AsosiySport

Shaxmat vatani O`zbekistonmi?

'Shaxmat vatani O`zbekistonmi?'ning rasmi

Shaxmat tarixidan ma`lumki, bu o`yin Hindistonda bir yarim ming yil avval paydo bo`lgan va insoniyat tamaddunining ajralmas qismi sifatida dunyo bo`ylab keng tarqalgan.

Mirzo Ulug`bek nomidagi O`zbekiston Milliy universiteti professori, arxeolog Yuriy Buryakov shaxmat tarixida yangilik yaratdi. Arxeolog 1990 yil Samarqand yaqinidagi shaharning qadimiy qismi Afrosiyobda olib borilgan qazishma davomida fil suyagidan yasalgan 7 dona shaxmat haykalini topgan. Bu shu davrgacha dunyo miqyosida eng to`liq to`plamdagi topilma hisoblanadi.

1996 yilda yaponiyalik arxeologlar mamlakatimiz janubidagi qadimiy Dalvarzintepa hududida Kushon imperiyasi davriga oid ikkita noyob shaxmat haykalchasini topgan. Bu miloddan avvalgi II asrda qadimiy O`zbekistonda shaxmat o`yini bo`lganini anglatadi.

O`zbekiston janubidagi ushbu tarixiy topilma shaxmat o`yini tarixiga bo`lgan qarashni o`zgartirdi. O`zbekistonda shaxmat haykalchalari hunarmandlar yashagan uylar, hammomlar xarobalarida olib borilgan qazishmalardan topilgani shaxmat keng aholi qatlami orasida ham mashhur bo`lganini yaqqol tasdiqlaydi.

Shaxmatning O`zbekistonda paydo bo`lganini isbotlovchi yana bir misollardan biri – uning nomlanishidir.

Tarixdan ma`lumki, Hindistonda II asrdan XVI asrgacha shoh va podshohlar bo`lmagan. Buyuk Boburiylar sulolasiga qadar Hindistonda rajlar hukmdor sanalgan. Shu bois, shaxmat nomining kelib chiqishi hind tiliga taalluqli bo`lishi biroz shubhali. So`zning ikkinchi bo`g`ini bo`lmish “mot” so`zi ham o`zbek tilida "chorasiz holat" degan ma`noni anglatadi.

Arxeolog Yuriy Buryakov Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Toshkentda shaxmat o`yini keng tarqalganini, bu Buyuk ipak yo`li bo`ylab tuyalar karvoni yurgan yo`nalishlarga to`g`ri kelishini qayd etgan.

Arxeolog shaxmat o`yinining mumtoz tarixi bo`yicha, shaxmatni buddizm rohiblari emas, qadimgi Samarqand shahrining savdogarlari tarqatgan, deb hisoblaydi. Ular Sharqda o`z vakolatxonalariga asos solgan bo`lib, bu hudud Sibirning janubi va Xitoyni, G`arbda Misrgacha bo`lgan erlarni qamrab olgan.

Yuriy Buryakovning fikricha, bu o`yin Evropaga arablar orqali emas, bulg`orlar tomonidan etkazilgan. Ularning dastlabki vatani Volgabo`yi bo`lib, tarixdan Samarqand va Buxoro bu o`lka bilan yuz yillar davomida yaqin iqtisodiy aloqalarni o`rnatgani ma`lum. Qadimgi bulg`orlarning X asrga oid “Kormchiyata” kitobida muallif sharqiy tillarga oid “shaxmat” – “shohga o`lim” iborasini qo`llagani bunga yaqqol misoldir. Demak, shaxmat Volgabo`yi orqali Qadimiy Rusga etib borgan.

Manbalarga ko`ra, qadimda hind va arab shaxmat o`yinida qora va qizil rangli toshlar o`ynagan. Ushbu o`yin G`arbga ko`chgach, o`yinchilar oq va qizil rangli haykalchalar bilan o`ynay boshlaydi. XIII asrda din ta`siri ostida hamda Aristotel nazariyasi bo`yicha bu ranglar oq va qoraga o`zgaradi. Shaxmat maydoni haqida so`z yuritilganda esa, boshida qizil-qora yoki qizil-oq rangli katakchalardan iborat shaxmat taxtasi bo`lgan, degan taxmin ham mavjud. Hatto bu o`yin uchun maxsus taxta o`ylab topilmasdan avval toshga bo`r yoki erga qo`l yordamida vertikal va gorizontal chiziqlar chizib ham shaxmat o`ynalgani haqida aytiladi.

Bundan tashqari, o`yinga bo`lgan yondashuvdan ham shaxmatning vatani Sharq ekanini anglash qiyin emas. Ma`lumki, musulmon va nasroniylar jangda turli yurishlarni qo`llagan. O`rta asr nasroniylari uchun jang kichik guruhlar o`rtasidagi adog`i yo`q tortishuvlar, to`xtovsiz hujumlar, tasodifiy bosqinchiliklarni ifodalagan. Ular uchun g`alaba emas, jang jarayoni muhim sanalgan. Shu bois ham, shaxmat o`yini, uning yakuniy qismi – raqib shohni “mot qilishi”, uni ustidan g`alaba qozonishi va uni "ag`darishi" ularni ajablantirgan. Musulmon an`analariga ko`ra esa, shohni asirga olish shart bo`lgan strategiyaga asoslangan yakuniy natija ahamiyatli sanalgan. Shuningdek, ular reallikka mos qilib, ya`ni shoh, otliq, piyoda kabilar tushunarli bo`lishi uchun shaxmat haykalchalarini ham o`ylab topgan. Biroq piyodalarning taxta bo`ylab yurishi chog`ida malika bo`la olishi mumkinligi musulmonlardan farqli o`laroq nasroniylarda, yangi qiyinchilikni yuzaga keltirgan. Chunki, qirol bir necha xotinga emas, maslahatchiga ega bo`lishi mumkin bo`lgan. Shu bois ham, ular butun maydon yurib o`tgan piyodalarni “damka” deb atagan va faqat bitta – qirol bilan juft bo`lgan haykalcha, qirolicha bo`lgan. Shuningdek, odatda graf, bayroqdor, episkop yoki masxarabozga ham aylana oladigan filning o`rni o`zgarib borgan.

Bularning barchasi shaxmat Sharqda paydo bo`lgani va eng avvalo, o`zbek xalqi ajdodlari shaxmat rivojiga salmoqli hissa qo`shganini anglatadi. Shu tariqa shaxmat o`yini Evropada XVI asrga keliboq “zamonaviy qiyofa” kasb etdi.

Aholi, ayniqsa, yoshlarning shaxmatga bo`lgan qiziqishi va muhabbati tufayli 1996 yil mart oyida O`zbekiston milliy shaxmat federasiyasi tashkil etildi. Ushbu tashkilot Xalqaro federasiya, Osiyo shaxmat federasiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning teng huquqli a`zosi hisoblanadi. Bugungi kunda 168 ming nafardan ortiq yurtdoshimiz federasiya a`zosi hisoblanadi.

O`zbek shaxmatchisi, xalqaro grossmeyster Rustam Qosimjonov Xalqaro shaxmat federasiyasi yo`nalishida 2004 yilda jahon chempioni bo`ldi. Hozirda u dunyoning eng kuchli shaxmatchilari safida.

Bugungi kunda O`zbekistonda 22 nafar xalqaro grossmeyster, jumladan, dunyoning eng yosh xalqaro grossmeysteri, 12 yoshli Nodirbek Abdusattorov, 4 nafar ayol grossmeyster, Xalqaro shaxmat federasiyasining 24 nafar xalqaro shaxmat ustasi mavjud. O`zbekiston xalqaro grossmeysterlarning aholi jon boshiga ulushi bo`yicha dunyoda birinchi o`rinni egallaydi.

O`zbek xalqining qadimiy shaxmat an`analariga ko`ra, asosan maktabgacha yoshdagi va boshlang`ich sinf o`quvchilari ushbu sport turiga tobora keng jalb etilmoqda. Shu bois, ular o`z yosh toifasi bo`yicha jahon chempionlari bo`lmoqda.

FIDE (Xalqaro shaxmat federasiyasi) prezidenti K.Ilyumjinov O`zbekiston shaxmat federasiyasining joriy yil 8 iyundagi konferensiyasida zamonaviy shaxmatning vatani aslida O`zbekiston ekani, mamlakatimiz ushbu qadimiy intellektual o`yinning dunyo va Markaziy Osiyoda yanada ommalashuviga katta hissa qo`shayotganini ta`kidladi.

Bahodir Umurzoqov,

O`zbekiston shaxmat federasiyasi vise-prezidenti,

iqtisod fanlari doktori, professor

O`zA

    Boshqa yangiliklar