1

Shayxning o`limi

Mutolaa 21.06.2018, 07:42
Shayxning o`limi

Uni orqasidan qo`ndoq bilan itarib, og`ir, nag`alli etiklari bilan tepkilab olib ketishardi.

Tumanga cho`mgan tong. Quyosh odamlarning qilmishidan uyalgandek bulutlar ortiga berkindi. Yigirma kunlik qiynoqdan so`ng tor uychaga qo`l-oyoqlari bog`langan holda uloqtirilganlardan yolg`iz unga yorug` kunni ko`rish nasib etdi.

U qishloqning shayxi edi.

Har bir zarba asta-sekin, lekin to`xtovsiz uni birodarlaridan uzoqlashtirar, o`lim tomon etaklardi. Har bir qadam hayotdan o`limga olib boruvchi zanjirga yangi halqa qo`shar va bu zanjir tiriklar marhumlarni bir-biri bilan bog`lagandek, birlashtirgandek bo`lib ko`rinardi.

Uning butun umri azob-uqubatda o`tdi.

– Bu senmi Qur`onni o`qigan?

Javob o`rniga sukut. Qo`ndoq bilan berilgan zarba chap jag`ga tushdi. Uning faqatgina kipriklari beixtiyor pir-piradi. Shayxni uyqu elitardi. Shunday bo`lsa-da, erga bukchayishga majbur etgan charchoqqa qaramasdan tik turishga urinardi. Uning yuzi sovuq va nafratli edi, u butun vujudi bilan titrar va har bir noto`g`ri bosilgan qadam qo`ndoqning kuchli zarbalari bilan “siylanardi”.

– Shoshmay tur, hali sen shunday sayraysan-ki...

Shayx fransuzchani tushunmasdi. U birodarlaridan ayrildi, vidolashdi. Ular so`nggi kunlariga qadar shayxga g`amxo`rlik qilishdi.

Askarlar sovqotishar, qo`llarini bir-biriga ishqashardi.

Uni mevalarining og`irligidan erga egilgan zaytun daraxti shoxlari tagida to`xtashga majbur etishdi. Shayx sariq tuproqda qolgan o`zining yalang oyoqlari va soqchining izlariga boqdi.

Ilk bora nigohlari qadalgan va butun umri davomida qadrdon bo`lib qolgan qishlog`iga so`nggi bor nazar tashlagancha “Umrimning intihosi shu er”, deya pichirladi. Qo`rquv yo`qoldi. Shayx o`zini sezmasdi. G`ayrioddiy qo`rquv shayx uchun isnod edi, qo`rquv endi yollanma askarlar qishloqqa kelishgan damlardagidek jonni qiynamasdi.

Askarlardan biri belkurak keltirdi.

– Allohdan o`zga iloh yo`q ( La ilaha illalloh)... – Qo`ndoqning zarbi uni yiqitdi – va Muhammad uning rasulidir (Muhammadur rasululloh).

Shayxni boshqalar bilan birga uzoq azoblab qiynashdi. Ko`pchilik qiynoqlarga chidayolmadi. Hozir shayx uchun eng muhimi Xudoning marhamati edi. Tarsakidan shayxning boshi silkindi, miltiq bilan qorniga berilgan zarbaning chidab bo`lmas og`rig`i uni bukchaytirib qo`ydi, badanida sog` joyning o`zi qolmagandi, hattoki zarbaning kuchidan suyaklarining qirsillagani eshitildi. Murdadek rangpar yuzida ajralib turgan, yorilgan lablari orasidan xirillagan tovush chiqdi. Shayxning qo`llarini echishdi. Temir simlar o`rnida ikki iz joy qoldi. Barmoqlarining uchlari shishib ketgandi. Uchli gugurt donalari sanchilgan tirnoqlari ostidan oqqan qon qotib qolgandi.

Bir necha soniyalik sukut abadiydek tuyuldi. U hammasi tezroq tugashini xohlardi, axir taqdirga shunday yozilgan, o`lim — najot.

Zobit nimanidir o`ylardi. Uning qayrilma kipriklari ostidagi ko`z qorachiqlari kengaydi, yuzi shafqatsiz tus oldi.

Askarlar ishni tugatishga shoshilardilar. Zobit esa oldindan rohatlanardi. Shayx butun o`tmish va kelajak avlodlarining nafratiga to`lgan nigohi bilan ularga qaradi. Uzun, to`zigan, kir soqoli uning yuzini qoplagandi.

– Qani, qo`lingga ol-chi, – dedi askar o`zi olib kelgan belkurakni oyog`i bilan tepib. Buyruq haqorat bilan to`ldirildi.

Zobit shayxni o`ziga o`zi go`r qazishga majburlashni xohlardi. U shu paytgacha odamlarni o`zi uchun qabr qazdirishga bo`lgan ishtiyoqini bosib kelardi. Hech narsa — hatto mana shu urush ham bu g`alaba bilan tenglasholmasdi: kurashuvchan insonni o`ziga qabr qazishga majburlash, uni jonsiz jismga aylantirish, ongi va irodasidan mahrum qilish, inson qadr-qimmatini vahshiyona tahqirlash.

Zobit g`azab-la o`zining azaliy orzusini amalga oshirishga tirishardi.

– Demak, sen ekansan-da ularning rahnamosi? Bu senmi qurol-yarog` uchun pul yiqqan? Iqror bo`l, nima bilsang, hammasini ayt, shundagina seni qo`yib yuboraman...

Zobit oldindan o`z qilmishini oqlamoqchi va bu bilan tanbal vijdonini allalamoqchi edi. Ammo vijdon uyg`onishidan umid yo`q. “Nima ham qilardik, – dedi u, – urush ketyapti, urush muqaddasdir”.

Shayx aniq bilardi, agar u gapirsa ham baribir o`ldirishadi.

Na zobit, na shayx o`zlarini aldashga urinishmasdi. Biri o`ldirishini, ikkinchisi esa o`ldirilishini bilardi. Shayx xuddi mushukning changaliga tushgan sichqondek himoyasiz edi.

Shayx oyog`i ostida yotgan belkurak tomon egildi. Zobit irshaydi, u niyatiga etgandek mamnun edi. Biroq shayx belkurakni chetga surib qo`ydi, xolos.

Bu g`azabni qo`zg`atadigan o`yin edi.

Shayx xotirjam qaddini rostladi.

– Jazoirlik hech qachon o`ziga qabr qazimaydi!

Bu gap o`q ovozidek yangradi. Zobit mushtini tugdi, tishini tishiga shunday bosdi-ki, yanoqlarida shish paydo bo`ldi va shayxning yuziga kaftining orqa tarafi bilan qulochkashlab tushirdi.

Zobit o`ziga bo`ysunmasliklariga chidayolmasdi. Shayx qonli tabassum qildi... bu tabassumda bechora zobitga achinish bor edi.

“Bardam bo`l, bardam bo`l”. Birodarlarining dalda berib aytgan bu so`zlari uning shuurini egallagandi. Yuzidan qon oqar, chakkalari zirqirardi. Qulog`ining shang`illashidan boshqa hech narsa eshitmasdi.

Shayx zobitning yuziga tupurdi, shu on ko`zining chetida bir qatra yosh ko`rindi. Shu paytgacha tuproqqa ko`milgan otasi uchungina ko`z yosh to`kkandi. Go`yo qonga bo`yalgan yuziga bir dona gavhar yumaladi. U tili bilan la`lni ushlab qoldi, tuproqqa tushirmadi.

Askarlar hamon intizorlik bilan kutishardi. Ular shayxni tezroq tinchitishni xohlashardi. Bularning bari odamni zeriktiradigan holat. Yosh askarlardan biri xijil bo`lib, lablarini tishlagancha, boshqalar kabi yuzini teskari o`girdi.

Shayx o`zini elektr toki silkitgandek his qildi, nam qo`llarini qimirlatdi, peshonasidan dona-dona ter chiqdi. Nogahoniy quvonch to`lqini uning butun vujudini chulg`ab oldi, ko`zlariga nurni qaytardi. Eng qiyin hal qiluvchi onlarda qalbimiz tubida berkitilgan ajdodlarimizning jasurligi, botirligi kutilmaganda jonlanadi va cheksiz jismoniy yoki ruhiy azobning ortidan e`tiqodi mustahkam insonning g`ururini ham uyg`otadigan, ham hayratga soladigan xotirjamlik paydo bo`ladi.

Askarlar hayratdan lol qolishdi. Shu lahzada shayx g`azab olovida askarlardan biriga tashlandi, uni erga ag`darib, miltig`ini tortib oldi va zobitni nishonga oldi... Qatorasiga eshitilgan avtomat tovushi tonggi sukunatni buzdi — askarlardan biri o`q uzgandi. Shayx sovuq miltiqni ushlagancha, qaqshab yiqildi... U qurolni ishga solishga behuda uringandi. Axir, uni hech qachon bunga o`rgatishmagan.

O`limning nafasi butun tanaga yoyildi. Nursiz ko`zlar tumanli shafaq qarshisida ochiqligicha qotib qoldi.

Loyda dumalagan tana yopishqoq kafanga burkandi.

G`azabdan titragan zobit to`pponchasini sug`urib olib, shayxning yuziga to`g`riladi. Jasadni oyog`i bilan bosib, unga tupurdi, zobitning yuzida loqaydlik aks etdi.

Yosh askar o`zini tutib tura olmadi — qayt qilib yubordi.

– Hechqisi yo`q, asta-sekin o`rganib ketasan, ertaga sen ham bunday ishlarni bajarasan... Ko`rasan buning qanchalik osonligini...

Ertaga yana boshqa qotil tug`iladi.

Ular ketishdi...

Osmon baayni ularning ketishlarini kutayotgandek, ko`z yoshlarini to`kib yubordi...

Abdul al-MAJID (Jazoir)

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1