Shu kunlarda Respublika ishchi guruhi Farg`ona viloyati Qo`shtepa tumanidagi mahallarda uyma-uy yurib, ijtimoiy-ma`naviy muhitni o`rganmoqda, aholini yillar davomida qiynab kelayotgan og`riqli muammolarni aniqlab, imkon qadar joyida hal qilishga harakat qilayapti.
Jumladan, mazkur tumanning “Ko`prikboshi” mahallasi hududidagi 18-maktab faoliyati e`tiborimizni tortdi. 1987 yilda qurilgan maktab 700 ta o`ringa mo`ljallangan bo`lib, hozirgi kunda 841 nafar bola ikki smenada tahsil olmoqda. Biroq 2008 yili bir marotaba joriy ta`mirlash ishlari amalga oshirilgan, xolos.
O`rganishlar chog`ida maktab tashqi devorlari ta`mirtalab holatga kelib qolgani, bir qismi temir panjara bilan o`ralgan bo`lsa-da, bir qismi g`isht va paxsa bilan ko`tarilgani, 100 metrdan ortiq joy esa nurab tushgani yoki devorlari umuman mavjud emasligi aniqlandi. Natijada hududga orqa tomondan istagalgan kishi, chorva hayvonlari bemalol kirib-chiqaveradi.
Maktabga yondosh xonadondagi “tadbirkorlar” esa ta`lim dargohi devorga taqab tovuq kataklarini, chorvasi uchun somon ivitadigan, emish tayyorlaydigan oxurini qurib olganki, hay-hay deyilmasa, sinfxonalardan ham o`z “biznes”lari uchun foydalanishdan toyishmaydi.
Sport zalining echinish va kiyinish xonalari torligi sababli mebel jihozlari joylashtirilmagan. Yuvinish xonasi umuman yo`qligi, ventilyasiya tarmog`i ishlamasdan bino ko`rkiga dog` bo`lib turganiga guvoh bo`ldik. Oqibatda qishda sovub, yozda esa haddan tashqari isib ketadi. Sport zaliga kirishdagi katta xonada musiqa xonasi joylashtirilgan. Madaniyat va sport hamisha hamrohu hamfikr, degan g`oya bu nuqtada ustuvorlik kasb etganday tuyuladi.
Maktab oshxonasi garchi ishni tashkil qilishga sharoiti bo`lsa-da, 1987 yildan buyon umuman ishlamasligi oydinlashdi. O`rnida kanselyariya tovarlarini sotish joyi yaratib olingani, uyda qo`lbola tayyorlangan oziq-ovqat mahsulotlari o`quvchilarga sotilayotgani ma`lum bo`ldi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida oshxona yuritish tadbirkorlarga tender asosida berilishi kerak bo`lsa-da, bu ishga panja orasidan qarab kelinmoqda, tender uchun taklif ham berilmagan. Natijada 841 nafar o`g`il-qizning ovqatlanish masalasi, ularning sihat-salomatligiga munosabat ochiq qolmoqda.
Tibbiyot xonasida ichimlik suvi o`rni bo`lsa-da, jumraklar o`tgan asrdan buyon zanglab, buzilib yotibdi. Zarur dori-darmon vositalari etishmaydi. Mutasaddilar ushbu nohush holatni hozir ta`til davri va ta`mirlash ishlari ketayotgani bilan izohlashga urinishdi. O`quv mavsumi nihoyalangani aytilgan bo`lsa-da, bu erda tashkil etilgan yozgi oromgohda qirqqa yaqin bola qatnayotganini nazardan chetga qochirish mumkinmi?!
Maktab stadionini begona o`t bosgan, qarovsiz holatda. Maydoncha chegara chiziqlarini ham anglab bo`lmas darajada. Kesilgan o`tinlar hududda pala-partish joylashtirilgan. 2 ta 10 sotixdan kam bo`lmagan er maydoni 10 yildan buyon umuman foydalanilmasdan, qarorsiz ahvolda yotibdi. Vaholanki, bu erlarni chopib, mevali daraxtlar ekish, maktab kam-ko`sti uchun foydalanish mumkin. Afsuski, ushbu masala ma`murlarning parvoyiga ham kelmagan.
Sobiq “Tir” – o`q otish binosi 1990 yildan buyon omborxona vazifasini o`tamoqda. Ichiga har xil ashqol-dashqollar qalab tashlangan, tashqi ko`rinishi maymunlar ham yig`lagulik holatda. Mavjud 6 ta kichik qozonxonadan 2 tasi ishlamaydi, maktab yonidagi zovur axlat bilan to`lib yotibdi.
Maktab kutubxonasida badiiy kitoblar etishmaydi. Bu erga oxirgi martda 2017 yil 30 sentyabrda 221 dona kitob keltirilgan.
Informatika o`qituvchisi Bahodir Yusufjonovning aytishicha, informatika xonasida internetni ishlatish uchun o`z yonidan “USB” qurilmasiga har oyda 60 ming so`m pul to`lab, dars mashg`ulotlarini o`tmoqda. Vaholanki, har bir maktab uchun viloyat xalq ta`limi boshqarmasidan yillik smeta asosida mablag`lar ajratilmoqda. Bu pullar qaysi operatorga tashlanayapti, kim uning ijroga mas`ul degan savol ochiq qoldi. Internet bo`lmagach, kompmyuter darslarining ham samaradorligi bo`lmaydi.
Hududdagi talabga javob bermaydigan 3 ta eski simyog`ochni temir beton tayanchlariga almashtirish zarur. Simlar xalqasimon shaklda osilib qolgan. Bu erda kichik transformator joylashgani bois aholi ham o`z ehtiyojiga moslab, sim liniyalarini xonadoniga tortib ketavergan.
Maktab katta yo`l yoqasida joylashgan bo`lsa-da, yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash xodimlari tomonidan tezlikni pasaytiruvchi belgilar qo`yilmagan. Maktab direktori Tavakkaljon Toshmatov bu haqda yo`l harakati xavfsizligi hodimlariga murojaat qilmagan. Oqibatda katta tezlik bilan harakatlanayotgan ulovlar bolajonlar hayotiga jiddiy xavf solmoqda.
Ishchi guruhi o`rganishlaridan keyin maktab hududidagi chiqindilar to`liq chiqarib tashlandi, hojatxona ta`mirlandi hamda ariqlar tozalandi. Maktab kutubxonasini qo`shimcha badiiy adabiyotlar bilan to`ldirish, maktab atrofidagi o`tinlarni va mavjud omborxonani tozalash, qo`lbola usulda oziq-ovqat mahsulotlarini va kanselariya tovarlarini sotishga chek qo`yish, o`quv sinfxonalaridagi ayrim buzilgan o`rindiqlarni ta`mirlash, maktab stadionidagi o`tlarni tozalash, chegara chiziqlarini chizish, tibbiyot xonasini zarur dori-darmonlar bilan ta`minlash, maktab atrofining ochiq qolgan joylarini devor bilan o`rash, mavjudlarini ta`mirlash, yong`in xavfsizligi uchun mo`ljallangan hovuzda quvur jumraklarini ishlatish choralari ko`rildi.
Qo`shni xonadonlar tomonidan qurilgan noqonuniy tovuq kataklari va oxurlar buzib tashlandi, shox ko`chada piyodalar o`tish chizig`i bo`yaldi. Aniqlangan boshqa kamchiliklarni hal qilish “Yo`l xaritasi”ga kiritildi.
Laziz Rahmatov, O`zA