AsosiyJamiyat

8 hunarmand qizga imtiyozli kredit berildi

'8 hunarmand qizga imtiyozli kredit berildi'ning rasmi

Toshkent viloyati Oqqo`rg`on tumanida "Hunarmand uyushmasi kunlari" tadbiri doirasida bepul o`quv kurslari tashkil etildi. Bu haqda O`zA xabar berdi.

Prezidentimizning 2017 yil 17 noyabrdagi "Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida" va 2018 yil 2 fevraldagi "Xotin-qizlarni qo`llab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida"gi farmonlari ijrosi doirasida “Hunarmand” uyushmasi tomonidan tashkil etilgan o`quvlardan aholi mamnun. 2 oy davom etgan mashg`ulotlarda 30 nafar ishsiz xotin-qiz oddiy metalldan milliy uslubda taqinchoq va esdalik buyumlari yasash sirlarini o`rgandi.

– Hunaring bo`lgani yaxshi-da, – deydi hunarmand M.Mirqayumova. – Bu ish sog`lom bo`lishingni kafolatlaydi. Yana oilaga qo`shimcha daromad keltiradi. Shularni o`ylab, hunari bor ayollarga havasim kelardi, ulardek bo`lishni orzu qilardim. Ming shukr, orzuim amalga oshdi.

7.JPG

O`quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan xotin-qizlarga maxsus sertifikat berildi. 8 nafariga tijorat banklarining imtiyozli kreditlari ajratildi.

– O`quv kurslariga qatnashib ham hunarli bo`ldim, ham tadbirkorligimni boshlash imkoniyati tug`ildi, – deydi G.Yo`ldosheva. – Imtiyozli kredit berishdi. Bozorlarda milliy uslubdagi taqinchoqlarga talab ko`pligi bois, ushbu kredit bilan shu yo`nalishda tadbirkorlikni boshlayman. Faoliyatimni kengaytirib, mahallamiz qizlariga ham ushbu hunar sirlarini o`rgatishni maqsad qildim.

O`quv kursi yakunida bitiruvchilarning hunarmandchilik mahsulotlari ko`rgazmasi namoyish etildi.

    Boshqa yangiliklar