Giyohli sharbat yoki gazli suv: qaysini tanlaysiz?

Salomatlik 20.06.2018, 17:19
Giyohli sharbat yoki gazli suv: qaysini tanlaysiz?

Havo haroratining yuqorilib ketishi, insonning suvga bo`lgan ehtiyojini oshiradi. Ko`chadagi yoshlarning chanqoqni qondirish uchun qo`lida turli xildagi gazli ichimliklarni olib yurganini ko`ramiz.

Do`konlarda ham bunday shirin gazli ichimliklar xaridorgir hisoblanadi. Aslida uni foydasi bormi? Zararichi?

Uning foyda-zararini hisoblashni har kimning o`ziga havola etgan holda sizga taklif bermoqchimiz. Agar ma`qul kelsa, iste`mol qilib ko`ring.

Tib ilmining sultoni Abu Ali ibn Sino haqidagi rivoyatlarda buyuk tabibning giyohlar bilan tillashgani, tabiatdagi barcha o`t-o`lanlar unga o`z sirlarini ochgani aytiladi, Bu bejiz emas. Zero, ota-bobolarimiz qadimdan turli xastaliklarga davoni tabiatdan izlashgan, giyohlarning shifobaxsh xususiyatlari, foydali va zararli jihatlarini o`rganib, ulardan kundalik hayotda unumli foydalanishgan. O`simliklar biz uchun ham oziq, ham shifo manbai. Faqat ularning xususiyatini puxta o`rganish va shunga ko`ra to`g`ri foydalanish kifoya.

― Odam-tabiatning bir bo`lagi. Qolaversa, shifobaxsh malhamlar inson tanasiga tez singib, tuzalishiga yordam beradi,-deydi Sergeli tumanida yashovchi Feruza Sattorova.- O`zimdan qiyos: oshqozonosti bezi kasalligi tez-tez bezovta qilib turardi. Turli kimyoviy dorilarni ichdim, ukollar oldim. Ular vaqtinchalik ta`sir qilib, keyin yana og`riqlar boshlanardi. Shifokor tavsiyasi bilan doimiy ravishda na`matak, dalachoy kabi shifobaxsh ne`matlarni iste`mol qildim. Shukrki, bu damlamalar ijobiy samara berdi. Keyingi yillarda shahrimiz dorixonalarida “fitobar” burchagi tashkil etish ommalashdi. Bunday dorivor giyohlardan foydalanish barcha oilaviy poliklinikalarda ham yo`lga qo`yilgan. Fitobarlar orqali aholiga etkazilishi majburiy bo`lgan dorivor giyohlar ro`yxatdan na`matak, limono`t, tog`rayhon, do`lana va qora qorag`at kabilar joy olgan.

Mutaxassislarning ta`kidlashicha, tabiiy giyohlardan tayyorlangan damlamalar immunitetni kuchaytiradi, turli kasalliklarning asoratlarini yo`qotadi, sog`liqni tez tiklashga yordam beradi. Qolaversa, kimyoviy dori vositalaridan farqli o`laroq bezarar. Misol uchun, limon o`t – nafas va yurak qon tomir tizimi, jigar faoliyatiga ijobiy ta`sir etib, ovqat hazm bo`lishini yaxshilaydi. Na`matakning 300 grammini 3 litr suvda 1 soat davomida qaynatib, qaynatma quloqqa tomizilsa, quloq og`rishiga va shang`illashida yaxshi natija beradi. Immunitetning ko`tarilishiga yaxshi yordam beradi.

- Na`matak, o`rik sharbatining bir nechta kasalliklarga davo bo`lishini ko`pchilik biladi, - deydi oliy toifali shifokor Fotima Mahmudova. – Yoki dalachoy o`simligining xususiyatlariga e`tibor qaratsangiz, giyohlarning foydali jihatlari ko`pligiga amin bo`lasiz. Bu giyoh yara to`qimalarini tez bitiruvchi ta`sirga ega bo`lib, tibbiyotda me`da-ichak, og`iz bo`shlig`i kasalliklarida va II, III darajali kuyishni davolashda ishlatiladi. Demak, kundalik turmushda ham doimiy ravishda giyohli damlama va choylarni iste`mol qilish sog`liq uchun faqat foydali.

Qachondir yurtimiz tadbirkorlari xalqimiz uchun ana shunday salqin ichimliklar ishlab chiqarishni boshlar. Balki, ana shunda sog`liq uchun koni zarar ekani bot-bot takrorlanayotgan gazli ichimliklardan voz kecharmiz. Agar shunday bo`lsa, har jihatdan yutuqqa erishgan bo`lardik, nazarimda.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1