Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 16 noyabrdagi "Respublika oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarini o`tkazish tartibini takomillashtirish to`g`risida"gi qarori bo`yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning borishiga bag`ishlangan matbuot anjumani bo`lib o`tdi.
Ta`kidlanganidek, mazkur qaror asosida oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirish uchun o`tkaziladigan test sinovlarida tub o`zgarishlar bo`lmoqda.
Test sinovlari o`tkazilishi belgilangan bino va ularning hududlarini jihozlash bo`yicha qo`yiladigan talablar tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishildi. Bu borada Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan test sinovlari o`tkaziladigan binolar tanlab olindi. Hozir ularni test sinovlariga tayyorlash ishlari bajarilmoqda.
Test sinovlari jarayonining ochiq va xolis o`tkazilishini ta`minlash maqsadida tanlangan binolarga shaxsni identifikasiyalash vositalari, videosifikasiya qurilmalari, video kameralarni va abiturientlarning ota-onalari kutish joylariga monitorlar o`rnatish belgilandi.
Oliy va o`rta maxsus va Xalq ta`limi vazirliklari hamkorlikda 2018/2019 o`quv yilida oliy ta`lim dargohlarining bakalavriatiga o`qishga qabul qilish uchun test sinovlari jarayonida guruh nazoratchilari sifatida jalb etilishi belgilangan 8330 pedagog xodimlarning ma`lumotlar bazasi shakllantirildi.
Shaxsni identifikasiyalash vositalari, videosifikasiya qurilmalari, metallodetektorlar, test sinovlari jarayonini yoritish monitorlarining texnik imkoniyatlari sinovdan o`tkazildi.
Test sinovlari materiallarini o`z vaqtida belgilangan hududlarga etkazilishi va olib kelinishini ta`minlash yuzasidan reja jadvali ishlab chiqildi va kelishilgan holda tasdiqlandi.
Test sinovlari jarayonining nazoratini amalga oshiruvchi mas`ul shaxslarning bilim, ko`nikma va malakasini shakllantiruvchi o`quv dasturi ishlab chiqildi va joriy yil 25 apreldan 7 mayga qadar joylarda test sinovlari jarayonida ishtirok etadigan soha vakillari, bino rahbarlari va guruh nazoratchilari uchun seminar-treninglar o`tkazildi.
Matbuot anjumanida jurnalistlarning test sinovlari bilan bog`liq savollariga batafsil javob berildi.






