AsosiyDunyo

Global iqlim isishi tufayli yirik shaharlarda suv toshqinlari yuzaga kelmoqda

'Global iqlim isishi tufayli yirik shaharlarda suv toshqinlari yuzaga kelmoqda'ning rasmi

Xalqaro tashkilotlarning tarqatgan ma`lumotiga ko`ra, global iqlim isishi tufayli jahon okeanlari sathi yil sayin ko`tarilib bormoqda. Bu esa qit`alardagi yirik-yirik shaharlarda suv toshqinlarining yuzaga kelishiga sabab bo`layotir.

Okean va dengiz sohillaridagi 136 ta shahar suv ostida qolishi mumkinligi haqida ham xavotirlar mavjud. Aynan, suv toshqinlari oqibatida yiliga o`rtacha 6 milliard dollar miqdorida zarar ko`rilmoqda. 2050 yilga borib bu ko`rsatkich 52 milliard dollargacha o`sishi mumkin. AQShning Mayami, Nyu-York va Yangi Orlian shaharlari tabiiy ofat hududlariga kiradi. Bu borada Xitoyning Guanchjou shahri ro`yxatni boshqarib bormoqda. 2050 yilda dunyo okeanlari sathi 20 santimetrga ko`tarilishi natijasida jahon iqtisodiyotiga yiliga 1 trillion dollardan zarar etishi tahmin qilinmoqda. Gaunchjou hisobiga esa yiliga 13,2 milliard dollar, Mumbayga 6,4 milliard, Kalkuttaga esa 3,35 miliard dollar ziyon ko`rishi aytilmoqda. Neva bo`yi sohilidagi Sankt-Peterburg bu 20 talik ro`yxatga kirmagan.

Yana bir ma`lumot, Gollandiyaning Amsterdam shahri dengizdan pastda joylashganligi tufayli aynan suv toshqinidan yiliga 3 million dollardan zarar ko`ryapti. Vetnamning Xoshimin shahrida ham vaziyat yaxshi emas. SINXUA agentligining xabariga ko`ra, Xitoy janubidagi Guandun viloyatida tinimsiz yog`ayotgan yog`ingarchiliklar oqibatida tog` hududidan sel kelmoqda, ko`chkilar ham ko`plab uylarning vayron bo`lishiga sabab bo`lyapti.

Islandiyadagi Katla vulqoning faollashishi tufayli bu orol mamlakatning katta qismi suv ostida qolishi haqida ham gapirilmoqda. Grenlandiya muzliklarining erishi tezlashishi oqibatida Islandiyaning katta qismi xavf ostida qoladi. Moskva davlat universiteti ilmiy xodimi Nikolay Jarvinning fikricha, “mudrab” yotgan vulqonlarning uyg`onishi kuchli sunamilarning yuzaga kelishiga sabab bo`ladi. Bu albatta, Nyu-York, Rio de-Janeyro, Buenos-Ayres, Sankt-Peterburg, Kaliningrad, Murmansk, Arxalgelsk shaharlari aholisini tinchini buzishi aniq.

AQShning sharqiy sohillarida esa yoz faslining oxirlari va kuz faslining boshlarida tropik dovullar kuzatiladi. Bu, birinchi navbatda, suv toshqinlarini yuzaga keltirmoqda. 2005 yili AQSh hududiga “Katrina” dovulining yopirilishi oqibatida Luiziana shtatining Yangi Orlian shahrida 2 mingga yaqin kishi hayotdan ko`z yumdi. “Sendi” dovuli esa o`tgan yili yuzdan ortiq Nyu-Yorklik aholisining o`limiga sabab bo`ldi. Xitoy xalqi doimiy ravishda suv toshqinlari, umuman, tabiiy ofat azoblarini boshdan kechirib keladi. Yanszi daryosi so`nggi 2 ming yil ichida ming marotabadan ortiq o`zanidan chiqib, minglab odamlarni o`z domiga tortdi. 1911 yilning sentyabrida kuchli yog`ingarchiliklardan so`ng 1 ming 800 kvadrat kilometr maydon suv ostida qoldi, 200 mingdan ortiq kishi qurbon bo`lgan. 4 ming 845 kilometr uzunlikdagi Xuanxe yoki bo`lmasa Sariq daryo 1887 yili toshishi oqibatida 2 millionga yaqin kishi o`lgan. 1931 yili 4 million, 1938 yilning iyunida 1 million xitoylik hayotdan bevaqt ko`z yumdi.

Tarixga murojaat qiladigan bo`lsak, o`tgan asrlarda ko`plab yirik suv toshqinlari yuzaga kelganligining guvohi bo`lamiz. Shulardan ayrimlari bilan tanishtirib o`tamiz. 1883 yili Indoneziyadagi Krakatau vulqoni harakatga kelishi natijasida yuz bergan sunamida Yava va Sumatra orollarining 36 ming nafar aholisi, 1887 yili Xitoyning Xenan viloyatida Xuanxe o`zanidan chiqishi natijasida 900 ming nafar, 1916 yili Niderlandiyadagi Shimoliy dengizdan yopirilgan kuchli to`lqinlar oqibatida 10 ming nafar, 1938 yili Xitoy qo`shinlarining militaristlarga qarshi kurashi davrida Xuanxe daryosidagi to`g`on portlatilishi 1 millionga yaqin kishining o`limiga sabab bo`ldi. 1970 yil Bangladeshda yuz bergan suv toshqinida yarim millionga yaqin, 1985 yili esa Braziliyaning shimoliy sharqiy hududlarida kuchli yog`ingarchilik va suv toshqini 1 million kishining uy-joysiz qolishiga olib keldi. 1991 yil Bangladeshda yuz bergan tabiiy ofat 125 ming kishining o`limiga olib keldi.

BMT ma`lumotiga ko`ra, 2008 yilda yuz bergan tabiiy ofatlarda dunyo miqyosida 146 ming kishi qurbon bo`lgan, 2 yarim millionga yaqin kishi boshpanasidan ayrilgan.

Azimjon Po`latov, O`zA

    Boshqa yangiliklar