AsosiyJamiyat

IIVning yangi maktab-internatiga 80% harbiy xizmatchi xodimlarning farzandlari qabul qilinadi

'IIVning yangi maktab-internatiga 80% harbiy xizmatchi xodimlarning farzandlari qabul qilinadi'ning rasmi

Vazirlar Mahkamasining 19.06.2018 yildagi 459-son “O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining ixtisoslashtirilgan maktab-internati faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori e`lon qilindi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.

Qaror bilan IIV huzuridagi Harbiylashtirilgan maxsus maktab-internat negizida IIVning Ixtisoslashtirilgan maktab-internati tashkil etiladigan bo`ldi.

Yangi muassasaning vazifalari:

  • ichki ishlar organlarining, birinchi navbatda xizmat majburiyatlarini bajarish chog`ida halok bo`lgan, shuningdek xizmatni o`tash davomida olgan yaradorligi, kontuziyasi, kasalligi va jarohatlanganligi oqibatida nogironlikka uchragan yoki vafot etgan harbiy xizmatchilarning farzandlariga ta`lim-tarbiya berish;
  • o`quvchilarni sifatli o`qitishni tashkil etish, ularning IIV akademik liseylari va harbiy akademik liseylarda o`qishni davom ettirishlari uchun zarur chuqurlashtirilgan nazariy va kasbiy bilim berish;
  • ta`lim jarayoniga milliy qadriyatlar, tarixda ajdodlarimiz ko`rsatgan jasorat va bugungi kundagi Qurolli Kuchlarning qahramonlik an`analari asosida o`quvchilarni tarbiyalashning samarali shakllari va usullarini joriy etishdan iborat.

Maktab-internatga qabul qilish kvotalari

Muassasada o`qish uchun maktabning 4-sinfini tamomlagan o`g`il bolalar tanlov asosida qabul qilinadi. Maktab-internatga har yili 50 nafar o`quvchi qabul qilinadi. Ularning:

  • 80%i – harbiy xizmatchi xodimlar;
  • 20%i – boshqa fuqarolar farzandlaridan iborat bo`ladi.

IIV va Moliya vazirligi mavjud ehtiyojdan kelib chiqqan holda qabul kvotasiga o`zgartirishlar kiritishi mumkin.

O`qishga tanlovsiz qabul qilinadiganlar:

  • jamoat tartibini saqlash;
  • jangovar harakatlar;
  • terrorchilikka qarshi operasiyalar o`tkazish;
  • favqulodda holat tartibini huquqiy ta`minlash va ularning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan vaqtda halok bo`lgan harbiy xizmatchi xodimlarning farzandlari.

Maktab o`quvchilari 5-sinfdan 9-sinfgacha belgilangan umumta`lim dasturlari asosida, sanitariya qoidalari, normalari va gigiena normativlariga muvofiq o`qish va yashash uchun zarur shart-sharoitlar, tibbiy xizmat bilan bepul ta`minlangan holda doimiy yashab ta`lim oladilar.

Uning bitiruvchilari qonun hujjatlarida belgilangan talab va imtiyozlar asosida IIVning akademik liseylariga o`qishga qabul qilinadi.

IIVning akademik liseylariga o`qishga kirish bo`yicha belgilangan talablarga javob bermaydigan yoki ularda o`qishni davom etgirish istagini bildirmagan bitiruvchilar doimiy yashash manzilida joylashgan maktablarning 10-sinflarida o`qishni davom ettirishi yoki boshqa liseylarga o`qishga kirishi mumkin.

Maktab-internat Toshkent shahar, Uchtepa tumani, M. Shayxzoda ko`chasi, 64-uy manzilida joylashgan IIVning 1-son Toshkent akademik liseyi binosiga joylashtiriladi. Ushbu akademik liseyga Mirzo Ulug`bek tumanidagi politexnika kasb-hunar kollejining bino, inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi. Bunda Mirzo Ulug`bek tumani politexnika kasb-hunar kollejiga o`tgan yili qabul qilingan o`quvchilar shu binoda o`qishni tamomlaydilar va ularga diplomlar belgilangan tartibda beriladi.

Mazkur maktab ochilishi munosabati bilan IIVga tegishli vazirliklar va idoralar bilan birgalikda quyidagi vazifalarni bajarish topshirildi:

  • maktab-internatning ustavini tasdiqlash;
  • o`quv rejalari va dasturlarini ishlab chiqish;
  • o`quvchilarni qabul qilish va hujjatlarini rasmiylashtirish, tibbiy ko`rikdan o`tkazish hamda o`qishini ko`chirish qoidalarini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish;
  • xodimlarning shtat jadvalini tasdiqlash;
  • o`quvchilarni oziq-ovqat, kiyim-kechak, poyabzal, yumshoq anjomlar va boshqa zarur buyumlar bilan ta`minlash.

Maktab-internatni saqlash xarajatlari Davlat byudjeti mablag`lari va taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga qoplanadi.

    Boshqa yangiliklar