AsosiyShou-biznes

Rametovga «Derin Denis» qo`shiqning muallifidan rozilik olish shartligi uqtirildi

'Rametovga «Derin Denis» qo`shiqning muallifidan rozilik olish shartligi uqtirildi'ning rasmi

Joriy yilning 21 iyun kuni «O`zbekkonsert» davlat muassasasi qoshidagi qo`shiqlar va ularga ishlangan videokliplar saviyasini baholash Badiiy kengashining navbatdagi yig`ilishi bo`lib o`tdi. Bu xaqda «O`zbekkonsert» DM axborot xizmati xabar berdi.

Kengashda 7 nafar xonanda tomonidan taqdim etilgan videokliplar ko`rib chiqildi.

Qayd etilishicha, xonanda Aziz Rametov ijro etgan «Derin Denis» deb (turk tilida) nomlangan qo`shig`ining musiqasi atroflicha muhokama etilib, A.Rametov aynan uni turk tilida ijro etgani uchun qo`shiqning muallifidan rozilik olish shartligi uqtirildi. Unga ishlangan videoklipdagi tasvirlarda milliy mentalitetimizga mos bo`lmagan xatti-harakatlar, beo`xshov va bexayo qiliqlar, ma`naviyatimizga zid holatlarning tasviri, ommaviy madaniyat targ`ibotining kuchliligi, yoshlarning ongini zaharlovchi g`oyalar ilgari surilgani bois bir ovozdan ushbu klip rad etildi. Xonanda A.Rametovga ushbu qo`shiq uchun muallifdan ruxsat va qaytadan klip olish tavsiya etildi.

Xonanda Husan Tojimirzaev ijro etgan «Layli» qo`shig`iga ishlangan videoklip boshlanishida dialogida so`zlarning nojoiz ishlatilgani aytib o`tildi va ko`rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etilganidan so`ng, Kengashga qayta taqdim etilishi ta`kidlandi.

Xonanda Xudoyor Alimov tomonidan «Ishq» deb nomlangan videoklipning she`r matni, ijrosi va musiqasi jihatidan talabga javob berishi, klipda badiiy yaxlitlik o`z ifodasini topgani bois efirga uzatishga tavsiya berildi.

Xonanda Sabina Mamatqulova ijro etgan «Orzu» qo`shiq matni she`riyat talablariga mutlaqo javob bermasligi, klip mazmuni bilan qo`shiq mazmunida uyg`unlik yo`qligi tufayli bu videoklip ham Kengash a`zolari tomonidan rad etildi.

Xonanda Abror Azizov kuylagan «Do`st» qo`shig`iga ishlangan videoklipdagi tasvirlar nihoyatda g`aliz va beo`xshov, qo`shiq matniga tasvir vositalarining zidligi, qolaversa, klipdagi dialoglar bachkana so`zlardan iboratligi bois rad etildi.

Xonanda Navro`z Sobirov ijro etgan «Botti-botti» ko`shig`i matni jihatidan juda g`arib va sayozligi, qo`shiqda G`arbga taqlid kuchli ekanligi, milliylikdan uzoq, qadriyatlarimizga mutlaqo zid tasvirlar mavjudligi e`tirof etilib, ushbu videoklip ham rad etildi.

Shu o`rinda, Kengash a`zolari tomonidan Muassasa mas`ullariga klipmeykerlar faoliyatini tanqidiy o`rganib, tegishli idoralar bilan qayta ko`rib chiqish, klipmeykerlar tomonidan xonandalarga qo`shiqlar va ularga ishlangan videokliplardagi qo`shiq matni, musiqasi, videoklip dasturi (ssenariysi)ning g`oyaviy-badiiy darajasiga alohida e`tibor qaratishini, shuningdek, odob-axloq qoidalariga, sahna madaniyati va tashqi ko`rinish madaniyatiga zid bo`lgan xatti-harakatlar qilishi hamda ma`naviyatga salbiy ta`sir ko`rsatuvchi, tomoshabinlarning his-tuyg`ularini haqorat qiluvchi holatlarning oldini olishga e`tibor qaratishi lozimligi ta`kidlandi.

    Boshqa yangiliklar