Davlatimiz rahbarining 2017 yil 30 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini yanada joriy etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bilan tasdiqlangan 2017-2020 yillarda sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish dasturi asosida fuqarolik ishlari bo`yicha sudlar faoliyati uchun joriy etilgan E-SUD – milliy elektron sudlov axborot tizimiga salkam 400 ming murojaat kelib tushgan. Bu haqda O`zA xabar bermoqda.
«E-SUDga joriy yilning o`tgan davrida 388 mingga yaqin murojaat kelib tushdi. Shundan 227 ming 593 tasi sud buyrug`i berish to`g`risidagi ariza, 160 mingdan ziyodi esa da`vo tartibida hal qilinadigan arizalardir», – deydi O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili Aziz Obidov.
Elektron shaklda kelib tushgan da`vo arizalari va arizalar quyidagi toifalardan iborat: nikohdan ajratish – 25,6 foiz, yuridik ahamiyatga ega bo`lgan faktlarni tasdiqlash – 8,07 foiz, shaxsning huquqni vujudga keltiruvchi hujjatda ismi mos kelmasa, hujjatning unga tegishliligi, tegishli emasligi faktini belgilash – 7,1 foiz, qarzni undirish – 5,8 foiz va oilaviy munosabatlar bilan bog`liq boshqa nizolar – 5,1 foiz.
Sudlarga E-SUD tizimi orqali kelib tushgan arizalar va da`vo arizalarining o`rtacha 20 foizi ayol foydalanuvchilar tomonidan berilgan.
Shuningdek, sudlarga elektron tarzda murojaat qilayotgan advokatlar soni ham ortib bormoqda. Xususan, bugungi kunda E-SUD tizimidan 379 nafar advokat ro`yxatdan o`tgan bo`lib, ular tomonidan shu yil boshidan buyon fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarga jami 8 mingga yaqin elektron ariza topshirilgan.






