rinda O`zbekiston va rossiyaliklar – uch nafardan, shuningdek, Filippin va AQSh terma jamoalarining bir nafardan vakillari ham bosh sovrin uchun kurashish imkoniyatiga ega bo`lishdi.

Finalning ayollar o`rtasidagi janglarida to`rt nafar qozog`istonliklar, ikki nafar yaponiyalik va bir nafardan Tailand hamda shvesiyalik sportchilar ringga chiqishadi.

    Boshqa yangiliklar