AsosiyJamiyat

O`zbekistonda yoshlarga qanday imtiyozlar berilgan?

'O`zbekistonda yoshlarga qanday imtiyozlar berilgan?'ning rasmi

Bugun yurtimizda “Yoshlar kuni” keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan Adliya vazirligi “Huquqiy axborot” kanali orqali yoshlarga berilgan ayrim imtiyozlar bilan tanishtirib o`tdi.

Soliq kodeksiga muvofiq, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari kollejni tamomlagandan keyin o`n ikki oy ichida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro`yxatidan o`tgan taqdirda qat`iy belgilangan soliqni to`lashdan olti oy muddatga ozod etiladi.

Mehnat kodeksiga muvofiq davlat o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarini tamomlagan yoshlarga ishga joylashishda qo`shimcha kafolatlarni belgilaydi.

Xususan belgilangan minimal ish joylari hisobidan ish joylariga ishga joylashtirish tartibida mahalliy mehnat organi va boshqa organlar tomonidan yuborilgan, o`n sakkiz yoshga to`lmagan shaxslarni ish beruvchi ishga qabul qilishi shart.

O`n sakkiz yoshga to`lmagan xodimlar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilishga, mehnat shartnomasini bekor qilishning umumiy tartibiga rioya qilishdan tashqari, mahalliy mehnat organining roziligi bilan yo`l qo`yiladi.

O`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarining, shuningdek davlat grantlari bo`yicha ta`lim olgan oliy o`quv yurtlarining tegishli ta`lim muassasasini tamomlagan kundan e`tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirgan bitiruvchilari bilan mehnat shartnomasi u tuzilgan kundan e`tiboran uch yillik muddat o`tguniga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko`ra bekor qilinganida ish beruvchi bu haqda mahalliy mehnat organini xabardor qilishi shart.

Shuningdek Mehnat kodeksiga muvofiq, o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarining hamda oliy o`quv yurtlarining tegishli ta`lim muassasasini tamomlagan kundan e`tiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilari ishga qabul qilinganda, dastlabki sinov muddati belgilanmaydi.

Qonunchilikkka muvofiq yosh oilalar uchun ipoteka kreditlari bo`yicha quyidagi shakldagi to`lovlar nazarda tutilgan qo`shimcha imtiyozlar berilgan:

  • ipoteka kreditlarini olgan yosh oilalarning kreditni to`lash muddati davomida keyinchalik uni qaytarish sharti bilan O`zbekiston yoshlar ittifoqi mablag`lari hisobidan uy-joy sotib olish uchun dastlabki badallarni to`lash;
  • ipoteka krediti bo`yicha birinchi besh yil nihoyasiga etgandan keyingi butun muddat uchun hisoblanadigan foizlarning O`zbekiston yoshlar ittifoqi mablag`lari hisobidan Markaziy bankining qayta moliyalashtirish stavkasining 50 foizi miqdorida to`lash.

Soliq kodeksiga asosan yuridik shaxslarning soliq solinadigan foydasi yosh oilalar toifasiga kiruvchi xodimlarga ipoteka kreditlari badallari to`lashga va (yoki) mulk sifatida uy-joy olishga tekin yo`naltiriladigan mablag`lar summasiga (biroq soliq solinadigan bazaning 10 foizidan oshmagan miqdorda) kamaytiriladi.

Bundan tashqari yosh oila a`zolari tomonidan yakka tartibda uy-joyni qurish, rekonstruksiya qilish va sotib olish uchun yoki ko`p kvartirali uydagi kvartirani rekonstruksiya qilish va sotib olish uchun olingan ipoteka kreditlarini hamda ular bo`yicha hisoblangan foizlarni qoplash uchun yo`naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari summalariga daromad solig`i solinmaydi.

Yoshlar tadbirkorlik klasterlari to`g`risidagi nizomga muvofiq esa yosh tadbirkorlarga ishlab chiqarish maydonlari taqdim etiladi. Mazkur klasterlarda ishlab chiqarish maydonlari klasterning kommunal va boshqa foydalanish xarajatlarini qoplash sharti bilan ijara haqining «nol»stavkasi bo`yicha beriladi.

To`lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar o`qishi uchun to`lanadigan yillik to`lov-kontrakt miqdorining 35 foizi Yoshlar ittifoqi tomonidan to`lab berilishi mumkin. Buning uchun uning o`rtacha o`zlashtirish ko`rsatkichi 86 foiz va undan yuqori bo`lishi lozim.

    Boshqa yangiliklar