Prezident 28.06.2018 yilda «Ipak yo`li» turizm xalqaro universitetini tashkil etish to`g`risida»gi qarorni imzoladi, deb yozmoqda Norma.
Quyidagilar universitet faoliyatining asosiy yo`nalishlari etib belgilandi:
- zamonaviy innovasion va ilmiy-pedagogik texnologiyalarni, fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini qo`llagan holda, turizm sohasida yuqori malakali professional kadrlarni milliy va xalqaro ta`lim standartlariga muvofiq sifatli tayyorlashni ta`minlash;
- ta`limning tegishli yo`nalishlari va mutaxassisliklari bo`yicha o`quv-metodik adabiyotlarni yaratish, yosh talabalar va mutaxassislarni jalb qilgan holda fundamental va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, turizm sohasida ta`lim tizimiga etakchi xorijiy ta`lim muassasalari tajribasini joriy qilish;
- turizm sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va modernizasiya qilishga qaratilgan yangi ta`lim dasturlarini hamda o`qitishning innovasion shakllarini ishlab chiqish va joriy etish;
- istiqbolli yosh bitiruvchilarni chet el oliy ta`lim muassasalariga va ilmiy-tadqiqot markazlariga magistratura hamda doktoranturada o`qishga muntazam ravishda yuborish orqali Universitetning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirish, pedagogik texnologiyalar va o`qitish uslublarini faol takomillashtirish;
- ta`lim va ilmiy faoliyatning ishlab chiqarish faoliyati bilan uzviy integrasiyalashuvi uchun shart-sharoitlar yaratish;
- turizm sohasi sub`ektlari mutaxassislarini qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etish;
- turistik faoliyatni va turizm sohasida yo`lovchilarni tashish faoliyatini amalga oshirish;
- etakchi respublika va xorijiy ta`lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni, jumladan, ularning mutaxassis hamda ekspertlarini o`qitish va ilmiy tadqiqotlar o`tkazish jarayonlariga jalb qilish orqali rivojlantirish, turizm sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish bo`yicha xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalar, seminarlar va simpoziumlar tashkil etish.
O`qitishning kredit tizimi qo`llaniladi
Universitetda 2019/2020 o`quv yilidan boshlab o`qitishning kredit tizimi qo`llaniladi.
O`qish o`zbek, rus va ingliz tillarida olib boriladi. Bakalavriatda ikkita chet tili:
- birinchisi – ingliz (fransuz, nemis) tili;
- ikkinchisi – Shanxay hamkorlik tashkilotining (ShHT) rasmiy tillaridan biri, ya`ni rus, xitoy tili o`qitiladi.
Bitiruvchilarga oliy ta`lim to`g`risidagi hujjat deb e`tirof etiladigan, belgilangan namunadagi diplom beriladi.
Sirtqi va kechki bo`limlar bo`ladi
2018/2019 o`quv yilida bakalavriatga qabul qilish kvotasi 125 kishi, shu jumladan davlat grantlariga ko`ra 42 kishi etib tasdiqlandi.
Kadrlar buyurtmachilari, talabalar uchun Universitetni tamomlagandan keyin 5 yil davomida kadrlar buyurtmachisi tomonidan belgilangan tashkilotlarda mehnat faoliyatini amalga oshirish majburiyatlarini o`rnatgan holda, ular va talabalar o`rtasida shartnoma tuzish orqali talabalar kontraktining bazaviy qiymati to`lovini amalga oshirish huquqiga ega.
2018/2019 o`quv yilida abiturientlarni qabul qilish O`zbekiston ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish bo`yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi. Abiturientlarni, chet el fuqarolari bundan mustasno, bakalavriatga qabul qilish test sinovlarini o`tkazish orqali amalga oshiriladi. Chet el fuqarolari bakalavriatga belgilangan qabul kvotasidan tashqari suhbat o`tkazish orqali to`lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.
2019/2020 o`quv yilidan boshlab Universitetga talabalarni bakalavriat ta`lim yo`nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo`yicha qabul qilish kvotalari soni turizm sohasida mehnat resurslariga bo`lgan talab prognozidan va ShHTga a`zo davlatlarning maqsadli buyurtmalaridan kelib chiqqan holda, Universitetning Vasiylik kengashi tomonidan belgilanadi.
Shuningdek 2019/2020 o`quv yilidan boshlab ilg`or, e`tirof etilgan xalqaro imtihon tizimlari (TOEFL, IELTS, CEFR, SAT General, SAT Subject va boshqalar) sertifikatlariga ega bo`lgan abiturientlarga tegishli fanlardan belgilangan tartibda eng yuqori ball beriladi va kelgusida ular ushbu fanlar bo`yicha test sinovlaridan ozod qilinadi.
Universitet Ta`lim muassasalariga qabul qilish bo`yicha davlat komissiyasi bilan kelishgan holda sirtqi va kechki bo`limlarni tashkil etish huquqiga ega bo`ldi.
Turizmni rivojlantirishda amaliy ko`mak
Universitet tuzilmasida quyidagilar tashkil etiladi:
- Turizm sohasida innovasiyalar markazi, u turizmni rivojlantirishning dolzarb muammolarini o`rganish va tadqiq qilish, shuningdek, ularni hal qilishning innovasion yo`llarini ishlab chiqish, turizm sohasida startaplarni qo`llab-quvvatlashning to`liq siklini tashkil etish bo`yicha loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish bilan shug`ullanadi;
- Turizm sohasida axborot texnologiyalari markazi. U raqamli turizmni rivojlantirishga ko`maklashish va ushbu yo`nalishda zamonaviy dasturiy ta`minotni ishlab chiqish uchun mas`ul hisoblanadi.
Universitet Samarqand shahri, Universitet shohko`chasi, 17-uy manzilida (Samarqand davlat chet tillar instituti akademik liseyining binosida) joylashadi.