Namangan viloyatining Pop tumanida istiqomat qiluvchi 42 yoshli Mavlonxon To`raev shu yilning 1 avgust kuni mustaqilligimizning 23 yilligiga bag`ishlangan o`ziga hos loyihani amalga oshirishga kirishdi. Bu haqda Gazeta.uz nashri xabar beradi.
Nogiron bo`lishiga qaramay aravachada Toshkent shahridan Samarqand viloyatigacha bo`lgan hududni bosib o`tishni o`z oldiga maqsad qilib qo`ygan. 8 avgust kuni u “Elim deb, yurtim deb” ulug` ziyorat sari xayriya marafoni doirasida Jizzax shahriga kirib keldi. Mavlonxon To`raevni u erda Jizzax viloyati nogironlar jamiyati a`zolari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi viloyat va shahar bo`lishi vakillari, ommaviy axborot vositasi vakillari kutib oldilar.
Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Toshkent yo`nalishi bo`yicha amalga oshirilayotgan marafonda hamyurtimizga uning o`g`li Nodirbek hamrohlik qilmoqda.
“Ushbu xayriya marafonimizning ikkinchi bosqichi sanaladi. Dastlab “2010 – Barkamol avlod yili”ning avgust, sentyabr oylarida birinchi bosqichni muvaffaqiyatli ado etganmiz. Oilamiz bilan xayrlashib chiqib ketganimizga 15 kun bo`ldi. O`g`lim bilan birga ushbu xayriya loyihasini amalga oshirar ekanmiz, yurtimizdagi tinchlik xalqimiz uchun eng shukrona keltirishi lozim bo`lgan ne`mat ekanligiga amin bo`ldik. Turli insonlar bilan uchrashdik. Ular bilan hamsuhbat bo`lar ekanmiz, uni kundalik sayohat daftarimizga qayd etib boryapmiz. Xayriya marafonidan tushgan mablag`ga ushbu xotiralar asosida kitob nashr ettirish niyatidamiz. Oilamiz bilan O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining a`zosimiz. Shu partiyaning oilaviy boshlang`ich tashkiloti etakchisiman. Ushbu sayohat davomida bizni qo`llab-quvvatlagan partiya vakillariga va O`zbekiston Nogironlar jamiyati hamda uning bo`limlariga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman”- deydi Mavlonxon To`raev.
Jizzax shahar hokimligi Axborot xizmati bildirishicha, marafonning yakunlanishi istiqlol bayramining 23 yilligi arafasida poytaxtdagi “Mustaqillik maydoni”da o`tkaziladi.